Jahon | 11:39 / 30.10.2017
8550
2 daqiqa o‘qiladi

Suriya bo‘yicha muzokaralarning barcha ishtirokchilari Ostonaga keldi

Foto: AP

Suriyadagi vaziyatga yechim topish bo‘yicha yettinchi xalqaro uchrashuv ishtirokchilarining barcha delegatsiyalari Qozog‘iston poytaxti Ostonaga yetib kelishdi. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati dushanba kuni xabar berdi.

"Suriya bo‘yicha “Ostona jarayoni” doirasidagi yettinchi xalqaro uchrashuvning barcha delegatsiyalari Qozog‘iston poytaxtiga yetib keldi. Bugun ikki tomonlama va ko‘p tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi, ularda kun tartibi masalalari muhokama qilinadi", - deyiladi xabarda.

Idoradan aniqlik kiritishlaricha, uchrashuvlar OAV uchun yopiq rejimda bo‘lib o‘tadi. "Yalpi yig‘ilish 31 oktabr kuni kunning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan", - deya ma'lumot berishgan TIVdan.

Ostonada Suriyadagi vaziyatga yechim topish bo‘yicha yettinchi xalqaro uchrashuv 30-31 oktabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar muzokaralar chog‘ida asirlar, mahbuslarni ozod qilish, halok bo‘lganlar jasadini topshirish hamda bedarak yo‘qolganlarni qidirish bo‘yicha ishchi guruhi nizomini tasdiqlashni rejalashtirishmoqda. Shuningdek, tomonlar xalqaro terrorizm bilan kurash masalalarini ko‘rib chiqishadi va Suriyada gumanitar minasizlantirish bo‘yicha qo‘shma bayonotni qabul qilishadi.

Mavzuga oid