Yugurishni boshlash uchun arzigulik 5 sabab
Yugurish nafaqat vazn tashlashga, balki tana va qalb uyg‘unligiga erishishga yordam beradi. Ko‘pchilik yugurishni nima uchun yomon ko‘rishi ayon. Bu mashg‘ulot jismoniy noqulaylik, terlash va ba'zan yoqimsiz hid, yetarlicha tezlikka ega bo‘lmaslik natijasida hukm qilinishdan qo‘rqish bilan bog‘lanadi. Greatist shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.
Odamlarning yugurish bilan shug‘ullanishiga ko‘pincha shirinliklar iste'moli ortidan kelgan kaloriyalarni parchalash istagi sabab bo‘ladi. Inson nafaqat o‘z tanasini "jazolash" uchun, balki jismoniy va ruhiy jihatdan kuchli bo‘lish uchun ham yugurishi kerak.
1. Yugurish sizni kuchliroq qiladi
O‘zingizni kamdan-kam holatlarda kuchli deb his qilsangiz, yugurish, ayniqsa tez yugurish, bu muammoni hal qilishga qodir. Shiddat bilan oldinga intilayotganingizda kundalik hayotingizda his qilmaydigan hissiyotlarni boshdan kechirasiz. Bu o‘z tanangizni qadrlashga undaydi.
Tezligingiz oshganida yoki ikki kilometrga ko‘proq masofani bosib o‘tib, yangi ko‘rsatkichni qayd etganigizni his qilish juda ajoyib. Shunday bo‘lsa-da, hatto uch kilometrli sekin yugurish mashqlari ham zavq olib kelishi mumkin.
2. Yugurish fikr va hissiyotlaringizni "hazm qilish"ga yordam beradi
Agar siz doim band bo‘lsangiz va smartfon yoki kompyuterga bog‘langan bo‘lsangiz, nima haqida o‘ylayotganingiz va nimalarni his qilayotganingizni anglab yetishingizga vaqt yetmaydi. Aksariyat oson chalg‘iydi va yanada samaraliroq bo‘lish zaruratini his qiladi. Yugurayotganingizda o‘y-xayollaringiz bilan yolg‘iz qolasiz.
Bundan tashqari, siz o‘z his-tuyg‘ularingiz bilan uyg‘unlashuvga erishasiz. Siz quvonchdan boshlab to g‘azabgacha - barcha-barchasini "hazm qilishingiz" osonlashadi. Siz butun salbiy energiyangizni jismoniy harakatga yo‘naltirishingiz va shu tariqa g‘azabdan xalos bo‘lishingiz mumkin.
3. Yugurish o‘zingizni tirik his etish imkonini beradi
Oldinga qarab harakatlanayotganingizda kuchli zavq va hayajon qamrab olayotganini his qilasiz. Yugurish bilan professional shug‘ullanuvchilar doimiy tarzda buni his qilishi qiyin - hatto professionallar uchun ham vaqti-vaqti bilan charchash va sekin harakatlanish normal holatdir. Biroq o‘zingizni tetik his etishingiz uchun ham yugurishga chiqish tavsiya etiladi.
4. Yugurish — bu sizning vaqtingiz
Hordiq chiqarishning eng yaxshi usullaridan biri — bu sevimli musiqani yoqib, go‘zal manzaralardan bahramand bo‘lib yugurish. Hatto tosh o‘rmonlar bo‘ylab yugursangiz ham, o‘z shahringizni yanada yaxshiroq bilib olasiz. Biroq asosiysi — siz o‘z olamingizda bo‘lasiz va tanangiz, o‘y-xayollaringiz, his-tuyg‘ularingiz, musiqa va atrof-muhit uyg‘unligini his qilasiz.
5. Yugurish o‘zingizni sog‘lom his qilishingizga yordam beradi
Fitnes-mashqlar va parhezlar orasida yugurish asosiy rollardan birini o‘ynaydi. U o‘zingizni imkon qadar sog‘lom his qilishingizga yordam beradi. Yugurish siz shug‘ullanuvchi yagona sport turi bo‘lmasligi mumkin, biroq u tanangizga ko‘rsatayotgan ta'siri tufayli ham sevimli sport turingizga aylanishi mumkin.
Yugurish bilan shug‘ullanib, zavq olasiz va vaqtingizni zoye ketkazmaysiz. mashg‘ulotlar jadvalini qat'iy kuzatishga hojat yo‘q, agar marafonga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lmasangiz, albatta. Siz vaqtinchalik sportning boshqa turi bilan shug‘ullanishingiz, keyin esa, istak tug‘ilganda yana yugurishga qaytishingiz mumkin. Faqat ozish uchun yugurilganda esa, buni his qilib, zavq olishingiz amri mahol.
Mavzuga oid
11:42 / 17.11.2023
Davlat bayrog‘i kuniga bag‘ishlangan «Yangi nafas» ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi
10:20 / 15.11.2023
O‘zbekistonda davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan yugurish musobaqalari o‘tkaziladi
09:39 / 22.06.2023
Toshkent ommaviy yugurish musobaqalari o‘tkazilishi sababli bir necha ko‘chalar yopiladi
08:04 / 08.05.2023