Ispaniya bosh vaziri: Kataloniyaliklar mintaqaviy saylovlarda erkin fikr bildirishlari mumkin
21 dekabrdan, ya'ni Ispaniya hukumati qarori bilan mintaqada muddatidan avvalgi parlament saylovlari bo‘lib o‘tadigan kundan Kataloniya aholisi erkin fikr bildirishi mumkin. Bu haqida yakshanba kuni Piriney qirolligi bosh vaziri Mariano Raxoy ma'lum qildi.
Hukumat rahbari Twitter'da Ispaniya birligini qo‘llab-quvvatlash namoyishi suratlari bilan bo‘lishdi. "Qonun doirasida kelishuv, birgalikda yashash, ehtiyotkorlik, demokratiya va muloqot, - deb yozdi Raxoy. - Barchamiz - Kataloniyamiz. 21 dekabrda kataloniyaliklar erkin va kafolatli fikr bildirishadi", - qo‘shimcha qildi bosh vazir.
Juma kuni mintaqa parlamenti mustaqil respublika deb e'lon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani tasdiqladi. Senat, o‘z navbatida, konstitutsiyaning bundan oldin hech qo‘llanmagan 155-moddasini amalga oshirishga doir so‘rovini ma'qulladi. U Kataloniyaning o‘z-o‘zini boshqarishini cheklash imkonini beradi.
Shundan so‘ng Raxoy Kataloniya rahbari Karles Puchdemon va uning hukumati a'zolarini lavozimlaridan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganini ma'lum qildi. Bundan tashqari, bosh vazir Kataloniya parlamentini tarqatib yubordi va 21 dekabrni avtonom hamjamiyatda saylovlar kuni deb belgiladi.
1 oktabr kuni mintaqada qirollik tarkibidan chiqishga doir ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Unda ovoz berish huquqiga ega 5.31 million kataloniyalikdan 2.28 millioni ishtirok etib, 90.18 foiz ishtirokchi mustaqillik uchun ovoz berdi. Madrid bu referendumni noqonuniy deb hisoblab, uning natijalarini tan olishdan bosh tortmoqda.
Mavzuga oid
15:10 / 10.08.2024
Kataloniya separatistlari yetakchisi Puchdemon Ispaniyani tark etdi
11:03 / 09.08.2024
Kataloniya separatistlari yetakchisi Puchdemon Ispaniyaga qaytdi
07:10 / 09.08.2024
Kataloniyani Ispaniyadan ajralib chiqishga qarshi bo‘lgan siyosatchi boshqaradi
10:40 / 22.06.2024