Jahon | 23:30 / 06.11.2017
5914
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy orbitada global navigatsiya tizimini joylashtirishni boshladi

Foto:russian.news.cn

Xitoy raketa-tashuvchi yordamida orbitaga uchinchi avloddagi ikkita sun'iy yo‘ldoshni chiqardi. Xitoy shu tariqa orbitada o‘zining global navigatsion tizimini joylashtirishni boshladi, deb xabar bermoqda “Sinxua” axborot agentligi. 

Ta'kidlanishicha, uchinchi avloddagi “Beydou-3” sun'iy yo‘ldoshlari orbitaga “Chanchjen-3B” raketasi yordamida chiqarilgan. Raketa parvozi Sichuan viloyatining g‘arbida joylashgan Sichan kosmodromidan amalga oshirilgan.

“Beydou” loyihasi ustidagi ishlar 1994 yilda boshlangan. 2000 yilda tizim Xitoyga, 2012 yilda esa Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga xizmat ko‘rsata boshlagan. 

Ma'lum qilinishicha, “Beydou-3” sun'iy yo‘ldoshlari yuqori sifatdagi signalni ta'minlaydi, ularda navigatsiya tizimi ishi ko‘rsatkichlarini yaxshilash uchun differensial korrektsiya imkoniyatlari ko‘zda tutilgan. Bu sun'iy yo‘ldoshlar qidiruv-qutqaruv operatsiyalarini o‘tkazishda xizmatlar taqdim qilishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, Xitoy 2018 yil oxirigacha orbitaga yana 18 ta shunday sun'iy yo‘ldoshni chiqarmoqchi.   

Xitoy ushbu global navigatsiya tizimini orbitada to‘liq joylashtirishni 2020 yilgacha yakunlamoqchi. Bu esa Xitoyni GLONASS tizimiga ega Rossiya va GPS tizimiga ega AQShdan keyin bunday global navigatsiya tizimiga ega bo‘lgan uchinchi davlatga aylantiradi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid