Jamiyat | 22:30 / 03.11.2017
13332
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada yapon oq turpi yetishtirilmoqda

Foto: KUN.UZ

Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Rishton tumani chegarasida Qayrag‘och QFY bor. Bu yerdagilar o‘zining dehqonchiligi, noyob qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan elda e'tibor topgan kishilardan. Mirzarahmon aka Bannopov uzoq yillar davomida viloyat rivoji uchun hissa qo‘shgan insonlardan. 2015 yilda nafaqaga chiqib dehqonchilikni yo‘lga qo‘ydi. Har doim noodatiy mahsulotlar o‘stirish va ularni parvarish qilish maqsadida bo‘lgan mehnat faxriysi Yaponiyadan oq turp urug‘larini olib kelib yerga qadadi.    

Aytish joizki, yapon turpi takroriy ekin sanaladi. Takroriy ekin joylashtirilgan maydonlar esa yanada madaniylashtiriladi, yerga qayta ishlov berish orqali begona o‘tlar yo‘qotilib, tuproq unumdorligi ortadi. Eng asosiysi, aholimizni yil davomida vitaminlarga boy oq turp bilan ta'minlash imkoniyati vujudga keladi. 

Boshqa sabzavotlarda mavjud bo‘lmagan o‘ziga xos ta'miga qarab, ko‘p taomlarga qo‘shimcha salatga qo‘shib iste'mol qilinadi. Yapon turpi tarkibida uglevodlar, fermentlar, vitaminlar, efir moylari bor. Ildizmevasida 90% gacha suv, shuningdek, qand, biriktiruvchi modda, uning fitonsid va bakteritsid xususiyatlarini belgilovchi oltingugurtli moddalar, kislotalar, natriy tuzi, kaliy, kalsiy, magniy, fosfor, temir, aminokislotalar va boshqalar bor.  Yapon turpi o‘zining tarkibiga ko‘ra qish faslida, bahor boshlanishida, xalqimiz "ilik uzildi" deb ataydigan kunlarda, organizmda yetishmayotgan vitaminlar va mineral tuzlar o‘rnini to‘ldirishda juda foydalidir. U mikroblarga qarshi kurashuvchan kuchli xususiyatlarga ega. 

Mirzarahmon Bannopov ayni vaqtda 60 yoshni qarshilagan. Ammo hamon uni kuch-quvvat, mehnatsevarlik tark etgani yo‘q. Bunday deyishimiz bejiz emas. Qahramonimiz har yili 30 sotixlik tomorqasida karam ham ekadi. Hamqishloqlarining gap-so‘zlariga qaraganda, bir yili u yetishtirgan bir dona karam 25 kilogramm tosh bosgan ekan. 

Ish bilganga ming tanga, degan gap bor. Qayrag‘ochliklar buni birgina tomorqachilik misolida isbotlashmoqda. Shuning hisobidan kimdir yangi mashina sotib olyapti, kimdir imorat qurayapti. Yana kim uchundir  bu asosiy daromad manbai bo‘lsa, boshqalarning oilaviy byudjyetiga qo‘shimcha foyda keltiryapti. Yana bir tomoni, tomorqadagi mehnat oilada voyaga yetayotgan farzandlar ongida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Yosh bola ketmonga yoki boshqa ish quroliga qo‘l tekkizadimi, hayotda qiyinchilikka uchramaydi, halol ishlash va yashashga harakat qiladi. 

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid