Sport | 18:50 / 18.11.2017
17300
6 daqiqa o‘qiladi

Intervyu. Galiulin nega uni terma jamoaga chaqirmasligi va boshqalar haqida

Foto: Sovetskiy sport

Rossiyaning «Tosno» klubi yarimhimoyachisi Vagiz Galiulin Rossiyaning «Sovetskiy Sport» nashriga intervyu berdi.

O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod bo‘lgan futbolchi suhbat davomida O‘zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyatsizligi, terma jamoaga nega chaqirilmagani va boshqalar haqida gapirib berdi.

«O‘zbekiston JCh-2018ga chiqishiga ishongandim»
– Terma jamoalar o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun tanaffus bo‘ldi. Siz 2012 yildan buyon O‘zbekiston terma jamoasiga chaqirilmaysiz. Yana taklif qilishlari mumkin degan umidingiz bormi?
– O‘zbekistonlik jurnalistlar hamon bu borada menga savol berib kelishadi. Men har doim terma jamoadan taklif kutganman. Terma jamoada men uchun noxush holatlar bo‘lgandi va shu sababdan meni shuncha vaqtdan buyon chaqirmay qo‘yishgandi. Hozir o‘sha odamlar yo‘q va men chaqiruvni kutmoqdaman. Ko‘ramiz qanday bo‘larkin? Agar terma jamoaga mos harakat qilsam – o‘ylaymanki, meni taklif qilishadi.

– Noxush holatlar deganda nimani nazarda tutdingiz?
–  Bu haqida gapira olmayman. O‘sha holatni ommaga ma'lum qilishim to‘g‘ri emas, deb o‘ylayman.

– Hozir sizni taklif qilishlariga hech qanday to‘siq yo‘qmi?
– Ha, ammo terma jamoa jahon chempionatiga chiqa olmagani uchun u yerda barchasi o‘zgardi. Yangi odamlar kelishdi, ularning oldiga yangi vazifalar qo‘yiladi. Hozir vaqtinchalik murabbiy tayinlashgan, keyin yangisini tayinlashadi. Hozircha terma jamoa oldiga qanday vazifa qo‘yilgani aniq emas. Natijalarni kuzatamiz va kutamiz.

– Terma jamoangizni kuzatib borish siz uchun qiziqmi?
– Albatta. Men barcha o‘yinlarni ko‘rib boraman, u yerda do‘stlarim to‘p surishadi. Jahon chempionatiga chiqish uchun shunday imkoniyatni boy berganimiz juda alamli bo‘ldi. Bitta gol yetishmadi.

– Qaysidir vaqtda terma jamoangizning Rossiyadagi mundialga yo‘l olishiga ishonganmidingiz?
– Ha, 90 foizga ishonchim komil edi. Xitoyga kutilmaganda 0:1 hisobida yutqazib qo‘yishdi va bu turnir jadvalidagi holatni butunlay o‘zgartirib yubordi. Uyda Janubiy Koreyani hech bo‘lmasa 1:0 hisobida yutish kerak edi. Bilaman, O‘zbekiston xitoyliklardan ancha kuchli, ammo ular ko‘p vaziyatlardan foydalana olishmadi va yakunda gol o‘tkazib yuborildi. Janubiy koreyaliklar bizga nisbatan kuchliroq, ammo ularni yutishimiz shart bo‘lib qolgandi, o‘yinda durang qayd etildi va biz mundialdan quruq qoldik.

«Ahmedov futbolni yopish kerakligini hissiyotga berilib ketganida aytgandi»
– O‘zbekiston JCh-2006 va JCh-2014 sarlashlarida mintaqaviy pley-offda yutqazib, yo‘llanmadan quruq qolgan. Birinchisida mehmonda kiritilgan gol, ikkinchisida penaltilar seriyasida. JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun faqat omad yetishmay qolganmi?
– Qo‘shilaman. Bu mana necha yildirki davom etib kelmoqda! Hamma gapirib keladiki, O‘zbekiston JChga chiqishi kerak, endi bunga to‘siq bo‘ladigan sabab yo‘q deb, ammo yakunda nimadir sodir bo‘ladi. Hattoki bir safar men yigitlarga va terma jamoa ma'murlariga JChga chiqqqanimiz bilan tabriklash mumkinligini aytgandim ham. Ammo ular javob berishgandi: «Yo‘q, Vagiz, yaxshi bilasan, terma jamoa bilan yakunda hamma narsa sodir bo‘lishi mumkin». Shunday bo‘ldi ham. Nima uchun shunday bilmadim, bu jumboq bo‘lib qolmoqda. Hozir butun o‘zbek futboli o‘zgarmoqda. O‘ylashimcha, bu yaxshi tomonga bo‘lmoqda. Milliy chempionatda jamoalar soni qisqartirildi va endi u qiziq o‘tishi kerak. Ko‘ramiz, kelgusida qanday bo‘larkin.

– Odil Ahmedovning Koreyaga qarshi o‘yinga qadar: «Yoki yutamiz, yoki O‘zbekistonda futbolni butunlay yopish kerak», degan gaplarini eshitganmisiz?
– Ha. Ammo o‘ylashimcha, Odil bu gaplarni hissiyotga berilgan vaqtda aytib yuborgandi. Keyin u O‘zbekiston televideniyesiga katta intervyu berdi va bu so‘zlari uchun uzr so‘radi ham. O‘zbekiston rostan ham yaxshi o‘ynagandi. Xitoyni yutganida, Koreya bilan durang o‘ynash yoki hattoki kichikroq hisobda yutqazish ham mundialga borish uchun kifoya qilardi.

– Terma jamoani yorqin kelajak kutmoqdami? Ular Qatarda bo‘lib o‘tadigan JChga chiqa oladimi?
– 2022 yilgacha vaziyat qanday bo‘ladi, bilmadim. Hozirgi terma jamoa futbolchilari yaxshi, pik formada edi: 1985-1987 yillarda tug‘ilgan yigitlar jamlangandi. Ularning barchasi tajribali va ideal yoshda - 28, 30. Hozir butun bir avlod almashmoqda. Yangi murabbiy va federatsiya terma jamoa oldiga qanday vazifa qo‘yadi, hozir bir narsa deyish qiyin. Balki yoshlarga yo‘l ochib, JCh-2026 maqsad qilinar? Hozircha bularning barchasi noma'lum bo‘lib turibdi.

– Terma jamoa murabbiylari sizni kuzatib borishiga ishonasizmi?
– Hozircha O‘zbekistonda yangi murabbiyni kutishmoqda, aftidan u xorijlik bo‘ladi. Meni kuzatishadimi, yoki yo‘q barchasi o‘sha murabbiyga bog‘liq bo‘ladi. Hozir esa bu savolga javobim yo‘q.

Mavzuga oid