Jahon | 17:30 / 15.11.2017
35389
9 daqiqa o‘qiladi

Qora chiziqdan o‘tildi. Zimbabveda nimalar ro‘y bermoqda?

14 noyabr kuni oqshomida Zimbabve harbiylari mamlakat poytaxti Xararega tanklar bilan kirishdi va qariyb 40 yildan buyon hukmronlik qilib kelayotgan, 100 yoshida ham davlat rahbari bo‘lib qolishni rejalashtirgan Robert Mugabe hamda uning oilasini hibsga olishdi. Tez orada mamlakat Moliya vaziri Ignatsius Chombo ham isyonchilar qo‘liga tushdi. Davlat teleradiokanali qo‘lga olingach, harbiy davlat to‘ntarishiga boshchilik qilgan harbiylar chiqish qildi.

Jonli efirda harbiy formadagi ikki zobit bu harakatni «davlat to‘ntarishi» emasligini, prezident va uning rafiqasi hayoti xavf ostida emasligini iddao qilishdi. Ular aholini tinchlanishga chaqirib, zo‘ravonliklar ro‘y bermasligiga ishontirishdi.

«Bu hukumatga qarshi harbiy davlat to‘ntarishi emas. Biz xalqni ishontirib aytamizki, prezident va uning oilasi xavfsizlikda, biz uni kafolatlaymiz. Biz prezident atrofidagi jinoyatchilarni javobgarlikka chaqiramiz, ularning harakatlari ijtimoiy va iqtisodiy inqirozni keltirib chiqardi», — dedi harbiylar.

Hukumatdagi «Zimbabve Afrika Milliy ittifoqi - Vatanparvarlar fronti» partiyasi  bu «millatni sog‘lomlashtirish» yo‘lidagi qadam ekanini ma'lum qildi. «Zimbabve ham, partiya ham Mugabega yoki uning rafiqasiga tegishli emas. Bugun yangi era boshlandi», deyilgan partiya bayonotida.

Telekanal orqali chiqish qilganlardan biri armiya shtabi boshlig‘i, general-mayor S.B.Moyo harbiylar Mugabega emas, uning atrofidagi jinoyatchilarga qarshi ekani haqida gapirdi.

Xarareda vaqti vaqti bilan otishma ovozlari eshitilib turibdi, artilleriyadan o‘t ochilmoqda.

Foto: Reuters

Bu vaqtda Zimbabvening JARdagi elchisi ham mamlakatida harbiy to‘ntarish yuz berganini inkor etgan.

Zimbabveda siyosiy inqiroz shu oy boshida boshlangandi. 6 noyabr kuni Mugabe vitse-prezident, o‘z vorisi sifatida qaraluvchi 75 yoshli Emmerson Mnangagvuni jodugarlar yordamida hokimiyatni qo‘lga olishga urinishda ayblab iste'foga chiqarib yuborgandi.  

Mnangagva va uning tarafdorlari mamlakatdagi hukmron «Zimbabve Afrika milliy ittifoqi – Vatanparvarlik fronti» partiyasiga qarshi yashirin guruh yaratish yo‘li bilan prezidentni hokimiyatdan chetlatishni rejalashtirishgani ma'lum qilindi. Mnangagvu mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.

Ba'zi nashrlarga ko‘ra, Mugabe o‘z vorisini rafiqasi Greys Mugabening qutqusi bilan haydadi. Keyinroq Greys Mugabe uning o‘rinbosari etib tayinlanishi haqida xabar qilindi.

Bu voqealardan keyin Zimbabve Qurolli kuchlari bosh shtabi Konstantino Chivenga Emmerson Mnangagvuning yonini olib chiqdi, armiya vaziyatga aralashishini ma'lum qildi va prezidentga ultimatum qo‘ydi.

Foto: Konstantino Chivenga / AFP

«Agar bizning inqilobimizga tahdid paydo bo‘lsa, biz uni kuch bilan himoya qilamiz»,— degandi u.

Konstantin Chivenga mamlakat bosh postini ozodlik urushida (o‘tgan asrning 70-yillaridagi fuqarolik urushi) qatnashmagan insonga bermasligini ta'kidlab kelardi. Ammo u o‘z safdoshi bo‘lgan Mugabega 4 shartini ma'lum qildi. U Mugabedan partiyadagi tozalash ishlari o‘tkazishni bas qilishni, armiya rahbariyatini tanqid qilishni to‘xtatishni, mamlakat rahbariyatini inqilobga qarshi kuchlardan tozalashni, shuningdek, hukumatdagi partiyaning barcha a'zolariga navbatdan tashqari s'yezdda ishtirok etish imkoniyatini taqdim qilishni talab qildi.

Hozirda uy qamog‘iga mahkum etilgan Mugabe yoki uning boshqa bir vakili bayonot bilan chiqmadi.

Keksa va yangi avlod o‘rtasida siyosiy kurash

Foto: Robert Mugabe va Greys Mugabe / AFP

Robert Mugabe 93 yoshga kirgan, sog‘lig‘i yomon va amalda davlatni boshqarish layoqatini yo‘qotgan.

Keyingi yillarda Zimbabvedagi hokimiyat va ta'sir uchun ikki guruh kurash boshlangandi. Birinchisi — prezidentning 52 yoshli rafiqasi Greys Mugabe yetakchilik qilayotgan G40 (Qirq yoshlilar avlodi qisqartmasi) jamoasi. Uni asosan yosh vazirlar qo‘llab-quvvatlaydi.

Ikkinchisi — «Timsoh» laqabli, o‘ta murakkab taqdirga duchor bo‘lgan Emmerson Mnangagva yetakchiligidagi «Lakost jamoasi». U yoshligida ko‘cha bezorilarning «Timsoh» bandasiga borib qo‘shilgani sababli, shu laqabni orttirib olgan. Janubiy Rodeziyada partizanlar urushi boshlanib ketgach, u oq tanli fermerni o‘ldiradi, u hibsga olinadi, biroq sudning xatosi tufayli ozod etib yuboriladi va Mugabega kelib qo‘shiladi. Mnangagva tarafdorlari o‘z laqabini qimmatbaho narsalar, xususan, Lacoste markasiga bo‘lgan muhabbati tufayli orttirgan. «Lakost jamoasi» yetakchisining laqabi bilan bog‘liq yoki yo‘qligi aniq emas. Mnangagva tomonida ozodlik kurashining sobiq faxriylari bor, ular Zimbabveda yetarli darajada jiddiy kuch sanalishadi.

Partiyadagi bo‘linish

Foto: Reuters

ZANU - «Zimbabve Afrika milliy ittifoqi – Vatanparvarlik fronti» partiyasi avvaliga general Chivengining bayonotini keskin qarshilagandi va uni mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikni buzishga urinishda ayblagandi.

Partiya hech qachon tahdidlarga taslim bo‘lmasligi, «siyosat quroldan ustun» ekanini bildirgandi.

ZANU’ning yoshlar qanoti yetakchisi Kudzay Chipanga general Chivengi armiyaning to‘la qo‘llab-quvvatloviga ega emasligini qayd etib o‘tgandi.

«Xaritada davlatimiz bir butun qilib ko‘rsatilgan va kelgusida hudud ajralmaydi. Mamlakatni qonuniy yo‘l bilan saylangan rahbar boshqaradi», degandi u seshanba kuni jurnalistlarga.

Partiyaning yoshlar qanoti Greysi Mugabening bo‘lajak prezident sifatida ko‘rishar, a'zolar uni himoya qilish uchun o‘limga tayyorliklarini aytishardi.

Xitoy ushbu davlat to‘ntaruviga aloqadormi?

Foto: Philimon Bulawayo / AP

O‘tgan haftada Pekinda general Chivenga xitoylik harbiylar bilan uchrashgandi. Xitoydagilar uning tashrifini «odatdagi harbiy tashrif» deya baholadi. Ular shunchaki do‘st davlatda «nimalar ro‘y berayotganini kuzatishayotgani» haqida aytishdi. Qayd etish kerakki, Zimbabvedagi barqarorlik saqlanishidan eng ko‘p manfaatdor davlat Xitoy hisoblanadi, Si Jinping va Mugabe o‘rtasida maxsus kelishuv ham bor. 

2002 yili G‘arb mamlakatga sanksiya e'lon qilgach, XXR Mugabega yordam qo‘lini cho‘zgan. Hozir Zimbabve poytaxti Xarare shahrida Xitoyning kafe va restoranlari faoliyat ko‘rsatmoqda, Xitoydan qurol-yarog‘ va ko‘plab kiyim-kechaklar olib kiriladi, evaziga foydali qazilmalar tashib chiqib ketiladi. 

Xitoylik biznesmenlar bu mamlakatdagi oltinlar, xrom, platinalar va olmoslar qazib olinadigan shaxtalarga egalik qilishadi. Pekindagilar bu davlatda siyosiy beqarorlik boshlanishi va Zimbabvening ishlariga boshqa xorijiy davlatlar, bu davlatga qaytishni orzu qilayotgan davlatlar aralashishi mumkinligidan xavfsirashadi. 

Rossiya ham ortda qolishni istamayapti: Ular jahonda kattaligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turgan Darvendeyl platina konini ishga tushirishda ishtirok etishmoqda. Hattoki AQSh va Yevropa ittifoqi ham Zimbabvega qaytish yo‘llarini qidirishmoqda: so‘ngi yillarda YeI oshkor qilmasdan mamlakatga joriy etilgan sanksiyalarning katta qismini bekor ham qilib bo‘ldi.

Zimbabveliklar bankomatlarga navbatlar hosil qilishdi

Foto: AP

Harbiy davlat to‘ntarishi haqida eshitgan aholi 15 noyabr tongida bankomatlarga oqib kela boshlashdi. Ular bank hisoblaridan barcha pullarini yechib olmoqchi. 2009 yilgi moliyaviy inqirozdan keyin mamlakatda giperinflyatsiya yuzaga kelgan, Zimbabve o‘z valyutasini Amerika dollariga almashtirgandi.

Yangi prezident nomi bir necha soat ichida e'lon qilinishi mumkin

Foto: Emmerson Mnangagva / Reuters

Mahalliy nashrlarda Zimbabvega Timsoh laqabli Mnangagva qaytgani aytilmoqda, u o‘tgan haftada iste'foga chiqarilgach, JARga qochib ketgandi. Yaqin vaqtlar ichida aynan u mamlakatning yangi prezidenti sifatida chiqish qilishi kutilmoqda. Zimbabvening hozirgi rahbari bilan JAR prezidenti Jyeykob Zuma uchrashgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Mugabe o‘zini hech qayerga chiqarishmayotganidan noligan.

Mavzuga oid