14:20 / 03.11.2017
22689

Yangi ish joylari – davlat buyurtmasiga binoan

Foto: Fotolia

Vazirlar Mahkamasining 28.10.2017 yildagi 877-son qarori bilan Mehnat bozorining joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olib ish o‘rinlarini tashkil etish va kadrlar tayyorlash davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Davlat buyurtmasi qanday shakllantiriladi

Davlat buyurtmasi ikki yo‘nalish bo‘yicha shakllantiriladi:

•  ish o‘rinlarini tashkil etishga – ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish uchun zarur tashkiliy-texnik tavsiflarga ega bo‘lgan muayyan miqdorda ish o‘rinlarini tashkil etishni ta'minlash yuzasidan ish beruvchilarga berilgan topshiriq;
•  kadrlar tayyorlash uchun – mehnat bozori ehtiyojini malakali kadrlar bilan ta'minlash uchun zarur kasbiy malaka xususiyatlariga ega bo‘lgan mutaxassislarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yuzasidan oliy, o‘rta maxsus, kasb-hunar va umumiy o‘rta, shu jumladan nodavlat ta'lim muassasalariga berilgan topshiriq.
 
Ish o‘rinlari tashkil etish davlat buyurtmasi mehnat resurslarini jalb etish ehtiyojlaridan kelib chiqib rivojlantirish dasturlariga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish hamda band bo‘lmagan shaxslarni ishga joylashtirish uchun kelgusi yil uchun shakllantiriladi.
 
Yangi ish o‘rinlariga ehtiyojning prognoz parametrlarini tashkilotlar davlat va xo‘jalik boshqaruvining yuqori turuvchi organlariga, ular bo‘lmagan taqdirda hokimiyatlarga topshiriladi. Ular davlat buyurtmasini tasdiqlaydi va uni Mehnat vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligiga yuboradi. So‘ngra u Aholi bandligiga ko‘maklashish davlat dasturiga kiritiladi va keyinchalik Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
 
Kadrlar tayyorlash uchun davlat buyurtmasi tegishli ravishda tayyorlanadi. U Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga kiritilgan mutaxassisliklar va malakalar bo‘yicha aniqlanadi. Darvoqe, davlat buyurtmasini shakllantirishda klassifikatorga yangi mutaxassisliklar kiritilishi yoki talab bo‘lmagan mutaxassisliklar bekor qilinishi mumkin.

Davlat buyurtmasini amalga oshirish uchun subsidiya ajratiladi

Ish o‘rinlarini tashkil qilish va kadrlar tayyorlashga davlat buyurtmasini olgan tashkilotlar va ta'lim muassasalari Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan foizsiz ssuda tarzidagi qaytariladigan subsidiya ajratilishi uchun davo qilishlari mumkin. U bitta ish o‘rni yoki davlat buyurtmasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil qilingan bitta o‘quvchining o‘rniga qarab, 3 yilgacha bo‘lgan muddatga EKIHning 12 barobaridan oshmagan qiymatda taqdim etiladi. Bunda ssuda oluvchilar ish o‘rinlarini tashkil etish va kadrlar tayyorlash bo‘yicha davlat buyurtmasi dasturiga kiritilgan bo‘lishi va soliq qarzdorligi, tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha kechiktirilgan qarzlari bo‘lmasligi kerak.

Uni olish uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

•  ssuda olish uchun ariza;
•  ssuda berilishining maqsadga muvofiqligini texnik-iqtisodiy asoslash va uning qaytarilishi kafolati;
•  oxirgi hisobot davri uchun soliqdan qarzdorligi yo‘qligi to‘g‘risida soliq organlari ma'lumoti, shuningdek, muddati o‘tgan kredit qarzlari mavjud emasligi haqida xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankidan ma'lumotnoma;
•  ssuda qaytarilishini ta'minlash, shu jumladan garov, kafillik, bank kafolati yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ta'minlash turlari.

Hujjat 31.10.2017 yildan kuchga kirdi.  

Mavzuga oid
Top