Jamiyat | 23:15 / 03.11.2017
103377
14 daqiqa o‘qiladi

Ura-urachilik qiladigan zamonlar o‘tyaptimi yoki...

Foto: Fotolia

Mazkur maqolani yozishga majbur qilgan holat O‘zbekiston televideniyesining «Mahalla» kanalida berib borilayotgan «Xalq bilan yuzma-yuz» va «Piyoda» ko‘rsatuvlarida berilgan epizodlar va ularda mahalliy xalqning e'tirozlari bo‘ldi desam hech ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning mamlakatimizning xalqaro maydonlarda obro‘sini oshirish, xalqimiz yashash sharoitlarini yaxshilash uchun tinmay jon kuydirishlarini ko‘rib odam o‘ylanib qoladi, qaniydi hamma fuqarolarimiz, ayniqsa rahbar va mutassadilarimiz ham u kishidan o‘rnak olganlarida nur ustiga a'lo nur bo‘lgan bo‘lar edi, u kishi tomonidan qo‘yilayotgan vazifalar ijrosi tezlasharmidi, degan fikrlar quyilib kelaveradi.

Prezidentimiz tomonidan juda tez-tez takrorlanayotgan, eslatib turish uchun takrorlashlari ham bejiz emas deb o‘ylayman, «Ura-ura qiladigan zamonlar o‘tdi» degan shiorga aylanishi lozim bo‘lgan fikrlari qanchalik ko‘p qaytarilayotgan bo‘lsada, aksincha bunday salbiy odat yanada chuqur ildiz otayotganday tuyuladi. O‘zbekiston televideniyesining turli kanallarida «Xalqaro press klub»dan andoza olgan holda berilayotgan, ko‘pchilik holatda siyqasi chiqib ketgan mavzularda shakli yoki ko‘rinishi har xilu mazmuni o‘zaro bir-birini takrorlaydigan, besh-olti kishi tepada kresloga o‘tirib olgan holda (ularni boshlovchilar mutaxassislar yoki ekspertlar deb nomlaydilar) boshlovchilar tomonidan, zaldan va telefonlar orqali berilayotgan savollarga javob berishlari ko‘rinishidagi ko‘rsatuvlar, xuddi shuningdek juda ko‘p kanallarda «Xalq qabulxonasi» faoliyati bo‘yicha turli nomlarda berilayotgan ko‘rsatuvlarni misol sifatida keltirishimiz mumkin.

Endi masalaga batafsil, aniqroq va yaqinroq yondashadigan bo‘lsak, Bekobod tumanidan tayyorlangan «Xalq bilan yuzma yuz» ko‘rsatuvida xalq qabulxonasiga kelgan uchta farzandli ayolning, turmushidan ajralgan va uyidan chiqarib yuborilgan ayolning hamda ko‘pchilik holatlarda ayollarning tuman hokimiga murojaatlari, har qanday odamni ham e'tiborsiz qoldirmaydi. Albatta, uchta farzandi uchun kiyim-kechak berganligi va uyini yopishi uchun tuman hokimi zaxirasidan 20–30 ta shifer ajratishga ko‘rsatma berganligini hokimning muruvvati deb hisoblashimiz kerak.

Bu yerda odamni o‘yga toldiradigan boshqa holatlar ham mavjudki, buni aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi. Ya'ni, musulmonchilikda hech qachon erkak qolib, ayol kishi kimgadir oilasi zaruriyatidan kelib chiqib, yalinib iltimos qilib bormagan. Bu musulmonchilikda isnod hisoblanadi. Musulmonchilikda oila muammolarini hal qilish erkakning bo‘yniga yoki yelkasiga yuklanganini har bir erkak ham ayol ham juda yaxshi biladi. Erkaklarimizning erkaklik g‘ururi qayerda qolyapti o‘zi?! Uzoqqa bormaylik yaqin tariximizda 1000ta sunnat to‘y, 1000ta nikoh to‘y deb hamma tomonga jar solib maqtadik. Bugungi kundagi xalq qabulxonalarida qilinayotgan ishlarni maqtab matbuotda yoritish ham shunga o‘xshab qolmayaptimi degan haqli savol tug‘iladi.

Alohida bir e'tibor qilish zarur bo‘lgan holat shundan iboratki, tarixda tarbiyali izzat-iboli ayollarimiz erkak kishining yuziga qaray olmagan, ayrim ayollarimizning xalq qabulxonalarida rahbarlarimizning oldida, ayniqsa eng achinalisi — viloyat hokimining oldida o‘zini ushlay olmayotganliklarini ko‘rgan boshqa ayollarimizda men ham shunday qiladigan bo‘lsam o‘z muammoimni hal qilishimiz mumkin ekan-da, degan tushuncha yoki dunyoqarash shakllanishiga sababchi bo‘lib qolmaymizmi, degan savolga javob qidirib ko‘rishimiz lozim! Aks holda kech bo‘lishini esdan chiqarmaylik.

Musulmonchilikda bir narsa borki, ota-onaning farzand oldidagi farzi va qarzlari sifatida farzand tug‘ilgandan keyin unga chiroyli va munosib ism qo‘yish, o‘g‘il bola tug‘ilsa sunnatini qilish, qiz bola tug‘ilsa aqiqa qilib berish, voyaga yetganga qadar ularni qornini to‘yg‘azish va ustini but qilish (kiyintirish), voyaga yetganidan keyin esa o‘g‘ilni uylantirish, qiz bolani esa turmushga uzatish kabilar sanab o‘tiladi.

Ota-onalarimizning yuqorida sanab o‘tilgan farzand oldidagi o‘zlarining farz va qarzlarini ijro eta olmasliklari holatlarini kelib chiqishini, bunday holatlarni barmoq bilan sanash mumkin bo‘lganida ota-onalarning noshudligi bilan izohlansa, bunday holatlarning ommaviy tus olishini jamiyatning kamchiligi sifatida qarash lozim bo‘ladi.

Yuqoridagi fikrlarimizdan kelib chiqqan holda xulosa chiqarish qiyin bo‘lmasa kerak! O‘sha paytlarda bolalarning sunnat va nikoh to‘ylarini o‘tkazib berish qilingan ishlarimizni ko‘klarga ko‘tarib maqtash emas, balki bunday noxush holatlarning oldini olish uchun nima qilishimiz kerak degan savolga javob qidirganimizda to‘g‘ri bo‘lgan bo‘larmidi?

Savol tug‘iladi, bugun ham mana shu xalq qabulxonalaridagi bo‘layotgan ishlarni ko‘klarga ko‘tarib maqtamasdan, tegishli masalalarga ta'sul bo‘lgan mutasaddi idoralar nima bilan shug‘ullanayapti, agar ular o‘z vazifalarining ijrosini ta'minlayotgan bo‘lsa, bunday holatlarning kelib chiqish sabablarining ildizi qayerda degan savolga javob topishimiz va ularni tugatish ustida ish olib borsak to‘g‘ri bo‘lmaydimi? Chunki xalq qabulxonalari orqali biror bir kishining muammosini hal qilish bu shunga o‘xshash muammolarning butunlay tugatilganligini bildirmaydiku!

Mana shunday o‘zimizning o‘ylamasdan qilayotgan harakatlarimiz orqasidan xalqimizda boqimandalik kayfiyatini shakllanishiga sababchi bo‘lib qolmayapmizmi degan achchiq, achchiq bo‘lsa ham haqiqat bo‘lgan savolga javob topishimiz kerak bo‘ladi! Xalqimizning chiroyli naqli bor — «Do‘st achitib gapiradi, dushman kuldirib». Achchiq haqiqatga tik boqib o‘rganishimiz kerak. Xitoyliklarning bir chiroyli falsafiy naqli borki, «Baliq tutib bermang, baliq tutishni o‘rgatib, qarmoq bering!». Chunki bugun baliq tutib berib qornini to‘g‘azsangiz ertaga yana qorni ochganidan keyin sizning baliq tutib berishingizni kutib turadi. Aksinsa baliq tutishni o‘rgatib, qarmoq berilsa qorni ochgan paytida baliqni o‘zi tutib yeydi, kimdandir najot kutmaydi.

Xalqimiz o‘rtasida boqimandalik kayfiyati ortib borayotganligiga bir misol: Xalq qabulxonasiga murojaati qilib dasblabki badalini kimlardir to‘lab berish orqali loyihaviy uylardan biriga ega bo‘lgan surxondaryolik fuqaro endi tekin mashinani xohlab qolganligi yuqoridagi fikrimizning to‘laqonli isboti emasmi?! Ayrim o‘ziga to‘q bo‘lgan fuqarolarimizning o‘zining qo‘ygan bir masalasini hal qilib olganidan keyin yana Prezidentimizning xalq qabulxonasiga 208 marotaba murojaat qilganligini qanday izohlash mumkin?

Albatta, haqiqatda ham yordamga muhtoj bo‘lgan ayrim fuqarolarmizning muammolarini hal qilishga yordam berish kerakdir, lekin uni matbuotda ko‘rsatib ko‘klarga ko‘tarib maqtash amaliyotiga chek qo‘yish lozim! Chunki, o‘zbeklarda bir gap borki «O‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin!». Nahotki jurnalistlarimiz mana shunday o‘zlarining harakatlari bilan o‘zimizni o‘zimiz yoki «o‘zbekligimizni» yerga urayotganliklarini tushunib yetmasalar!

Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanidan tayyorlangan «Piyoda» ko‘rsatuvlarida berilgan epizodlardan bir masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Jurnalist bir ayolga murojaat qilib, daromadi manbasini so‘raganda eri har kuni chiqib ketib, ishlab topib kelgan daromad hisobiga kun kechirishlarini aytganida, pensiya olish olmasligi bilan qiziqqanida eri ham o‘zi ham pensiya yoshida bo‘lishlariga qarasamasdan pensiya olmasliklarini aytadi. Jurnalist ham, uning bilan birga borgan mutassaddilar ham bu holatga e'tibor qaratmadilar. Ya'ni pensiya yoshida bo‘la turib, pensiya olmasliklarining sababi nimada ekanligini tushuntirib bermaydi.

Mazkur holat ko‘pchilik holatlarda jurnalistlarimizning ixtisoslashishlaridagi muammolar yoki ularning ma'lum masalalar bo‘yicha ko‘rsatuvlar tayyorlaganlarida maxsus tayyorlanishga yetarli e'tibor bermasliklari bilan izohlanadi. Chunki xalqimizning ko‘pchiligida ertangi kunimizni bevosita belgilab beradigan shunga o‘xshagan masalalar bo‘yicha yetarli huquqiy bilimlarga ega emasliklari yoki bilganda ham bir kuni bilan yashash odati chuqur ildiz otganligi natijasida hujjatsiz, ya'ni tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan holatda norasmiy ishga yollanish holatlari mana shunga o‘xshash muammoli holatlarni keltirib chiqarmoqda.

Ya'ni, tegishli tartibda rasmiylashtirilmagan holatda yollanib ishlash natijasida unga ish staji ham hisoblanmaydi, undan davlat byudjyetiga o‘rnatilgan tartibda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, pensiya jamg‘armasiga yagona ijtimoiy to‘lov hamda sug‘urta badali ham o‘tkazib berilmaydi. Xuddi shuningdek, jamg‘arib boriladigan pensiya jamg‘armasiga tegishli badallar o‘tkazib berilmaydi. Buning natijasida hisobot davrida davlat byudjyetini to‘ldirishda muammolar kelib chiqadi, byudjyet tashkilotlari xodimlarining nominal va real daromadlarini, xuddi shuningdek sotib olish qobiliyatini oshirib borish imkoniyatlari cheklanadi. Eng yomoni — pensiya yoshiga yetgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan paytda o‘z vaqtida pensiyaga chiqa olmaydilar, albatta 5 yil o‘tib pensiya rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi, lekin O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘rnatilgan eng kam miqdorda pensiya oladilar.

O‘zbekiston Respublikasining 1993 yil 3 sentabrda qabul qilingan 938-XII sonli «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi qonunining 2-moddasida davlat pensiyalarining turlari sifatida yoshga doir pensiya, nogironlik pensiyasi va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari tayinlanishi belgilab qo‘yilgandir. Yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda, ayollar — 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘lishi tartibi o‘rnatilgan.

Ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo‘lgan, lekin ma'lum bir sabablarga ko‘ra ish stajlari yetarli bo‘lmagan holatda, qonunda aholini ijtimoiy himoyasini ta'minlash nuqtai nazaridan pensiya rasmiylashtirish tartibi o‘rnatilgan bo‘lib, unga asosan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiya tayinlash uchun (7-modda) yetarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan shaxslarga yoshga doir pensiyalar Qonunning 37-moddasi birinchi qismining «a», «b», «v» va «g» bandlarida nazarda tutilgan kamida 5 yil ish staji mavjud bo‘lgan taqdirda, bor stajga mutanosib miqdorda (29-modda) tayinlanishi tartibi amal qiladi. Pensiya tayinlashda pensiyaning miqdori ikki omilga, ya'ni ish staji va fuqaroning tanloviga ko‘ra oxirgi o‘n yildagi ketma-ket besh yillik o‘rtacha daromadga bog‘liq bo‘lishini e'tiborga olsak, bunday asosda pnensiya rasmiylashtiradigan fuqarolar juda kam miqdordagi pensiya olishlari ma'lum bo‘ladi.

Bugungi kunda mabuotda, ayniqsa televideniyeda odamlarning asabiga tegadigan darajada reklama qilinayotgan, elektr va gazdan foydalanganlik uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun javobgarlikning oshirilganligi to‘g‘risidagi reklamalarning o‘rniga mana shunday norasmiy ishlash natijasida o‘z vaqtida pensiyaga chiqa olmasliklari, chiqqanlarida ham juda kam, boshqalarga nisbatan 3–4 barobar kam pensiya olishlari bo‘yicha fuqarolarning tegishli huquqiy bilimlarni oshirishga qaratilgan reklamalar berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bunday reklamalar aholining rasmiy ishlash darajasini oshirishga xizmat qiladi, natijada davlat byudjyetining daromadlari mutanosib ravishda ortadi, byudjyet tashkilotlari xodimlari ish haqlarini va pensiyalarni oshirish imkoniyati vujudga keladi, o‘z navbatida yetarli rasmiy daromadga ega bo‘lganlar kommunal to‘lovlar, shu jumladan gaz va elektr energiyasi bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshiradi.

Xuddi shuningdek, jurnalistlarimiz ham bir xil siyqasi chiqib ketgan mavzularda, bir birini takrorlovchi va zerikarli ko‘rsatuvlar tayyorlamasdan, xalqimizning huquqiy ongini oshirishga qaratilgan mana shunga o‘xshagan mavzulardagi ko‘rsatuvlar va eshittirishlar tayyorlasalar matbuotning obro‘sini hamda mamlakatimizning iqtisodiy qudrati va ma'naviy barkomilligini oshirishga o‘z hissalarini qo‘shgan bo‘lar edilar.

 

Erkin Yusupov,
iqtisod fanlari doktori

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid