Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“O‘g‘limning o‘rnidan boshqa bolani imtihonga kiritishgan” - Koreyaga ishga jo‘natish “biznesi” qurboni
Mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq kolossal firibgarlik tafsilotlari rasman ochila boshlagandan buyon, puliga kuygan vatandoshlardan Kun.uz’ga murojaatlar kela boshladi.
Murojaatchilardan biri – xatirchilik Otabek Sharipov. U nogiron bo‘lishiga qaramay, bor budini firib tizimining bir halqasi bo‘lmish o‘rtakashga ishonib topshirgan. Unga: “O‘g‘lingiz bir oy ichida Koreyaga ketadi”, deyishgan. Oradan yillar o‘tib, o‘rtakash hibsga olingan.
Bir muddat oldin Bosh prokuratura huzuridagi Departament Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh etgani haqida xabar bergandik.
- O‘zingizni tanishtiring.
- Men Sharipov Otabek, Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashayman. Nogironman. Bir o‘g‘lim, ikki qizim bor. Koreya davlatiga deb jyeton degan narsa tarqatildi. O‘g‘lim Toshkentda ishlardi.

- Qachon bo‘ldi bu?
- 2024 yilda. Keyin o‘g‘lim ham shu jyetonni oldi. 24 dollar to‘lanar ekan. Jyetonni olgandan keyin yo‘l-yo‘riqni ko‘rsatadigan odam bormi deb surishtirdik. O‘zimizning mahallada yashovchi Norxonov Baxtiyorni tavsiya qilishdi odamlar.
- Odamlar? Kimlar ular, tanishlarmi?
- Ha, tanishlarim tavsiya qildi. Gaplashdik. Toshkentga keling dedi. Norxonov Baxtiyorning o‘zi Toshkentda yasharkan. Uchrashdik. Aka, xarajatlarini qilsangiz, yo‘l-yo‘riqlarini o‘rgataman dedi. 10 mingdan 15 minggacha xarajati bor dedi. Men uyimning bir qismini sotgan edim. Yotgan pulimdan kechdim-da, bitta-yu-bitta o‘g‘lim Koreya davlatiga borib ishlasa, biz ham yaxshi kun ko‘rib ketamiz degan maqsadda, o‘sha pulni dollarga almashtirib, berdim. “Uch oygacha nasib bo‘lsa o‘g‘lingiz Koreya davlatiga kirib boradi”, dedi. Birinchi imtihonda o‘g‘limning o‘rniga bir tayinlangan bolani kirgizibdi ekan. Kirib, 86 ball olib chiqibdi. O‘g‘limga “ikkinchisiga o‘zing kirasan”, dedi. Pulni berdik. “Zagranpasport”ni oldik.
Keyin o‘g‘lim bir hafta davomida koreys tilini o‘rganish uchun qatnadi, 700 dollar berdik. Tilni o‘rgatadigan “Choson” degan joyga bordi. “Choson” migratsiya tashkiloti qoshida ekan. Ana shu Baxtiyor bizlarga maslahat berdi.
- Haftasiga 700 dollar olishdimi sizdan?
- Ha.
- Qanaqadir kvitansiya berdimi?
- 2025 yil ham keldi. Uchta-to‘rtta tanlov ham bo‘ldi, ammo o‘g‘lim ketmadi. Kunlardan bir kun “zo‘r yangiligim bor” dedi menga Baxtiyor va Koreyadan o‘g‘limga viza chaqirtirish uchun 4500 AQSh dollari so‘radi. 36 million so‘m yig‘a oldim. Berdim. 1500 dollarni Koreyaga borgandan keyin o‘g‘lingiz ishlab beradi, dedi. Keyin yana xarajatlarim bor, deb, o‘g‘limdan yana 1300 dollar olgan. Hammasi 15 ming dollar bo‘ldi. Bir oy ichida o‘g‘lingiz Koreyaga kirib boradi, dedi. 2026 yil keldi, mana. Men o‘g‘limning umri o‘tib ketayotganidan xavotir ola boshladim.
Shu orada korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari boshlandi. Firibgarlik bo‘yicha Norxonov Baxtiyorni ham ushlashibdi, qamoqqa tiqib qo‘yibdi ekan.
- O‘ylab ko‘rmadingizmi, pul bermasdan ham ketsa bo‘ladi-ku o‘sha Koreyaga.
- Buni o‘ylab ham ko‘rmadim. Bizlar yo‘l-yo‘rig‘ini bilmadik-da. Qayerga borib murojaat qilishlarini bilmadik. Faqat bizlarga shu xarajati bo‘lsa uch oyda, to‘rt oyda, besh oyda, uzog‘i bilan bir yil davomida kirg‘izib beraman degan gaplariga ishondik.
Mavzuga oid
19:24
O‘zbekiston va Senegal vakillari AQShda qattiq tekshiruvdan o‘tkazildi
18:06 / 08.06.2026
Rossiyada migrantlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish muddati qisqartiriladi
13:14 / 07.06.2026
Olti yildan buyon qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada ushlandi
08:48 / 05.06.2026