O‘zbekiston | 20:30 / 02.11.2017
38453
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi rasmiy bayramlar ro‘yxatida Hellouin yo‘q

Foto: cornwalllife.co.uk

2 noyabr kuni Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ayrim xorijiy OAV va ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida paydo bo‘layotgan ba'zi xabarlarga munosabat bildirildi. Xususan, unda Hellouin bayrami bo‘yicha izohlar berildi.

Toshkent shahar IIBB Post-patrul xizmati vakili A.Sultonovning bildirishicha, O‘zbekistonning milliy bayramlar va diniy marosimlarida dunyoning turli mamlakatlarida nishonlanadigan Hellouin bayrami belgilanmagan. Qolaversa, hukumat tomonidan bunday bayram ro‘yxatga olinmagan. 

Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatganki, 31 oktabr kuni yoshlar orasida huquqbuzarlik holatlari ko‘paygan. Sultonovga ko‘ra, ayrim xorijiy OAV bong urayotganidek, Hellouin bayrami taqiqlangan deyish noto‘g‘ri. Aksincha, bu bayram O‘zbekiston mentaliteti, urf-odatlari, diniy marosimlarida bo‘lmagani, shuningdek, hukumat tomonidan bayram sifatida belgilanmagani tufayli nishonlanmaydi.

Sultonov ayrim kafe va restoranlar 31 oktabrda ommaviy tadbirlar o‘tkazishi haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqida e'lon bergani, keyinchalik uzr so‘ragani xususidagi xabarni ham izohladi. Uning aytishicha, kafe va restoranlar ommaviy tadbir o‘tkazish bo‘yicha shahar hokimiyatini ogohlantiradi. Agar shahar hokimiyati ruxsat bermasa, ular tadbirni bekor qilishga majbur bo‘lishadi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Nima uchun ayrim xorijiy OAV Hellouin bayrami kabi o‘z odatlariga mos tadbirlar O‘zbekistonda nishonlanmasligiga shunchalik jiddiy e'tibor qaratishga, uni jamoatchilik muhokamasiga chiqarishga harakat qilishadi? Axir, o‘zbek OAV O‘zbekiston milliy bayramlari yoki diniy marosimlarini xorijda keng nishonlanishini targ‘ib va tashviqot qilmaydi-ku! Yo bo‘lmasa, ular nishonlasmasa, ayyuhannas, deya jar ham solmaydi.

Nazdimizda, bu yerda bayram so‘zi vositasida g‘arb dunyoqarashi, g‘arb madaniyatini singdirishga urinish bor. Nima Hellouin kabi na ma'nisi, na mazmuni bor bayramlarni nishonlamasak, biror narsa salbiy tomonga o‘zgararmidi? Bitta g‘arbga xos bayram nishonlanmasligi shov-shuv ko‘tarishga arzimaydigan, sariq chaqalik qadri yo‘q narsa, aslida. 

Mavzuga oid