Jahon | 13:50 / 14.11.2017
9385
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda tezkor-qutqaruv guruhi ishini yakunladi, talafotlar hisoblab chiqildi

Foto: REUTERS/Tasnim News Agency

12 noyabr kuni Eronda kuzatilgan kuchli yer qimirlashida eng kamida 450 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda qutqaruv amaliyotini yakunlagan guruh ma'lumotiga tayangan holda Reuters xabar berdi.

Mamlakat televideniyesi ko‘rsatgan lavhada minglab kishilarning boshpanasiz qolgani aks etgan. Halokatdan omon qolganlar toza ichimlik suvi, ovqat va tibbiy darmonlarsiz bir kechani tunab o‘tkazdi.

Kirmonshoh shahri yaqinida yuz bergan zilzila yaqin atrofdagi 14 provinsiyada ham sezilgan. Mudhish voqeaning ertasiga prezident Hasan Ruhoniy Kirmonshohga yetib kelgan. Hanuzgacha davom etayotgan aftershok (zilziladan so‘ng qayta silkinish) holati 193 marta kuzatildi.

«Kirmonshoh shahridagi tezkor-qutqaruv amaliyoti yakunlandi», deb xabar berdi mamlakat Tez tibbiy yordam xizmati rahbari Pir-Husayn Kolivand.

«Biz endi omon qolganlar haqida qayg‘urishimiz lozim. Ular ovqat va boshpanaga muhtoj», deydi hokim Qasri Shirin Faramarz Akbariy.

Eron hukumati tarqatgan rasmiy xabarga ko‘ra, zilzila yuz bergan hududda 30,000 ga yaqin uy ziyon ko‘rdi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid