O‘zbekiston | 12:20 / 18.11.2017
11045
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda ishlash uchun Yoshlar ittifoqi tavsiyanomasiga ega bo‘lish talab etiladimi?

Foto: turkrus.com

Janubiy Koreyaga mehnat muhojirligi uchun bormoqchi bo‘lgan yoshlar O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkilotining tavsiyanomasiga ega bo‘lishi shart emas. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiya masalalari agentligi vakili hamda O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi vakili Kun.uz muxbiriga xabar berdi.

«Hozirgi faoliyatimizda ishga borishni istagan talabgorlarga bunday majburiyat qo‘yilmagan. Shuningdek, tez orada bunday o‘zgarish bo‘lishi rejalashtirilmagan», deydi agentlik xodimi.

Gap shundaki, kuni kecha ijtimoiy tarmoq sahifalarida shunday mazmundagi mish-mish tarqagan edi. Unda aytilishicha, «​endilikda Koreyada ishlashni xohlagan yoshlar Yoshlar ittifoqi tomonidan tavsiyanomaga ega bo‘lishi zarur»​.

«Xabaringiz bor, foydalanishdan chiqarilgan kasb-hunar kollej hamda akademik litseylar Yoshlar ittifoqi tasarrufiga o‘tkazilmoqda. Ana shu binolardan maqsadli va samarali foydalanish uchun yoshlarga turli to‘garaklarda tahsil olish imkoniyatini yaratganmiz. Shular qatorida xorijda ishlash istagida bo‘lgan yoshlarni kasbga, tilga o‘rgatish kurslari ham tashkil qilinmoqda. Tabiiyki, kurs yakunida maxsus diplom va chet elda ishlash uchun tavsiyanoma taqdim etiladi. Bu Janubiy Koreyaga ishlashga ketmoqchi bo‘lganlar uchun ko‘mak vazifasini o‘taydi, majburiyat emas», deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi vakili.

Eslatib o‘tamiz, 6 noyabrdan boshlab, Mehnat faoliyatini yuritish uchun Janubiy Koreyaga ketish tartibi tubdan o‘zgargandi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid