Jamiyat | 00:15 / 17.11.2017
10310
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Mariy El respublikasidagi avtohalokatda 15 kishi hayotdan ko‘z yumdi

Foto:Rossiya FVVning Mariy El respublikasi bo‘yicha bosh boshqarmasi / TASS

Rossiyaning Mariy El respublikasida 16 noyabrda xodalar tashuvchi “KamAZ” yuk mashinasi va "Mersedes Sprinter" yo‘lovchi mikroavtobusining to‘qnashuvi oqibatida 15 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 5 kishi jarohat oldi. Bu haqda “Interfaks” axborot agentligi xabar bermoqda.

Respublika ichki ishlar vazirligida ma'lum qilinishicha, yo‘l-transport hodisasi Moskva vaqti bilan soat 17:30larda “Yoshkar-Ola – Kozmodemyansk” avtomobil yo‘lining taxminan 64-kilometrida yuz bergan.  

Ma'lum qilinishicha, 16 noyabrda respublikada kun bo‘yi kuchli qor yog‘gan. 

Mikroavtobus 20 kishilik bo‘lib, tadbirkorga tegishli bo‘lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, mikroavtobus yo‘lovchilar bilan to‘la bo‘lgan. 

“Ro‘parama-ro‘para to‘qnashuv bo‘lmagan. Mikroavtobus yuk mashinasi tirkamasiga urilgan va shundan keyin yo‘l chetiga chiqib ketgan”, deyilgan ichki ishlar vazirligi xabarida.

Voqea joyiga Mariy El rahbari Aleksandr Yevstifeyev yo‘l olgan. Uning aytishicha, YTHga mikroavtobus haydovchisining omadsiz manyovri sabab bo‘lgan. “Yo‘lning bu qismi yaxshi holatda. Haydovchi yuk mashinasidan o‘tib ketmoqchi bo‘lgan va qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, o‘tib ketishga ulgura olmay, 40 kub metr yog‘och olib ketayotgan yuk mashinasiga urilib ketgan”, deb aytgan respublika rahbari.

Mavzuga oid