Amerika siyosatida qiziq bir jarayon bor. Davlatni boshqarayotgan mulozimlar vaqti-vaqti bilan Kongressdagi turli qo‘mitalarga hisobot beradi. Albatta, parlament davlat mulozimlarini so‘roqqa tutishi faqat Amerikada uchraydigan holat emas, lekin aynan okean ortida bu jarayon juda qiziqarli kechadi. Kongress odatda prezidentga muxolif partiya nazoratida bo‘ladi. Hozir respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik, lekin shunday bo‘lsa-da, Trampning mulozimlari hisob berishi qiziqarli kechdi.
«Gruppa»dagilar ham bor
AQSh Senatining razvedka bo‘yicha qo‘mitasi so‘roqqa tutgan mulozimlar orasida Tramp ma’muriyatidagi maxfiy ma’lumotlarni Signal messenjeridagi chatda muhokama qilgan mulozimlar ham bor edi. Xususan, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff va Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard xonim ham.
Tabiiyki, AQSh milliy xavfsizligiga javob beradigan mulozimlardan oxirgi kunlarning eng shov-shuvli voqeasi haqida so‘rashdi. Tramp ma’muriyatidagi eng yuqori martabali mulozimlar Signal messenjeridagi chatda husiychilarga qarshi hujumni muhokama qilib, yetmaganiga chatga adashib Atlantic jurnali muharririni ham qo‘shib qo‘yishgandi. Hatto skrinshot qilish bloklanmagan chatda maxfiy ma’lumotlar muhokama qilingani Tramp ma’muriyatidagi mulozimlar professionalligiga jiddiy shubha uyg‘otdi.
Milliy razvedka direktori Gabbard xonim avvaliga chatdagi ishtirokini izohloshni istamay, bunga razvedka tegishli surishtiruv o‘tkazayotganini sabab qilib keltirdi. Biroq hisobot davomida mulozim chatda bo‘lganini tasdiqlab, u yerda aytarli hech nima gaplashishmaganini aytdi. Senatorlar mulozimlardan chatga kirish uchun hech bo‘lmasa maxsus himoyalangan telefondan foydalandingizmi, deb so‘rashdi. Bu savolga javob bo‘lmaganiga qaraganda mulozimlar shaxsiy telefonida davlat sirini muhokama qilgan bo‘lishi mumkin.
Dunyodagi eng qudratli razvedka tashkiloti deb qaraladigan AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff chatda bo‘lganini tan olib, bu qonuniy bo‘lganini aytdi. Hatto Signal messenjeri uning ishchi kompyuterida ham o‘rnatilganini aytdi. Amerika bosh razvedkachisining bu iqroridan keyin Osiyo sharqidagi bir guruh hakerlar avval bir-biriga kulib qarab olib, keyin yeng shimarib ishga kirishgan bo‘lsa kerak.
Hujum vaqtlari aytilgan
Eshituvning eng kulminatsion nuqtasi Jorjiya shtatidan saylangan demokrat senator Jon Ossoff va MRB direktori Jon Retkliff o‘rtasidagi suhbat bo‘ldi. Surishtiruvchi jurnalist bo‘lgan Ossooff Amerika bosh razvedkachisini savollar bilan juda qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi. Oqibatda MRB direktori chatda husiychilar pozitsiyasiga hujum vaqtlari e’lon qilingani, hatto ekipaj qachon zarba pozitsiyasida bo‘lishigacha aytilganini tan oldi. Ma’lum bo‘lishicha, bu ma’lumotlarni mudofaa vaziri Pit Hegset e’lon qilgan.














