Jahon | 09:25 / 30.10.2017
46723
2 daqiqa o‘qiladi

MRBning hujjatlari Hitlerning urushdan keyin tirik qolganiga ishora qilmoqda

Arxiv foto

Bir necha kun avval Markaziy razvedka boshqarmasining oshkor qilingan hujjatlari natsistlar yetakchisi Adolf Hitler 1945 yilda o‘z joniga qasd qilmagani, balki Lotin Amerikasiga qochgan bo‘lishi mumkinligini qisman isbotlamoqda.

AQSh razvedkasining ayg‘oqchilaridan biri 1955 yilda sobiq natsist Filipp Sitroyen go‘yoki Ikkinchi jahon urushi yakunlangandan keyin Kolumbiyada Shrittelmayyer familiyasi ostida yashiringan Hitler bilan uchrashganini ma'lum qilgan. Agentning hisobotida ta'kidlanishicha, Gollandiya qirollik paroxod kompaniyasi xodimi bo‘lgan Sitroyen taxminan bir oyda bir marta Hitler bilan ko‘rishib turgan. Bu Sitroyenning Venesueladan Kolumbiyaga safarlari vaqtida yuz bergan.

Ushbu hujjatlarga isbot tariqasida Sitroyenning Hitlerga o‘xshash odam bilan birga tushgan surati ilova qilingan. Surat 1954 yilda Kolumbiyaning g‘arbidagi Tunxa shahrida olingan. MRB ayg‘oqchisining ta'kidlashicha, Hitler ma'lum vaqtdan keyin Argentinaga ko‘chib o‘tgan.

Rasmiy versiyaga ko‘ra, Hitler rafiqasi Yeva Braun bilan 1945 yil 30 aprelda Berlin ishg‘ol qilingandan keyin o‘z joniga qasd qilgan. Ularning jasadlari reyxskantselyariya bog‘ida yoqib yuborilgan.

27 oktabrda AQSh prezidenti Donald Tramp buyrug‘i bilan maxsus xizmatlarning arxivlari, jumladan AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlar oshqor qilindi. Hujjatlar AQSh milliy arxivi saytiga joylashtirilgan.  

Mavzuga oid