Sport | 14:10 / 18.11.2017
7808
11 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy London uchun jang: Angliyada turning asosiy to‘qnashuvlari

Terma jamoalar uchun ajratilgan kunlar tugab, yana Yevropada klublar o‘rtasidagi musobaqalar davom ettirilmoqda. Bugun dunyoning eng tomoshabop chempionati deya ta'rif beriladigan Angliyada ham tur uchrashuvlari start oladi. Tribuna.Uz odatiga mos ravishda turning eng sara uchrashuvlariga batafsil to‘xtaladi.

Ushbu tur ham voqealarga boy bo‘lishi kutilmoqda. «Vest Hem» yangi bosh murabbiy Devid Moyyes boshchiligida dastlabki uchrashuvini o‘tkazadi. Zlatan Ibrahimovich va Pol Pogba (shuningdek, Markos Roxo ham) uzoq tanaffusdan so‘ng yana safga qaytadi. Britaniyadagi eng keskin derbilardan biri - Shimoliy London derbisida so‘nggi vaqtlarda yaxshi sport formasida bo‘lgan jamoalar o‘zaro hisob-kitob qilib oladi. Shuningdek, APL rekordlarini yangilab borayotgan Gvardiola va «Manchester Siti» mutlaq rekord uchun harakat qiladi. Demak boshlaymiz.

Angliya premer-ligasi
12-tur

Arsenal - Tottenhem
Boshlanish vaqti:
 17:30 (Toshkent vaqti bilan)
Translyatsiya: Futbol TV, Match! Futbol 1

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
«Arsenal» «Tottenhem»ga qarshi Angliya premer-ligasi doirasidagi so‘nggi olti uchrashuvdan buyon g‘alaba qozona olmayapti va bu jamoaning Shimoliy London derbilari tarixidagi eng uzoq davom etgan g‘alabasiz seriyasidir. To‘rtta uchrashuvda durang, ikki uchrashuvda «Tottenhem»ning qo‘li baland kelgan.

«Arsenal» hozirgi qadar beshta o‘y uchrashuvlarining barchasida g‘alaba qozondi va 2009/10 yilgi mavsumdan buyon ilk marta bunday natijaga erishdi. Jamoa so‘nggi marta 2007/08 yilgi mavsumda dastlabki 6 uy uchrashuvini yutgandi. 10 yillik tanaffusdan so‘ng londonliklar o‘z rekordini takrorlash imkoniyatiga ega.

Harri Keyn Shimoliy London derbisidagi barcha beshta uchrashuvning barchasida gol kiritgan. Uning hisobida jami 6ta gol bor. Faqatgina Emmanuel Adebayor (8) va Rober Pires (7) bu qarama-qarshilikda ingliz futbolchisidan ko‘proq gol urgan.

Maurisio Pochettino murabbiy sifatida Shimoliy London derbisida umuman mag‘lubiyatga uchramagan (2 g‘alaba, 4 durang), «Emireyts»da kechgan uchta uchrashuvning barchasi durang bilan tugagan.

Yo‘qotishlar

«Arsenal»da Santi Kasorla uzoq vaqtdan buyon maydonga tusha olmayapti. Hujumchi Olive Jiruning ishtiroki esa katta so‘roq ostida turibdi. Shkodran Mustafi va Denni Uelbekning holatiga bugungi tekshiruvlardan so‘ng aniqlik kiritiladi. Chaka va Koselni ham terma jamoalardagi o‘yinlardan keyin bu o‘yinga tushirilmasligi mumkin.

«Tottenhem»da Harri Keyn, Dele Alli, Harri Uinks, Ugo Loris va Mishel Vorm yana safga qaytdi va bu uchrashuvda ishtirok etishga tayyor holatda. Tobi Alderveyreld va Viktor Vanyama esa jarohati sabab uchrashuvda maydonga tusha olmaydi.

Lester Siti - Manchester Siti
Boshlanish vaqti: 20:00
Translyatsiya:
 UzReport, Match! Futbol 1

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

«Lester Siti» Angliya Premer-ligasi doirasidagi «Manchester Siti»ga qarshi so‘nggi uch uchrashuvning ikkitasida (1 mag‘lubiyat) g‘alaba qozongan. Jumladan o‘tgan mavsum Lesterda kechgan uchrashuvda 4:2 mezbonlar g‘alaba qozongan va uchrashuvda Jyeymi Vardi o‘tgan mavsumdagi yagona het-trikiga erishgan.

«Manchester Siti»ning APL 11-turidan so‘ng 31 ochko va to‘plar nisbatidagi +31 farqi liga tarixidagi rekord ko‘rsatkich sanaladi. «Siti» o‘z tarixida 12 uchrashuvda 34 ochko to‘plashni faqat bir marta 2011/12 yilda uddalagan va o‘sha mavsumda APL tarixida ilk marta jamoa chempionlik unvonini qo‘lga kiritgan.

«Manchester Siti» APLdagi mehmondagi dastlabki olti uchrashuvda g‘alaba qozongan ikkinchi jamoaga aylanishi mumkin. Bu borada rekord «Chelsi»ga tegishli. Jamoa 2008/09 yilgi mavsumda mehmondagi dastlabki sakkizta uchrashuvda g‘alabani o‘ziniki qilgan.

Serxio Aguero APL doirasida o‘zi ishtirok etgan so‘nggi beshta uchrashuvda gol urdi. 2016 yil mayida u ketma-ket olti uchrashuvda gol kiritib, shaxsiy rekordini o‘rnatgan. Bugun mazkur rekordni takrorlash imkoniyati unda mavjud.

Yo‘qotishlar

«Lester» tarkibida Ben Chiluell va Visente Iborra jarohatidan so‘ng fitness testdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Robert Hut va Metti Jyeyms esa jarohati sabab uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

«Manchester Siti» sardori Vinsan Kompani jarohatidan tuzalib safga qaytgan va diskvalifikatsiya tufayli uchrashuvni o‘tkazib yuboradigan Nikolas Otamendining o‘rnini egallashi mumkin. Argentinalik himoyachidan tashqari Benjamen Mendi jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Rahim Sterling va Fabian Delfning holati bugun aniq bo‘ladi. Argentina terma jamoasi o‘yini vaqtida hushini yo‘qotgan Serxio Agueroning holati esa juda yaxshi ekanini Gvardiolaning o‘zi ham tasdiqlagan.

Liverpul - Sauthempton
Boshlanish vaqti: 20:00
Translyatsiya:
 Match! Futbol 1 (yozib olingan holatda)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

«Sauthempton» «Liverpul»ga qarshi barcha musobaqalarda besh uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda (3 g‘alaba, 2 durang) va o‘z tarixida birinchi marta ketma-ket olti uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramaslikni uddalashi mumkin.

«Liverpul» APL doirasida «Enfild»da kechgan so‘nggi 32 uchrashuvning faqat ikkitasida mag‘lubiyatga uchragan (19 g‘alaba, 11 durang, 2 mag‘lubiyat).

Yurgen Klopp Premer-liga doirasida hali «Sauthempton»ni yenga olmagan (3 durang, 1 mag‘lubiyat), Bu murabbiyning APLdagi bir jamoaga qarshi («Manchester Yunayted»ni ham to‘rt uchrashuvdan buyon yuta olmagan) eng yomon ko‘rsatkichi sanaladi.

Muhammad Saloh (yettita gol urgan) «Liverpul» hujumchisi Robbi Faulerning APLdagi dastlabki 12 uchrashuvda 8ta gol kiritib o‘rnatgan rekordini yangilashi mumkin.

Yo‘qotishlar

«Liverpul» tarkibida Sadio Mane va Adam Lallana hali tayyor emas. Nataniel Klayn esa uzoq vaqtdan buyon maydonga tusha olmayapti. Jordon Henderson esa bu uchrashuvda maydonga qaytishi kutilmoqda.

«Sauthempton»da esa yagona yo‘qotish mavjud. Yarimhimoyachi Mario Lemina mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsada, hali to‘liq tiklanishga ulgurmagan.

Vest Bromvich - Chelsi
Boshlanish vaqti: 20:00
Translyatsiya:
 Match! Futbol 2

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

2012-2015 yillarda «Vest Bromvich» bilan mehmondagi ketma-ket 4 uchrashuvdan iborat muvaffaqiyatsiz (1 durang, 3 mag‘lubiyat) seriyadan keyin «Chelsi» bu stadiondan faqat g‘alaba bilan qaytmoqda. So‘nggi safarda jamoa Mishi Batshuayining goli evaziga chempionlikni rasmiylashtirgandi.

«Vest Bromvich» APLning amaldagi chempioniga qarshi o‘tkazgan barcha uy uchrashuvlarining 11tasida ham mag‘lubiyatga uchragan va bu borada to‘plar nisbati — 8-28.

Bu Antonio Kontening APLda «Chelsi» boshqaruvidagi 50-yubiley uchrashuvi bo‘ladi. Bu davrdan boshlab biror jamoa Konte va uning «Chelsi»si kabi (115 ochko) ko‘p ochko to‘play olmagan.

Alvaro Morata APL doirasidagi dastlabki 10 uchrashuvida 10 golda (7 gol, 3ta golli uzatma) ishtirok etgan. Bu borada faqatgina Diyego Kosta (11) undan yaxshiroq ko‘rsatkichga ega.

Yo‘qotishlar

«Vest Bromvich» tarkibida Nosir Shodli, Kreyg Douson va Jyeyms Morrison jarohati sabab o‘yinda ishtirok eta olmaydi, ammo Oliver Byork safga qaytishga tayyor.

Gari Keyhill jarohatidan tuzalib safga qaytgan. Konte bilan janjallashib qolgani aytilgan David Luiz ham bu uchrashuvda qaydnomaga kiritilgan.

Viktor Mozes va Mishi Batshuayi jarohati sabab bu  uchrashuvda maydonga tusha olmaydi. Denni Drinkuoterning ishtiroki esa so‘roq ostida turibdi.

Manchester Yunayted - Nyukasl Yunayted
Boshlanish vaqti: 22:30
Translyatsiya: 
Futbol TV, Match! Futbol 1.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

«Manchester Yunayted» «Nyukasl Yunayted»ga qarshi «Old Trafford»da kechgan so‘nggi 32 uchrashuvning 22tasida g‘alaba qozongan va faqat bir marta mag‘lubiyatga (22 g‘alaba, 9 durang, 1 mag‘lubiyat).

«Manchester Yunayted» APL doirasida o‘z stadionida kechgan so‘nggi 22 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga uchramayapti (12 g‘alaba, 10 durang) va so‘nggi olti uchrashuvda faqat g‘alaba qozongan. Jamoa so‘nggi marta 2010 yilning martida o‘z uyida ketma-ket yetti uchrashuvda g‘alaba qozonishni uddalagandi.

Rafael Benites uchta turli xil klub bilan «Old Trafford»da g‘alaba qozongan ilk murabbiyga aylanishi mumkin. U oldinroq «Chelsi» va«Liverpul» Manchesterdan g‘alaba bilan qaytgan.

Romelu Lukaku «Nyukasl»ga qarshi 8 uchrashuvda o‘ynab 9ta golda (5 gol, 4 golli uzatma) ishtirok etgan.

Yo‘qotishlar

Pol Pogba, Zlatan Ibrahimovich va Markos Roxo uzoq davom etgan jarohatlardan tuzaldi va «Manchester Yunayted» mashg‘ulotlariga qaytdi. Bu futbolchilarning o‘yindagi ishtiroki aniq bo‘lmasada, qaydnomadan o‘rin olgani ham ahamiyatga molik. Ammo himoyachi Fil Jons Angliya terma jamoasi yig‘ini vaqtida belidan olgan jarohati sabab o‘yinda ishtirok eta olmaydi.

«Nyukasl Yunayted» tarkibida esa Kristian Atsu, Jamaal Lassells, Pol Dammett va Mikel Merino jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Ammo darvozabon Rob Elliot va himoyachi Chiaran Klark safga qaytgan.

Boshqa uchrashuvlar
Bornmut - Haddersfild
Boshlanish vaqti:
 20:00

Byornli - Suonsi
Boshlanish vaqti:
 20:00

Kristal Pelas - Everton
Boshlanish vaqti:
 20:00

Uotford - Vest Hem
Boshlanish vaqti:
 19 noyabr, 21:00

Brayton - Stok Siti
Boshlanish vaqti
: 21 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00

 

Azamat Murodov tayyorladi

Azamat Murodov
Tayyorlagan Azamat Murodov
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid