Kosovo bosh vaziri: Rejamiz - 2020 yilgacha NATOga a'zo bo‘lish
O‘zini o‘zi mustaqil deb e'lon qilgan Kosovo respublikasi hukumati rahbari Ramush Xaradinay 2020 yilgacha Prishtina NATO a'zosi bo‘lishini kutayotganini ochiqlagan, deb yozadi RIA Novosti Kosovo radio va televideniyesi (RTK) ga asoslanib.
Kosovo ozodlik armiyasining sobiq dala qo‘mondoni Xaradinay 14 noyabr kuni kunduzi Prishtinada o‘tkazilgan «NATO va g‘arbiy Bolqon — mintaqaviy dinamika va umumbashariy xavfsizlik tahdidlari» konferensiyasida ishtirok etgan.
«Kosovo qurollangan himoyaga ega va imkon qadar tezroq NATOga a'zo bo‘lishni istaydi. Umid qilamanki, 2020 yilgacha Kosovo dunyodagi eng qudratli harbiy tashkilotga a'zo bo‘ladi», — deya bosh vazirning so‘zlarini keltirmoqda telekanal.
O‘zini o‘zi mustaqil deb e'lon qilgan Kosovo respublikasi prezidenti Hoshim Tachi sentabr oyidayoq tan olinmagan davlatning to‘laqonli qurolli kuchlari yil so‘ngiga qadar NATO va AQSh yordamida shakllantirilishini ta'kidlab o‘tgan edi.
Tachi aprel oyida Kosovo xavfsizlik kuchlari (KXK)ni to‘laqonli armiyaga aylantirish haqidagi qonun loyihasini parlamentdan chaqirib olishga majbur bo‘lgan edi. Tan olinmagan davlatning konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish uchun 120 nafar deputatning kamidan uchdan ikki qismi roziligi talab etilar edi, bunga muxolifatchi deputatlar va «Serbskiy spisok» milliy ozchilik partiyasi a'zolari qarshilik qilishgan. Tachining boshqa yo‘l — KXKning vakolatlarini oddiy qonun qabul qilish orqali kengaytirish xalqaro hamjamiyatning, jumladan, Rossiya, YeI va AQShning qarshiligiga sabab bo‘ldi.
Kosovo-alban tuzilmalari 2008 yilning 17 fevralida bir tomonlama tartibda Serbiyadan mustaqillik e'lon qilishgan edi. AQSh va Yevropa ittifoqining ko‘plab davlatlari Kosovoning mustaqilligini tan olgan. Serbiya, Suriya, Rossiya, Xitoy, Isroil, Eron, Ispaniya, Gretsiya va boshqa bir qator davlatlar esa tan olmagan.
Mavzuga oid
20:43 / 12.11.2024
NATO bosh kotibi Ukrainadagi mojaro «trayektoriyasini» o‘zgartirishga chaqirdi
16:07 / 12.11.2024
Greenpeace: NATO harbiy jihatdan Rossiyadan sezilarli darajada ustundir
01:18 / 10.11.2024
Rossiyalik o‘qituvchilar «NATOdan himoyalanish uchun» folgadan qalpoqlar yasadi
10:09 / 09.11.2024