Jamiyat | 08:40 / 08.11.2017
12990
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Farmatsevtika tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda Agentlik) tashkil etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining: 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari ekspertizasi va standartizatsiyasi davlat markazini; 

O‘zbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot institutini; 

Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutini; 

“Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutini Agentlikka berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi. 

Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi: 

farmatsevtika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish strategiyasini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklikni joriy etish orqali ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish, farmatsevtika korxonalari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarini dori vositalari, tibbiyot buyumlari hamda tibbiyot texnikalari bilan ta'minlash dasturlarini amalga oshirish; 

farmatsevtika bozori kon'yunkturasini o‘rganishni tashkil qilish, ichki va tashqi bozorlarda yuqori sifatli, raqobatbardosh dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarining yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga hamda ularni jahon bozoriga olib chiqishga ko‘maklashish; 

aholi va davlat sog‘liqni saqlash muassasalarining dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalari, shu jumladan ularning mahalliy ishlab chiqarilgan turlari bilan ta'minlanganlik holatini tizimli tahlil qilish, shu asosda ichki bozorni yanada to‘ldirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish; 

farmatsevtika tarmog‘i korxonalarining asbob-uskunalarini modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashga ko‘maklashish, chet el investitsiyalarini, shu jumladan xorijiy va xalqaro moliya institutlarining mablag‘larini keng jalb qilish; 

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini ishlab chiqarish jarayoniga innovatsion texnologiyalarni yanada joriy etish uchun ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilishini tashkil etish; 

Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ro‘yxatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda, shuningdek, ularga qat'iy narxlarni o‘rnatish bo‘yicha takliflar tayyorlash va kiritishda bevosita ishtirok etish; 

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarga yetakchi chet el farmatsevtika kompaniyalari bilan hamkorlikni tashkil etishga ko‘maklashish; 

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulot deb topish uchun mezonlarni ishlab chiqishga ko‘maklashish; 

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish; 

davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida foydalanilayotgan tibbiyot texnikalarining hisobi va reyestri yuritilishini ta'minlash hamda ularning holatini tahlil qilish; 

davlat sog‘liqni saqlash muassasalari uchun dori vositalari, tibbiyot buyumlari, tibbiyot texnikalari va maxsus tibbiyot avtotransportining markazlashtirilgan xaridini tashkil etish; 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining ijtimoiy dorixonalari (keyingi o‘rinlarda ijtimoiy dorixonalar deb yuritiladi) tarmog‘ini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatishini ta'minlash; 

farmatsevtika tarmog‘iga xalqaro standartlarning joriy etilishini muvofiqlashtirish. 

Agentlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor tomonidan boshqariladi. Agentlik direktori maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosariga tenglashtiriladi.

Agentlikka quyidagi huquqlar berildi:

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mamlakat farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari bo‘yicha ishini muvofiqlashtirish; 

Agentlik vakolatiga taalluqli bo‘lgan masalalar bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlardan hujjatlar, statistik ma'lumotlar, hisobotlar, tahliliy materiallar, xulosalar va boshqa axborotlarni so‘rash va olish; 

dori vositalari, tibbiyot buyumlari va tibbiyot texnikalarini, shu jumladan chet eldan import qilinayotganlarini o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va sertifikatlash; 

Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar, yetakchi loyiha institutlari, ilmiy-ta'lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, chet el kompaniyalarining yuqori malakali xodimlarini va mutaxassislarni jalb qilish; 

farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish masalalari bo‘yicha xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma'lumot almashish; 

farmatsevtika tarmog‘ining erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish va faoliyatini yanada takomillashtirish, shuningdek, ularni boshqarish masalalarini kelishish; 

belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, axborot materiallari, davriy nashrlar va boshqa bosma mahsulotlarni chiqarish hamda tarqatish; 

farmatsevtika korxonalarini GMP qoidalariga muvofiqligi yuzasidan sertifikatsiyadan o‘tkazish;

farmatsevtika tarmog‘i mutaxassislarining malakasini oshirish. 

Mavzuga oid