Jahon | 15:00 / 27.10.2017
41439
3 daqiqa o‘qiladi

Osiyo milliarderlar soni bo‘yicha tarixda birinchi marta AQShni ortda qoldirdi

Foto: Fotolia

2016 yilda dunyodagi dollar milliarderlari soni 10 foizga, ularning umumiy davlati esa – 17 foizga o‘sdi. Bu haqda UBS va PwC ekspertlari tomonidan tayyorlangan Billionaires Report 2017 hisobotida aytiladi.

Hisobot mualliflarining baholashicha, dunyoning 1542 (bir yil oldin 1397 edi) milliarderining umumiy kapitali 6 trillion dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilgi natijadan 892 milliard dollarga ko‘proq.

Hisobotga ko‘ra, 2016 yil yakunlari bo‘yicha Osiyo mamlakatlari vakillari bo‘lgan milliarderlar soni tarixda birinchi marta AQSh milliarderlari miqdoridan oshib ketgan. UBS/PwC ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Osiyoda yangi milliarderlar har ikki kunda paydo bo‘lgan, natijada ularning soni bir yilda 23 foizga oshgan (520dan 637gacha). AQSh esa bu ko‘rsatkich faqat 5%ni tashkil qildi (538dan 563gacha).

2016 yilda milliarderlar sonining ko‘payishiga Xitoy kattagina hissa qo‘shdi, bu yerda ularning soni birdaniga 67 kishiga oshdi (318 nafargacha). Hindistonda 2016 yilda 16 milliarder paydo bo‘ldi, shu orqali bu davlatdagi ularning umumiy soni yuzga yetdi.

Osiyo mahalliy milliarderlar umumiy boyligining oshishi bilan ham 2016 yilda eng yuqori o‘sish sur'atini qayd etdi. Yil davomida u birdaniga 31 foizga ko‘paydi. AQSh va Yevropada esa mos ravishda – 15 hamda 5 foiz. Shunga qaramasdan, AQSh bu yerda yashovchi super boylarning umumiy kapitali bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. 2016 yil yakunlariga ko‘ra u, UBS/PwC baholashicha, 2,753 trln. dollarni tashkil qilgan (Osiyo va Yevropada – 1,965 trln. hamda 1,319 trln.) 

Hisobotda aytilishicha, 2016 yilda milliarderlarning o‘rtacha yoshi 63 yilni tashkil qilgan. Shu bilan birga, osiyolik (59 yosh) va ayniqsa xitoylik (55 yosh) boylar AQSh (67 yosh) hamda Yevropadagi (66 yosh) raqobatchilaridan ancha yoshroq. UBS/PwC hisob-kitoblariga ko‘ra, Osiyoda AQShdan 6 va Yevropadan 7 yil oldinroq milliarderga aylanishmoqda.

Hisobot mualliflari ta'kidlashlaricha, dunyodagi milliarderlar umumiy davlatining qariyb 39 foizi hozirda 70 va undan yuqori yoshda bo‘lgan insonlarga tegishli. Ekspertlarning fikricha, yaqin 20 yil ichida keksayib borayotgan milliarderlar qariyb 2,4 trln. AQSh dollarini meros qilib qoldiradi yoki xayriyaga beradilar. Shu bilan birga, Yevropada 70 yoshdan katta milliarderlarning ulushi eng yuqori (taxminan 53%), Osiyoda esa milliarderlarning 81% hali bu yoshga yetmagan.

Mavzuga oid