O‘zbekiston | 16:15 / 28.10.2017
24282
2 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev yangi yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi

Foto: President.uz/Arxiv

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Kichik xalqa yo‘li va Farg‘ona yo‘li ko‘chalari kesishgan joyda qurilgan yo‘l o‘tkazgichni borib ko‘rdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Ilgari poytaxt markazidan Farg‘ona yo‘liga chiqish yoki aksincha bu yo‘ldan markazga kelish uchun transport vositalari ortiqcha bir necha kilometr yurishga majbur bo‘lardi. Davlat rahbari 25 mart kuni bu yerda bo‘lib, yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish va uning bir qismini yangidan qurish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Yaqinda ushbu ko‘prikning foydalanishga topshirilgani haydovchilarga katta qulaylik yaratdi, harakat xavfsizligini ta'minladi. 

Yo‘l o‘tkazgichning eni 30, uzunligi 346 metr bo‘lgan qismi rekonstruksiya qilindi. Eni 22, uzunligi 281 metr bo‘lgan qismi yangidan barpo etildi. Ikki tomonida piyodalar yo‘lakchalari qurildi. 

Prezident ushbu yo‘l o‘tkazgich odamlarga qanchalik manzur bo‘lgani, transport harakati va xavfsizligiga qanday ta'sir ko‘rsatgani bilan qiziqdi. Bunday ko‘priklarni poytaxtning boshqa joylarida ham qurish, bunda avvalo, xavfsizlik talablariga rioya etish zarurligini ta'kidladi. Ko‘prik atrofini obodonlashtirish, poytaxt qiyofasiga mos zamonaviy binolar qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutida ko‘priksozlik bo‘yicha kadrlar tayyorlash masalasiga e'tibor qaratildi. 

Mavzuga oid