Ushbu kuni mamlakatning har bir fuqarosi, O‘zbekiston ravnaqi, suvereniteti va milliy davlatchiligi g‘oyalari yo‘lida millatni birlashtirishga qaratilgan vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasiga qo‘shilishi mumkin.
Davlat bayrog‘i – davlat mustaqilligining ramzi bo‘lib, xalqaro miqyosda uning o‘zligini belgilaydi. 1991 yilning 18 noyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi va yosh respublika yangi maqom hamda yangi davlatchilik ramziga ega bo‘ldi. 32 yildan so‘ng mamlakatimizda o‘tkazilayotgan har bir tadbir O‘zbekistonning turli sohalarda, shu jumladan, katta va ommaviy sportda erishayotgan yutuqlarida ishonchli yo‘lni namoyish etgan holda, davlat bayrog‘ining ko‘tarilishi bilan bo‘lib o‘tmoqda.
Vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasining tashkilotchilari sifatida: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Asaka bank” ATV, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va srort vazirligi, «O‘zbekneftgaz» AJ va O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi ishtirok etmoqda.

Bayroq kuni munosabati bilan «Yangi nafas» ommaviy yugurish musobaqasi respublikaning 16 shahrida o‘tkaziladi. Mamlakatimizning bosh ramzi Andijon, Namangan, Farg‘ona, Nurafshon, Guliston, Jizzax, Samarqand, Termiz, Navoiy, Buxoro, Qorovulbozor, Qarshi, G‘uzor, Xiva, Nukus va Toshkent shaharlari yashovchilari tomonidan markaziy ko‘chalar bo‘ylab olib o‘tiladi. Poytaxtda start va finish zonasi Humo Arena sport-muz majmuasi maydonida joylashadi. Musobaqaning tasdiqlangan konsepsiyasiga ko‘ra, barcha shaharlarda yagona masofa 3 km, Toshkentda esa 3 km va 10 kilometrni tashkil qiladi.
“O‘zbekistonda ommaviy sport va yuqori natijalarga erishish uchun faol platforma yaratilgan, – dedi O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev, - Bir kun avval qit’amizning eng kuchli yuguruvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan yarim marafon bo‘yicha eng nufuzli Osiyo chempionatida sportchilarimiz kumush medalni qo‘lga kiritdi. Sportchilarimiz erishayotgan yuksak natija mamlakatimiz rahbariyati, sport marafonlari va ommaviy yugurish musobaqaslarining tashkilotchilari, yugurish klublari hamda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan sportni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasidir”.
Davlat bayrog‘i qabul qilingan kunni nishonlashga shuningdek boshqa mamlakatlardan sportchilar va yuguruvchilar ham qo‘shilishlari mumkin. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining tashabbusi bilan 2023 yilda Yangi nafas ommaviy yugurish musobaqasi xalqaro maqomga ega bo‘lib, musobaqada ishtirok etish uchun Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan sportchilar hamda yugurish klublari ishtirokchilari taklif etiladi. Yangi Nafas ommaviy yugurish musobaqasi Butunjahon Xalqaro yengil atletika federatsiyasining amaldagi qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi.
















