Iqtisodiyot | 07:22 / 02.11.2017
11730
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Xitoy gaz tanqisligiga duch kelishidan ogohlantirdi

Foto: Reuters

Ayni vaqtda Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev bilan Xitoyda bo‘layotgan "Gazprom" kompaniyasi rahbari Aleksey Miller Xitoy tomonini gaz tanqisligi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Millerning aytishicha, Xitoyda gaz iste'mol qilinishi hajmi keskin ko‘paygani sababli u gaz tanqisligiga duch kelishi mumkin. "Xitoyda yanvar-sentabr oylari moviy yonilg‘i iste'moli 18 foizga, ya'ni 168 mlrd kub metrgacha oshganini ko‘rmoqdamiz. 26 mlrd kub metr gaz ko‘proq iste'mol qilingan", deb aytgan Miller.

Miller shuningdek Xitoy tomondan gaz import qilinishi ham oshganini ta'kidlab o‘tdi: dastlabki 9  oy ichida gaz importi 22 foiz, ya'ni 67 mlrd kub metrgacha oshgan, olib kirilgan gazning 55 foizi suyultirilgan gazga to‘g‘ri keladi. "Buning sababi ayon – Xitoyda gaz qazib olish hajmi sekin o‘smoqda, Markaziy Osiyodan quvurlar orqali yetkazib beriladigan gaz joriy talabga mos emas. Joriy isitish mavsumida Xitoy yana gaz yetishmovchiligiga duch keladi", deb ogohlantirgan Miller.

Millar Pekin bu borada Xitoyning gazga ehtiyojlarini qondirishda yordam berishga tayyor bo‘lgan Rossiyaga ishonishi mumkinligini aytgan.

Rossiya va Xitoy 2014 yilda "Sibir kuchi" nomli gaz quvurini qurish haqida kelishib olgan va yiliga 38 mlrd kub metr gaz yetkazib berishga shartnomani imzolagan. Shartnoma 30 yilga tuzilgan, uning qiymati 400 mlrd dollarga baholangan. Bu quvur orqali Xitoyga gaz yetkazib berilishi 2018 yildan boshlanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid