Sport | 09:00 / 12.11.2017
12951
14 daqiqa o‘qiladi

Italiya inqirozi. Muammo nimada?

Italiya terma jamoasi JCh-2018 saralashining guruh bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi va  Rossiyada o‘tkaziladigan jahon chempionatidan qolib ketmasligi uchun Shvetsiya to‘sig‘idan o‘tishi kerak bo‘ladi. Juma oqshomida o‘tkazilgan birinchi uchrashuvda italyanlar 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lishdi. Quyida Jampero Ventura jamoasidagi asosiy muammolarni ko‘rib chiqamiz.

Italiya terma jamoasi inqirozdami?

Albatta inqiroz mavjud. Nafaqat natijalar, bunday tarkib bilan «adzurra» jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishi kerak. Italyanlar hozirda o‘ziga xos o‘yin uslublarini yo‘qotishgan, shu bilan birgalikda zamonaviy futbol ham namoyish etishmayapti. Natijada, hech qanday o‘ziga ishonch yo‘q, Shvetsiya bilan birinchi o‘yin natijasi ham buni isbotladi.

Yomon o‘yin sababi nimada?

Odatda hamisha murabbiyni ikki narsada ayblashadi: noto‘g‘ri taktika va tarkibni tanlashdagi xato siyosat. Janpero Venturaga Italiya terma jamoasidagi faoliyati uchun ikkilanmasdan ikki qo‘yish mumkin.

Ventura qanday taktik o‘zgarishlar qildi?

4-2-4 va 4-4-2 sxemalarini qo‘llash. Italiya yoshlar terma jamoalari 4-3-3 sxemasi bo‘yicha o‘ynab kelishadi, A Seriya jamoalari ham 4-3-3, 3-5-2, 4-3-1-2 va 4-3-2-1 sxemalaridan foydalanishadi. 

Hatto Luidji Delneri – Sakki maktabining oxirgi ritsari ham 4-4-2 sxemasidan voz kechgan. Chunki futbolchilar terma jamoa yig‘iniga kelgach, boshqa sxemaga moslasha olishmaydi, murabbiy qisqa muddatli yig‘in vaqtida barcha talablarini bajartira olmaydi. Bunga faqat Konte qodir edi, ammo o‘shanda futbolchilar butunlay boshqacha mashg‘ulotlar o‘tkazishar, ular bor kuchini maydonda tashlab, klublarga bir ahvolda qaytishardi.

Yarim himoyachilar 4-4-2 sxemasiga moslashishi nega qiyin kechadi?

Bunday sxemada raqiblar qanot futbolchilari ortga qaytaverishi shart bo‘lmagani uchun hujumda son jihatdan ustunlikka ega bo‘lishadi. Italyanlar ko‘nikkan uslubda mediano - himoyadan chiqishga javobgar amplua va ikki medzallar (yana yarim himoyachilar) bor. Medzallar sal oldinroqda harakatlanishadi va turli vazifalarni bajarishlari mumkin. Jumladan, simmetrik o‘yin qurish (buning evaziga pozitsion hujumlar uchun turli variantlar hosil qilinadi), shuningdek, pressingni keng olib borish.

Markazda ikki yarim himoyachi qolar ekan, ular universallar bo‘lishi talab etiladi – xuddi Raykard va Anchelotti kabi. Bu Sakki nazariyasidagi asosiy qoida edi, o‘shanda Italiyada 4-4-2 ilk marta qo‘llana boshlangan. Ventura esa buni hisobga olmadi va uning jamoasida o‘rta chiziq boshqalaridan ajralib qolmoqda.

Ventura yana qayerda xato qildi?

Barcha taktik omadsizliklar – 4-2-4/4-4-2 ortidan ro‘y bermoqda. Masalan, klubida Lorentso Insine qanot hujumchisi sifatida o‘ynashga o‘rgangan, uni hamisha ortdan himoyachilar va shuningdek, Hamshik (yoki Zelinski) sug‘urtalab turishadi. Nafaqat sug‘urtalashadi – ular doimiy ravishda bir-biriga o‘ynaydi. Terma jamoada esa Lorentso doimo ortga, himoyagacha qaytishga majbur. Italyan jurnalistlari esa uni mazax qilishmoqda. Chunki, Insine terma jamoada o‘zini umuman namoyon eta olmayapti.

Bundan tashqari, Ventura hujumda Belotti – Immobile tandemidan foydalanmoqda, ammo bu hujumchilar bir-biriga mos tushmagan. Klublarida ularning ikkisi ham yagona markaziy hujumchilar sifatida o‘ynashadi va terma jamoada ular bir-biriga juda yaqin harakat qilishmoqda. Balki «Torino»ning sobiq bosh murabbiyi bo‘lgan Ventura bu jamoaning o‘tmishida «Egizaklar» nomi bilan mashhur bo‘lgan Franchesko Grasiani va Paolino Pulichi juftligiga havas qilgandir? Ammo u kutgan natija bo‘lmayapti.

Kadrlar siyosatida nimadir o‘xshamayapti

Birinchidan, Jorjinoga ishonch bildirilmadi, u avval ham Italiya termasida o‘ynagandi, ammo uning ikkinchi marta tarkibga jalb etilishi faqat pley-off o‘yinlari arafasida bo‘ldi. Aslida uni o‘tgan yiliyoq termaga chaqirish kerak bo‘lgandi, u termada asosiy figuraga aylanishi mumkin edi. Ventura esa «Napoli»dagi pozitsiyasi tufayli uni o‘z sxemalariga to‘g‘ri kelmaydi deb hisobladi, Jorjino esa Braziliya termasiga o‘tib ketishiga sal qoldi. Ha, u daho emas, ammo jismoniy jihatdan juda yetuk. Uning foydasi tekkan bo‘lardi.

Ikkinchidan, Grasiano Pelledan juda erta voz kechishdi, u avvalgi saralashlarda terma jamoa uchun ko‘p natija keltirgandi. Murabbiy futbolchini o‘yinlardan birida zaxiraga olgach, futbolchi norozilik bildirishi bunga sabab bo‘ldi. Pelle, o‘shanda tezda uzr so‘ragan, ammo murabbiy unga eshiklarni butunlay yopish uchun shu voqeaning o‘zi kifoya qildi.

Uchinchidan, Simone Dzadzani inkor qilish. Holbuki u hozirda «Valensiya»da juda yorqin o‘yinlar namoyish etmoqda. U Belottidan farqli ravishda Immobile bilan muvofiqlikda harakatlana oladi. Konte davrida Dzadza va Immobile bir-birlarining o‘rnini almashtirib harakat qilishgan – biri orqaroqqa o‘tsa, ikkinchisi oldinga o‘tgan. Bunday manevrlar raqibni chalg‘itar va «adzurra» hujumda ko‘plab variantlarga ega bo‘lardi.  

Shuningdek, Sebastyan Jovinko unutildi. U tarkibda «italyan Mertens» vazifasini bajarishi mumkin edi, Konfederatsiyalar kubogi va Yevropa chempionati qahramoni Emanuele Jakkerini, shuningdek, ayni vaqtda Fransiya chempionatida kuchli o‘yin ko‘rsatayotgan Mario Balotelli ham termaga foyda keltirishi mumkin edi, ammo ularga imkon berilmadi.

Shunday tasavvur uyg‘onadiki, Venturaning ayrim futbolchilari talabga javob bermaydi.

Pelle va Dzadza chorak finalda Germaniyaga qarshi o‘yinda penaltidan foydalana olmagani shunchalik yomon oqibatlarga egami?

Yo‘q. Kulgili memlar bosh murabbiyning tanlovlariga ta'sir ko‘rsatmasligi kerak edi. Futbol haqidagi mashhur italyancha qo‘shiqda shunday deyiladi: Penaltini ura olmagani uchun futbolchilarni qoralamaymiz. Biz ularning botirligi, altruizmi va fantaziyalariga e'tibor qaratamiz. Axir Donadoni, Badjo yoki Di Byadjoga krest qo‘ydikmi? Ular hamisha qaytishgan va bizni xursand qilishda davom etishgan.

Hozirgi avlod rostdan ham tarixdagi eng kuchsizimi?

Ha. Bunday kuchsiz tarkib 1949 yili «Buyuk Torino»ning halokatidan keyin ham bo‘lmagandi. Umuman, har bir keyingi avlod avvalgisidan kuchsizroq bo‘lib kelmoqda.

Faqat bir istisno bor – 1970-yillar oxiridagi davr. O‘shanda A seriyada qariyb 10 yil davomida JCh-78da natijaga erishish uchun xorijlik futbolchilarga taqiq qo‘yilgandi. Kabrini, Rossi, Jyentile, Tardelli, Shirea, Antononi – bu oltin avlod Argentinada yorqin o‘yinlar ko‘rsatgan, 4 yil o‘tib esa Italiyaga uchinchi chempionlikni keltirgan (undan avvalgi chempionlik asrning birinchi yarmida edi). Ular o‘zlaridan oldingi avloddan rostdan ham kuchliroq edi. Ulardan keyin yana pasayish davom etdi.

Avvalgi chempionlarni B Seriya jamoalari ham yenga oladi deyishadi

Bu xuddi zamonaviy fizika o‘qituvchisini Isaak Nyuton bilan taqqoslashdek gap. Bittasi universitetni tamomlagan, ikkinchisi asos qoidalarni yaratgan. Taqqoslash o‘rinsiz, lekin natijalarga qarash mumkin.

Qaraymiz: o‘n yil bo‘lmoqdaki Italiya yoshlar terma jamoalari (U17 dan U23 gacha) – bironta turnirda g‘olib bo‘la olmadi. Bu vaqtda – Ispaniya, Germaniya, Fransiya va  hatto Angliya – qator sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Italiyalik buyuk futbolchilar orasida eng yoshi - 1979 yilda tug‘ilgan. «Saksoninchi yillar» vakillaridan faqat Daniele De Rossini ajratib ko‘rsatish mumkin. Avvalgi zamonlarda esa buyuklar deyarli har yilda tug‘ilgan.

Bu natijalarda Federatsiya ham aybdormi?

Karlo Tavekkio barchasiga mas'ul, ammo bu yerda uning aybi yo‘q. U A Seriyada legionerlar bo‘yicha cheklov qo‘ya olmaydi. Ventura terma jamoaga tayinlanganida, sport ishlari direktori Marchello Lippi bo‘lishi kutilgandi. Ammo uning o‘g‘li agentlik faoliyati bilan shug‘ullanishi tufayli bu nomzod to‘g‘ri kelmadi. Lekin ko‘pchilikning fikricha, Don Marchello bo‘lganida buning nafi tekkan bo‘lardi.

Hozirda Tavekkio yangi murabbiy qidirayotgani haqida gaplar yuribdi. Ammo Konte ketganida ham nomzodlar ro‘yxati uzun emasdi: Ventura, Dzakkeroni, ayollar terma jamoasi murabbiyi Antonio Kabrini va Roberto Manchini. Dzakkeronining uslublari eskirgan. Manchini? U juda ko‘p pul xohlaydi. Allegri esa faqat klublarda ishlagan.

Shvetsiya Italiya uchun ko‘ngilsizlik keltiradimi?

Birinchi va oxirgi marta Italiyasiz jahon chempionati 1958 yilda kuzatilgan. O‘shanda barchasi aqlga sig‘mas darajada ro‘y bergandi. O‘sha jahon chempionatigacha o‘tkazilgan mundialda ikki marta chempion bo‘lgan Italiya saralash bosqichida muammoga duch keladi. Lekin italiyaliklarni oxirgi turda Shimoliy Irlandiya bilan o‘yinda durang ham qoniqtirardi.

Ammo bu tarixga tabiat aralashadi. O‘yinni boshqarishi kerak bo‘lgan vengriyalik hakam Ishtvan Jolt (u Vengriyadagi opera teatrida ishlagan) qalin tuman tufayli Londonda ushlanib qolib, Belfastga yetib bora olmaydi. Natijada, o‘yinga britaniyalik hakamlar tayinlanadi, italiyaliklar esa bunga qattiq norozilik bildirishadi.

Yakunda FIFA bu o‘yinni o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida o‘tkazish haqida qaror chiqaradi. O‘yinda italiyaliklarni qoniqtiradigan natija - 2:2 hisobi qayd etilgandi. O‘yin o‘ta asabiy ruhda o‘tgan, mezbon jamoa fanatlari stadionga tushib ketishgandi.

Bir oy o‘tib, rasmiy uchrashuv ham o‘tkaziladi, ammo bu o‘yin Italiyaning 1:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugaydi va italyanlar ilk marta mundialdan qolib ketishadi.

Qizig‘i o‘shanda, 1958 yilgi jahon chempionati Shvetsiyada o‘tkazilgan. Bu safar Shvetsiya italiyaliklarni turnirdan qoldirishi mumkin.

Ventura nima qilishi kerak?

Birinchidan: klublar bilan maksimal darajada aloqalar o‘rnatishi kerak. Masalan, «Inter»ning o‘ng qanotida muvaffaqiyatli o‘ynayotgan D’Ambrozio va Kandreva bog‘lamidan foydalanish mumkin. Nomlarga e'tibor qaratmaslik kerak. 

Ikkinchidan: futbolchilarning jismoniy holatini diqqat bilan kuzatish kerak. U Insine va El-Shaaravini musobaqalashtirmoqchimi? Bu zararli g‘oya, axir ular birgalikda harakatlanishi mumkin.

Italiya uchun mundialga bora olmaslik - fojiami?

Yo‘q. Bu holatda borgandan, bormagan ma'qul. Axir muxlislar terma jamoadan faqat birinchi o‘rinni kutishadi. Hozirgi holatda esa bunga real imkoniyatlar yo‘q. Qolaversa, keyingi mundialda yaxshiroq qatnashish uchun saboq bo‘ladi. Masalan, Fransiya qatorasiga ikki mundialni o‘tkazib yuborgan va keyin jahon chempioni bo‘lgan.

Agar Italiya jahon chempionatiga chiqa olmasa, Ventura va Tavekkio ketishi kerakmi?

Ventura iste'fo beradi – u eski davr kishisi. Tavekkio – aniq emas. Ammo islohotlar albatta bo‘lishi kerak. Demetrio Albertini Italiya futbol federatsiyasi prezidenti bo‘lishi kerak. Shu bilan birga unutmaslik kerakki, Albertini –  Jankarlo Abetening xuddi o‘zi. Yosh texnokrat. Bu ham yaxshi, ham yomon.

Yaxshi tomoni shuki, u Anelli bilan til topisha oladi. «Yuve» prezidenti ko‘p foyda berishi mumkin. Masalan, Italiya jahon chempionati mezbonligi uchun ariza bersa. Bu orqali mamlakatda futbol tuzilmalari yangilanishi, yangi stadionlar qurilishi va boshqa loyihalar amalga oshirilishi mumkin.

Buning uchun ko‘p qurbonlik bersa arziydi. Axir 1990 yilgi jahon chempionatidan buyon ko‘p vaqt o‘tdi, Italiya esa bir joyda depsinib turibdi.

Kimni murabbiy qilib tayinlash kerak?

Chezare Prandelli yaxshi variant, Andrea Pirlo unga yordamchilik qilishi mumkin.

Bu tandem ko‘p homiylar topishi, shuningdek, terma jamoada ajoyib muhit hosil qilishi mumkin.

Yaxshi futbolchilar o‘nlab yillar davomida terma jamoaga yordam berishi mumkin. 

«Hozircha, nima ish qilishim haqida bir qarorga kelmadim. Balki murabbiy bo‘larman. Har xolda, murabbiylik litsenziyasini olmoqchiman. Kuchli ishtiyoqni sezishim bilanoq, albatta murabbiylik faoliyatini boshlayman», dedi Pirlo.

Prandelliga esa ayni vaqtda raqobatchining o‘zi yo‘q. U bu safar ishonchni oqlashi mumkin. 

Moya Italiya blogi

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid