O‘zbekiston | 23:20 / 02.11.2017
13978
6 daqiqa o‘qiladi

Oliygohlar rahbarlari va pedagoglari qanday qilib malaka oshiradi?

Foto: Fotolia

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyruqlari bilan oliy ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida 3 ta hujjat tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Oliy ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini masofadan o‘qitish ta'lim usullari orqali qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2017 yil 23 oktabr) — shular jumlasidan.
 
OTMning rahbar va pedagog kadrlarini masofadan o‘qitish ta'lim usullari orqali qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Oliy ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari to‘g‘risidagi nizomda (20.08.2015 yildagi VMQ-242-sonli qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan) nazarda tutilgan hollarda o‘tkaziladi.
 
Masofaviy kurslarda o‘qish davomiyligi 3 oydan oshmasligi lozim.
 
Masofaviy kurslarda o‘quv jarayoni boshlanishidan 3 kun oldin tinglovchiga Bosh ilmiy-metodik markazi (keyingi o‘rinlarda - Markaz) tomonidan elektron portfolio logini va paroli beriladi. Tinglovchi ular yordamida Markazning sayti orqali Masofaviy kurslar bo‘limiga kiradi va saytdagi elektron resurslardan foydalanadi.
 
Tinglovchining tegishli yo‘nalish bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun kirish onlayn-testi o‘tkaziladi. Mazkur test natijalari tinglovchining o‘qish davomidagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga ta'sir qilmaydi va uning reyting ballini jamlashda hisobga olinmaydi.
 
Tinglovchining o‘quv dasturini o‘zlashtirish darajasini aniqlash uchun quyidagilar ko‘zda tutilgan:

•  har haftalik assismentlar (joriy nazorat);
•  pedagogik (malakaviy) amaliyot;
•  kursni tamomlagandan keyingi test sinovlari;
•  bitiruv (loyiha) ishi himoyasi.
 
Assismentlar (test savollari, keyslar va ijodiy topshiriqlar) onlayn shaklda bajariladi.
 
Kursni tamomlagan tinglovchi 100 ta savoldan iborat yakuniy onlayn-test topshiradi. Testga uzrli sabablarga ko‘ra kelmaganda tinglovchi bir marta navbatdagi testga kiritiladi. Testga uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmagan tinglovchi yakuniy attestatsiyadan o‘tmagan hisoblanadi.
 
Masofaviy kurslarda pedagogik (malakaviy) amaliyot o‘tash va bitiruv (loyiha) ishini himoya qilish tartibi 2937-son, 2938-son nizomlar bilan tartibga solinadi.
 
Yana bir tasdiqlangan hujjat Oliy ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida pedagogik (malakaviy) amaliyotni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2017 yil 23 oktabr).
 
Kurslarda o‘qiyotgan OTMning rahbar kadrlari malakaviy amaliyot, pedagog kadrlari esa pedagogik amaliyot o‘tashi belgilangan.
 
Malaka amaliyoti
 
Rahbar kadrlarga Markaz direktorining buyrug‘i asosida malakaviy amaliyot rahbari tayinlanadi hamda ular tegishli amaliyot o‘tash tashkilotlariga yuboriladi.

Malakaviy amaliyot rahbari tashkilot tomonidan biriktiriladigan mas'ul xodim bilan Tinglovchining amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish dasturini tuzadi.

Tinglovchi malakaviy amaliyot davrida Markaz tomonidan beriladigan amaliyot kundaligini yuritadi. Tinglovchi amaliyot yakunida amaliyot davrida bajargan ishlari yuzasidan hisobot tayyorlaydi.
 
Pedagogik amaliyot
 
Pedagog kadrlarga mintaqaviy (tarmoq) markaz direktorining buyrug‘i asosida mintaqaviy (tarmoq) markazning pedagog kadrlari orasidan amaliyot rahbari tayinlanadi hamda ular amaliyot o‘tash uchun tayanch OTM huzuridagi ixtisoslashtirilgan kafedralarga yuboriladi. Masofaviy kurslarda o‘qiyotgan tinglovchilarga amaliyot rahbari tayinlash talab etilmaydi va ularning amaliyoti o‘zlari ishlayotgan OTM kafedrasida tashkil etiladi.
 
Pedagogik amaliyot rahbari ixtisoslashtirilgan kafedraning mudiri bilan birgalikda Tinglovchining amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish dasturini tuzadi.
 
Tinglovchi pedagogik amaliyot davrida mintaqaviy (tarmoq) markaz tomonidan beriladigan amaliyot kundaligini yuritadi. Masofaviy kurslarda o‘qiyotgan tinglovchilar amaliyot kundaligini Markazning sayti orqali Masofaviy kurslar bo‘limidan yuklab oladi.
 
Tinglovchi pedagogik amaliyot davrida kafedraning professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkaziladigan 2 ta dars jarayonini kuzatadi va o‘zi 1 ta ochiq dars o‘tkazadi.
 
Tinglovchi amaliyot yakunida amaliyot davrida bajargan ishlari yuzasidan hisobot tayyorlaydi.
 
So‘nggi tasdiqlangan hujjat – Oliy ta'lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining bitiruv (loyiha) ishini tayyorlash va himoyaga taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (2017 yil 23 oktabr).
 
Kurslarda o‘qiyotgan OTMning rahbar va pedagog kadrlari bitiruv (loyiha) ishini tayyorlaydi.
 
Tinglovchi bitiruv (loyiha) ishi mavzusini o‘zining yo‘nalishi va fan sohasining dolzarb masalalaridan kelib chiqib ixtiyoriy tanlash huquqiga ega. Bunda tanlangan mavzu Markaz yoki mintaqaviy (tarmoq) markaz bilan kelishilishi shart.
 
Tinglovchiga Markaz yoki mintaqaviy (tarmoq) markaz pedagoglari orasidan ilmiy rahbar biriktiriladi.
 
Hujjatda bitiruv (loyiha) ishini rasmiylashtirish qoidalari batafsil bayon etilgan.Bitiruv (loyiha) ishi tinglovchining tanlovi bo‘yicha o‘zbek, rus, qoraqalpoq va ingliz tillarida yoxud Markaz yoki mintaqaviy (tarmoq) markaz bilan kelishgan holda boshqa tilda tayyorlanadi.
 
Tinglovchi bitiruv (loyiha) ishini yakuniy attestatsiya o‘tkazilishidan kamida 3 kun oldin ilmiy rahbar xulosasi bilan birga Markazga yoki mintaqaviy (tarmoq) markazga topshiradi. Markaz yoki mintaqaviy (tarmoq) markaz tinglovchilarning bitiruv (loyiha) ishlarini attestatsiya komissiyasiga himoya uchun taqdim etadi.
 
Hujjat 2017 yil 23 oktabrdan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid