Jahon | 00:05 / 26.10.2017
6901
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda fuqarolarning ovozlari namunalari nima maqsadda yig‘ila boshlandi?

Foto: EAST NEWS

Human Rights Watch huquqni himoya qilish tashkiloti Xitoyda fuqarolar ovozlari namunalari yig‘ilayotgani haqidagi ma'lumotlarni oldi. Bu ovoz namunalari politsiyada  fuqarolarning uy manzillari kabi qolgan shaxsiy ma'lumotlari bilan birgalikda saqlanadi.

Human Rights Watch tomondan yig‘ilgan politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, Xitoyda muayyan odamlarning ovoz namunalari yig‘ilmoqda. Tashkilotning fikricha, bu Xitoyning "katta ko‘lamli biometrik ma'lumotlar bazasini yaratish dasturining bir qismi hisoblanadi. Bu ma'lumotlar bazasida fuqarolarning barmoq izlari, ko‘z pardasi va hattoki qanday qadam tashlashi kabi ma'lumotlar saqlanadi.

Ovozlar milliy bazasini yaratish 2012 yilda boshlangan. Sinov hududi sifatida Anxoy viloyati tanlangan. Bu yerda ovozlarni tanish tizimlariga ixtisoslashgan iFlytek kompaniyasi joylashgan. 3 yil ichida viloyatda 70 mingta ovoz namunalari to‘plami yig‘ilgan. 

Human Rights Watch’da ta'kidlanishicha, Xitoy hukumati nima uchun bunday qadamga borganining aniq rasmiy izohi yo‘q. Ta'kidlanishicha, politsiya ovozlar bazasidan jinoyatlarni tergov qilishda foydalanadi, biroq huquqni himoya qilish tashkilotida hukumat ovoz namunalarini oddiy odamlardan, misol uchun, boshqa shaharga ko‘chib o‘tganlar va ba'zi viloyatlar aholisidan yig‘ayotgani haqida ham ma'lumotlar mavjud. 

Avvalroq Xitoy politsiyasi fuqarolarning DNKlarini milliy biometrik bazani yaratish uchun yig‘ayotgani ma'lum qilingandi. Hozirda bu bazada 40 mln kishi, jumladan, muhojirlar, dissidentlar va musulmon uyg‘urlarning DNK namunalari bor.

Biroq biometrik ma'lumotlar nafaqat Xitoyda yig‘iladi. Human Rights Watch ma'lumotlariga ko‘ra, 125 mln amerikalikning yuz qiyofasi ma'lumotlar bazasida saqlanadi hamda mahalliy va federal huquq-tartibot idoralari tomondan foydalaniladi.

Avvalroq Xitoy kompartiyasi 2020 yilgacha fuqarolarning siyosiy maqbulligini baholash tizimini ishga tushirishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgandi. Vijdonlilik va partiya rejasiga amal qilish uchun ballar berib boriladi. Yo‘l harakati xavfsizligi qoidabuzarligi yoki internetda shikoyatlarni joylashtirish, aksincha, reytingni pasaytirishi mumkin. Reyting qanchalik past bo‘lsa, shu inson ko‘proq kuzatiladi va kamroq imtiyozga ega bo‘ladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid