Jahon | 09:15
646
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Kongressi migratsiya xizmati uchun 70 milliard dollar ajratdi

AQSh Kongressi migratsiya va chegara xavfsizligi tizimini moliyalashtirish uchun 70 milliard dollar ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tasdiqladi. Hujjat demokratlar tanqidiga qaramay qabul qilindi va endi prezident Donald Tramp imzosi uchun yuboriladi.

Foto: AP

AQSh Vakillar palatasi 9 iyun kuni mamlakatning migratsiya va chegara xizmatlari faoliyatini moliyalashtirishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi. Hujjatni 214 nafar kongressmen qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, 212 nafar qonun chiqaruvchi qarshi ovoz berdi.

Mazkur tashabbus avvalroq Senat tomonidan ham ma’qullangan. Qonun kuchga kirishi uchun endilikda uni prezident Donald Tramp imzolashi kerak.

Qonun loyihasiga muvofiq, mablag‘lar AQSh Immigratsiya va bojxona xizmati (ICE) hamda Bojxona va chegara muhofazasi xizmati (CBP) faoliyatini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Ajratilayotgan 70 milliard dollar uch yillik davrni, ya’ni Tramp prezidentlik muddatining qolgan qismini qamrab oladi.

Migratsiya idoralarini moliyalashtirish masalasi 2026 yil fevral oyida keskin bahslarga sabab bo‘lgan edi. O‘shanda Minnesota shtatidagi Minneapolis shahrida o‘tkazilgan antimigrantlik reydlari vaqtida ICE agentlari tomonidan ikki nafar mahalliy aholi — AQSh fuqarolari Rene Gud va Aleks Pretti otib o‘ldirilgan.

Rasmiylar har ikki holatda ham qurol ishlatilishi o‘zini himoya qilish maqsadida bo‘lganini ta’kidlagan. Biroq keyinchalik e’lon qilingan videotasvirlar ushbu bayonotlarga nisbatan jiddiy savollarni keltirib chiqargan.

Minneapolisdagi voqealar va ular atrofidagi mojaro AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning iste’fosiga ham sabab bo‘ldi. Tramp ma’muriyatining qat’iy migratsiya siyosati tarafdori bo‘lgan Noemning o‘rniga Markueyn Mallin tayinlangan.

Demokratlar yangi qonun loyihasini tanqid qilib, migratsiya idoralariga ajratilayotgan mablag‘lar ustidan kuchliroq nazorat o‘rnatish zarurligini ta’kidlamoqda. Respublikachilar esa mamlakat chegaralari xavfsizligini ta’minlash va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha resurslar zarurligini bildirmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid