Fan-texnika | 16:20 / 09.11.2017
6931
2 daqiqa o‘qiladi

Uber va NASA uchar taksilar tarmog‘ini yaratish haqida kelishib oldi

Foto: Uber

Uber kompaniyasi hamda AQShning Milliy aeronavtika va fazoviy makonni tadqiq qilish bo‘yicha boshqarmasi (NASA) butun dunyo bo‘ylab uchar taksilar tarmog‘ini tashkil etishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda Bi-bi-si.

Uber’ning ishlab chiqarish bo‘limi direktori Jyeff Holdenning xabar berishicha, kelishuv uchar taksilar yo‘nalishini tartibga soluvchi dasturiy ta'minot ishlab chiqishni nazarda tutadi.

«Biz aviatsiya bo‘yicha idoralarni hamkorlikka taklif qilamiz hamda barcha ishtirokchilar rejalarimizni tushunishi uchun muzokaralarni juda erta bosqichda boshlamoqdamiz», - dedi Holden.

Uber, xuddi hozirda mavjud bo‘lgan taksilarga buyurtma berish xizmati kabi, smartfon yordamida chaqirilishi mumkin bo‘lgan, ham uchuvchiga ega, ham uchuvchisiz uchar qurilmalarni taksi sifatida ishlatishni rejalashtirmoqda.

Yangi taksi xizmatida parvozlarni sinovdan o‘tkazish ishlari 2020 yilgacha Los-Anjyelesda boshlanadi, loyihaning ishga tushirilishi esa 2023 yilga rejalashtirilgan.

Yangi servis uchun Uber o‘z samolyotlari yoki vertolyotlarini yaratishni rejalashtirmayapti, balki dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari uchar qurilmalaridan foydalanish niyatida. Xususan, ular orasida Aurora Flight Sciences, Embraer, Mooney, Bell Helicopter va Pipistrel Aircraft bor.

Bundan tashqari, Uber Los-Anjyelesdagi osmono‘par binolar tomlarida aviataksilar uchun turargohlar qurishga ruxsat olish maqsadida Sandstone Properties kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda.

NASA vakillari bu kelishuv borasida hozircha izoh berishmagan. Ilgari ham agentlik shunga o‘xshash loyihalarda ishtirok etgan.

Mavzuga oid