Jamiyat | 15:00 / 18.11.2017
42512
12 daqiqa o‘qiladi

Mahallalar ko‘mir olish uchun sun'iy navbatga duch kelishmoqda - Jomboydagi tiqilinchdan kim manfaatdor?

Tahririyatimizga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Jomboy ko‘mir ombori»da ko‘mir olishda sansalorlik va sun'iy yuzaga keltirilayotgan taqchillik ortidan turli «o‘yinlar»ga duch kelayotgan urgutlik fuqarolardan telefon orqali shikoyat kelib tushdi. 

Vaziyatga oydinlik kiritish, umuman, Samarqand viloyatida tabiiy gaz bilan ta'minlanmagan aholi xonadonlariga ko‘mir yetkazib berish qay ahvolda ekanligi bilan tanishish uchun viloyatdagi «Jomboy», «Zarafshon» va «Maroqand» ko‘mir omborlari bilan tanishdik.

Jomboydagi omborga borar ekanmiz, ko‘chaning ikki tomoni ellik chog‘li yuk mashinalarga to‘la ekanligi, odamlar ombor darvozasi oldida gavjumlashib turganiga guvoh bo‘ldik. Chap tarafdan navbatsiz omborga kirishga uringan avtomashinalardan birining haydovchisini kimdir chiqib so‘kdi. U ombor mudiri Orif Qurbonov ekan. O‘zimni tanishtirib, undan vaziyat haqida so‘radim. 

«Boshqalarga qat'iy navbatga ko‘ra, nogironlarga esa navbatsiz ko‘mir tarqatmoqdamiz», — dedi «Jomboy» ombori mudiri O.Qurbonov.

«Qaysi tumanlarga ko‘mir tarqatyapsizlar?»

«Bu yerdan Jomboy, Tayloq, Urgut, Payariq va Samarqand tumani aholisi ko‘mir olib ketmoqda. Oluvchi juda ko‘p, o‘z-o‘zidan navbat hosil bo‘ladi. 2–3 kunlab turganlar bor, yaxshi xabardorman. Kuniga 8–9 ta vagonni yuklab aholiga ko‘mir tarqatmoqdamiz. Ish vaqtimiz soat 17:00 ga bo‘lsa ham, kechgacha ishlayapmiz». 

Biroq Urgut tumani «Jayratepa» mahallasidan murojaat qilgan 1-guruh nogironi (ko‘zlari ojiz) Temur Nuriyevning hikoya qilishicha, qo‘liga ko‘mir olish uchun chek berilganidan so‘ng, «siz bu yerda turavermang, jiyaningizni qoldirib ketsangiz bo‘ldi, orqangizdan shu bugunoq yetkazamiz», deyilganidan so‘ng u 70 km uzoqlikdagi uyiga ketadi. Ko‘mir olish uchun qolgan jiyani «tog‘a, bular bugun ko‘mir beradiganga o‘xshamayapti», degach, qo‘shnisining mashinasida yana omborga qaytib keladi. «Bugun ombor yopildi, ertaga ertalab, birinchi navbatda olasiz», degan javobni eshitadi.

Ertasi kuni biz omborga yetib borganimizda, soat 15:30 edi. T.Nuriyevga ko‘mir shu vaqtda yuklab berilayotgan edi.

Ko‘chada navbat kutayotgan fuqarolarni sekin suhbatga tortamiz: Tayloq tumani «G‘ulba» mahallasidan kelgan D.Mamatqulova shunday deydi:

— Mahallamiz navbatga qo‘yilganida menga ko‘mir yetmasdan qolib ketdim. Mana endi 3 kundan beri sarsonman. Mahallaga ajratilgan kuni kelib ko‘mir ololsangiz oldingiz, bo‘lmasa mahallangiz keyingi marta navbatga qo‘yilganga qadar kutishga majbur bo‘lar ekansiz. 

«Har bir tuman yoki mahalla uchun navbat bilan bir kun, biror soat ajratilsa kishilar sarson bo‘lmas edi. Hozir aralash berib yotilibdi», — deb gapga aralashdi ko‘mir kutayotgan fuqarolardan yana biri.

«Bu yerda tanish-bilishlik juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Masalan, shu yerdagi Jomboyning mahalliy ZIL yuk avtomashinalari 25-30 km naridagi Tayloqqa 600 ming so‘mga, 50-60 km Urgutdagi qishloqlarga 700-750 ming so‘mga boryapti. Buncha pulga ko‘chada istalgan katta «Kamaz» mashinasi Toshkent shahrigacha boradi. Holbuki, ko‘chadan Urgutgacha 170-200 ming so‘mga mashina gaplashib kelsa bo‘ladi. Shuncha pulga gaplashib kelinganlar, mana, o‘ng tomonda turnaqator bo‘lib tizilib turishibdi. Chap tomondan navbatsiz kirishga urinayotganlar — Jomboyning mahalliy avtomashinalari. 700 ming so‘m bersangiz bas — Urgutga ko‘miringiz navbatsiz olib yetkaziladi», deb tushuntirishdi odamlar.

«Navbatda turgan bitta mashina ko‘mir olguncha, navbatsiz 4 ta mashina kirib chiqyapti. Hammasi ochiq-oydin. Kuni bo‘yi mashinani olib kelib, navbatga qo‘yib, ko‘mir ololmasligingiz mumkin. Ertasi kuni navbat boshqatdan shakllantiriladi. Tuni bilan navbatga turish uchun imkon yo‘q. Ombor mudiri YPX xodimlarini chaqirib, kechasi navbatda turgan yuk mashinalarini quvib yuboryapti. Axir bu turib bitgan zulmning o‘zginasi-yu?!» — dedi urgutlik fuqarolardan yana biri.

Albatta, bunday muhitga ko‘mir omborining aloqasi bo‘lmasligi ham mumkin, lekin tashqarida shunday muhit yaratilgani, fuqarolarni shilishdan kim manfaatdor, degan o‘rinli savol yuzaga keladi. Chunki, aytaylik 5 tonna ko‘mirni kilogrammini 156,60 so‘mdan 783 mingga xarid qilgan odam sovuqda 2-3 kunlab sarg‘aymayin desa, deyarli shuncha pul sarflab, uni yana 50 km naridagi uyiga olib borishga majbur bo‘lmoqda.

O.Qurbonov obekti temiryo‘llar tizimidagi maxfiy obekt (nimasi maxfiy ekan?!) ekanligini ro‘kach qilib, ish qanday tashkil etilganini suratga olishga izn bermadi. Lekin kuzatishimizcha, bitta yuklovchi traktor ishlamoqda. Omborning sig‘imi kichkina. O‘z-o‘zidan bunchalik navbat va uning ketidan turli qing‘irlikliklar yuzaga kelishi uchun barcha sharoit muhayyo.

Vaziyatdan dilimiz tang bo‘lib, ikkinchi ombor — Samarqand shahridagi «Zarafshon» ko‘mir omboriga keldik. 

Foto: Kun.uz

Bu yerda ham Urgut, Oqdaryo, Payariq kabi tumanlar mahallalariga ko‘mir berilayotgan ekan. Ombor ichida tumanlardagi mahalla fuqarolar yig‘ini raislari o‘tirib, kam ta'minlangan oilalarning hujjatlarini tartibga keltirib berishmoqda. Ajratilgan ko‘mir aholiga teng taqsimlanishini nazorat qilishmoqda.

Foto: Kun.uz

Urgut tumanining «Vag‘ashli» MFY raisi J.Bemuhammedov, «Kulollik» MFY raisasi D.Mahmadaminova, «Mang‘itobod» MFY raisi Sh.Rajabov, «Toshariq» MFY posboni B.Abduazizov navbati bilan o‘z mahallasi fuqarolariga ko‘mir olib berishmoqda.

B.Abduazizovning aytishicha, ularning mahallasi oldingi kunlar «Jomboy» ombori orqali ko‘mir olgan: «Aka, Jomboyda 4 kun turib, 2 ta oilaga ko‘mir olib bera oldik, xolos. Mahallamiz ko‘mirlarini majburlikdan bu omborga o‘tkazdik », deydi u.

Ko‘mirning sifatini tekshiramiz. Juda yaxshi. Aholi rozi. ZIL, «Isuzu» yuk mashinalari ham 200-220 ming so‘mga Urgutgacha eltib berishmoqda.

Foto: Kun.uz

Ombor mudiri Komil Asliyevning jurnaldan sanab ko‘rsatishicha, soat 15:30 gacha 63 ta mashinaga ko‘mir yuklab berilgan. Raqamlarga qaraymiz, o‘rtacha 4–6 tonnadan.

«Ko‘mirning mahallalarga bo‘linish tartibi qanday?» deb savol berdik K.Asliyevga.

— Ko‘mir temir yo‘l orqali vagonlarda keladi. Bir vagonda 69 tonna ko‘mir bo‘ladi. Respublikada bo‘lib beruvchi bo‘lim viloyatga telefon qilib, qancha ko‘mir jo‘natilganini aytadi. Viloyat tumanlarga vagonlarni bo‘ladi. Keyin tuman hokimiyati tabiiy gaz bilan ta'minlamagan mahallalarning hisobidan kelib chiqib, qaysi mahallaga necha tonna berilishi kerakligi aytadi. Biz bu yerda mahalla vakillari bilan qat'iy tartibga olib, ro‘yxatdagi barchaga ko‘mirni berib yuboryapmiz. Hech qanday muammo yuzaga kelayotgani yo‘q, — deydi K.Asliyev.

«Zarafshon» omborida relsda nimanidir kutib turgan uch ayol e'tiborimizni tortdi. Sekin suhbatga tortdik.

— Men Beknazarova Dilrabo, Urgut tumani «Algar» mahallasidanman. Bular qo‘shnilarimiz. Biz boquvchisini yo‘qotgan oila hisoblanamiz. Uchovimiz ham beva. Ko‘mirga bizning mahallaning navbati o‘tib ketgan ekan, bexabar qolibmiz. Ertalabdan beri kelib, kutib, ko‘mir ololganimiz yo‘q. Mahalla raisimiz kelishi kerak ekan, qo‘ng‘iroq qildik, kelishni paysalga solyapti.

Vaziyatni K.Aliyevga tushuntirdik. Ombor mudiri Urgut tuman hokimligiga qo‘ng‘iroq qilib, garchi bugun navbati bo‘lmasa-da, «Algar» mahallasiga ajratiladigan limit hisobidan fuqarolarga ko‘mir ajratilishini kelishdi va ushbu ayollar bugun ko‘mirsiz ketmasligini va'da berdi.

Quyosh botmasdan Past Darg‘om tumanidagi «Maroqand» ko‘mir omboriga yetib bordik. U yerda ombor mudiri Egamberdi Norov va xodimlardan boshqa hech kimni uchratmadik.

Omborga kira turib ko‘zga tashlangan birinchi narsa batartiblik bo‘ldi. Korxonaning nomi, ishonch telefon raqamlari, ko‘mir va ko‘mir briketi narxlari ko‘rinarli qilib yozib qo‘yilgan.

Foto: Kun.uz

«Qani ko‘mir, qani fuqarolar, mashinalar?» deb so‘radik qiziqsinib.

«Allaqachon tarqatib bo‘ldik», endi hisob-kitoblarni qilib uyga ketmoqchi bo‘lib turgandik», — deydi E.Norov.

«29 oktabrdan boshlab ko‘mir tarqata boshlagan bo‘lsak, shu paytgacha 24 ta vagonni aholiga tarqatib berdik, — deydi «Maroqand» ombor mudiri E.Norov. — Ayniqsa, ko‘mir yetkazib berish va uning nazorati Prezidentimiz qaroriga ko‘ra «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiga o‘tkazilgach ish mutlaqo boshqacha tarzda tashkil qilindi. Vagonlab ko‘mir kelmoqda. Oldingidan farqi shu bo‘ldi: ko‘mir ehtiyoji bor aholiga chindan ham yetib bormoqda, yetkazib berilmoqda. Hech kim ko‘mirsiz qolib ketmayapti. Urgut tumanining ayrim mahallalari, Past Darg‘om tumani aholisiga berib kelayotgan edik, ertadan boshlab Nurobod tumaniga ko‘mir tarqata boshlaymiz».

Biz bu yerda ham Jomboy omboridagi vaziyat haqida gapirdik.

«Yo‘q, bu yerda hech kim ko‘mirsiz qolib ketgani yo‘q, yoki ertasigacha kutib qolgan emas. Agar Jomboyda tiqilinch bo‘lsa bizga bersin vagonlarni, biz tarqatamiz. Omborimizdagi relsga 9 ta vagon sig‘adi. Mana, ko‘rib turibsiz, joyimiz keng-mo‘l. Har qanday yuk mashinasi sig‘adi. Ikkita yuklovchi transportimiz bor. Tarozimiz katta», — dedi E.Norov.

Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz
Foto: Kun.uz

Jomboyda xira bo‘lgan dil keyingi omborlarga borgach yorishdi. Tan olish kerak, boshqa omborlarda ham vaziyat shunaqa bo‘lsa-ya, deb cho‘chibroq turgan edik. Yo‘q, o‘z ishiga vijdonan, sidqidildan yondashadigan insonlar ham bor ekan. 

Modomiki Jomboyda shunday tiqilinch va aholining noroziligi yuzaga kelayotgan ekan, «Maroqand» omborining keng-mo‘l maydonidan foydalangan yaxshi emasmi? Mutasaddilar bu haqda bosh qotirib ko‘rishsa bo‘lar ekan.

Muddaomiz — respublika va viloyatdagi mutasaddilarni ko‘mirni tumanlarga taqsimlashda omborlarning joylashuvi va imkoniyatidan kelib chiqib yondashishga undash. Ana shunda sovuq va kuzning qisqa kunlarda fuqarolar qiynalishmas edi.

Shuhrat Shokirjonov,
KUN.UZ maxsus muxbiri

 

Mavzuga oid