Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
XOQ prezidenti 2018 yilda O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Chexiya poytaxti Pragada Milliy olimpiya qo‘mitalari Assotsiatsiyasining XXII Bosh Assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda Assotsiatsiyaga a'zo barcha – 206 ta Milliy olimpiya qo‘mitalari vakillari, Xalqaro va qit'a Olimpiya qo‘mitalari rahbarlari, Butunjahon sport federatsiyalar va Assotsiatsiyalar mutasaddilari ishtirok etishmoqda.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, mamlakatimiz nomidan Milliy olimpiya qo‘mitalari Assotsiatsiyasi (MOQA) Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov qatnashmoqda. Chexiyaga safari davomida Qosimovning bir qator Xalqaro sport tashkilotlari, federatsiya va Assotsiatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvi belgilab qo‘yilgandi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax bilan uchrashuv jarayonida jahonning eng nufuzli sport tashkiloti rahbari O‘zbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni kuzatib borayotganligi, sportga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanligini izhor qildi.
Ana shu e'tibor natijasida 2012 yili Londonda bo‘lib o‘tgan XXX yozgi Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng o‘zbek sportida keskin yuksalish ko‘zga tashlangani va buning samarasi o‘laroq o‘zbekistonlik sportchilar Rio-2016 yozgi Oliipiya o‘yinlarida har qachongidan-da muvaffaqiyatli ishtirok etib, butun dunyoni hayratga solishganini eslab o‘tdi. O‘z navbatida Oybek Qosimov Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidentini Toshkentga rasman taklif qildi. Tomas Bax esa bu taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, 2018-yilgi Pyongchan (Janubiy Koreya)dagi qishki Olimpiya o‘yinlari yakunlangach, mart oyida poytaxtga tashrif buyurishini ta'kidlab o‘tdi.
O.Qosimov Pragada shuningdek, Milliy olimpiya qo‘mitalari Assotsiatsiyasi (MOQA) rahbari, Osiyo Olimpiya Kengashi Prezidenti shayx Ahmad al Faxad al Saboh bilan ham uchrashdi. Mazkur uchrashuvda tomonlar qit'amizda sport taraqqiyoti, Olimpizm g‘oyalari, Olimpiya harakatini yanada rivojlantirish masalalarida fikr almashishdi. Al Saboh uchrashuv jarayonida 2017 yilning yakuniga qadar Toshkentga kelishga va'da berdi.
Mavzuga oid
21:45 / 07.05.2026
XOQ Belarus sportchilari uchun barcha cheklovlarni bekor qildi
22:55 / 26.03.2026
Transgender sportchilarga Olimpiada ayollar musobaqalarida ishtirok etish taqiqlandi
09:03 / 12.02.2026
XOQ Berlin olimpiadasi ramzlari tushirilgan futbolkani sotuvdan olib tashladi
19:15 / 10.11.2025