O‘zbekiston | 14:20 / 10.11.2017
12457
6 daqiqa o‘qiladi

Zominda kichik sanoat zonasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Jizzax viloyati Zomin tumanining Dashtobod shahrida kichik sanoat zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror chiqardi.

Hujjat bilan Jizzax viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Jizzax viloyati Zomin tumani Dashtobod shahrining umumiy maydonida kichik sanoat zonasini tashkil etish taklifiga rozilik berildi.

Jizzax viloyati hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda:

bir oy muddatda Jizzax viloyati Zomin tumanining Dashtobod shahri hududida joylashgan davlat mulki obektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazadi hamda xatlov natijalariga ko‘ra kichik sanoat zonasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mos bo‘lgan obektlarni belgilangan tartibda Jizzax viloyati Zomin tumani hokimligiga  berilishini ta'minlaydi;

Jizzax viloyati Zomin tumanining Dashtobod shahri hududida joylashgan bo‘sh turgan davlat mulki obektlari va ilgari xususiylashtirilgan ishlab chiqarish maydonlarini doimiy xatlovdan o‘tkazib boradi hamda xatlov natijalariga ko‘ra yangi ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish uchun mos bo‘lgan obektlar ro‘yxatini belgilangan tartibda Jizzax viloyatining erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari ma'muriy kengashiga (Ma'muriy kengash) kiritib boradi.

Belgilanishicha:

kichik sanoat zonasi hududida joylashgan davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi istisno tariqasida “nol” stavka miqdorida belgilanadi;

kichik sanoat zonasi hududidagi davlat ko‘chmas mulklari tadbirkorlik sub'yektlariga 10 yil muddatga ijaraga beriladi hamda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha biznes reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilganda va belgilangan ish o‘rinlari yaratilib, saqlangan taqdirda keyinchalik o‘rnatilgan tartibda mulk huquqi rasmiylashtirib beriladi.

Kichik sanoat zonasi faoliyatini samarali tashkil etish va boshqarish uchun davlat unitar korxonasi shaklidagi direksiya tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi, loyiha tashabbuskorlari va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan Jizzax viloyati Zomin tumanining Dashtobod shahrida 2018-2019 yillarda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati ilovaga muvofiq ma'lumot uchun qabul qilinadi.

Ma'muriy kengash:

kichik sanoat zonasi hududida amalga oshirilishi nazarda tutilgan loyihalar manzilli ro‘yxatiga zarur hollarda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi;

manzilli ro‘yxat doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning tarmoq jadvallarini loyiha tashabbuskorlari va tijorat banklari tomonidan bir oy muddatda ishlab chiqilishini va belgilangan tartibda tasdiqlanishini ta'minlaydi;

kichik sanoat zonasi direksiyasi direktorini tasdiqlaydi, xodimlarining cheklangan soni va mehnatga haq to‘lash fondi miqdorini va manbalarini O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilaydi;

aholi va tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasida ushbu qarorda nazarda tutilgan asosiy chora-tadbirlarning mohiyati va ahamiyati, shuningdek beriladigan soliq imtiyozlari va preferensiyalar to‘g‘risida keng tushuntirish ishlarini tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ bilan birgalikda 2018 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda Ma'muriy kengash tomonidan tasdiqlangan investitsiya loyihalarini amalga oshirish tarmoq jadvallariga uzviy bog‘lagan holda kichik sanoat zonasining yo‘l-transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish uchun kapital qo‘yilmalar limitlarini hamda markazlashgan investitsiyalarni nazarda tutadi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va Jizzax viloyat hokimligiga kichik sanoat zonasida joylashtirilgan tadbirkorlik sub'yektlarini ularning ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiq belgilangan tartibda elektr energiyasi, tabiiy gaz va boshqa turdagi kommunal xizmatlar bilan uzluksiz ta'minlash uchun shaxsiy mas'uliyat yuklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga Jizzax viloyati Zomin tumanining Dashtobod shahridagi tadbirkorlik sub'yektlariga bank-moliya xizmatlarini kengaytirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining mini bankini ochish hamda tijorat banklariga manzilli ro‘yxatga kiritilgan loyihalar bo‘yicha kredit shartnomalarining o‘z vaqtida rasmiylashtirilishi va moliyalashtirish boshlanishini ta'minlash tavsiya etildi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Saliyev va Zomin tumani hokimi S.Umrzoqov zimmasiga yuklandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid