Light | 22:25 / 20.11.2017
41507
5 daqiqa o‘qiladi

Suhbat. Filippindagi o‘zbekistonlik menejyerning muvaffaqiyat siri

O‘zbekistonlik Muhammaddiyor Islomov ayni paytda International Travel Network (Xalqaro sayyohlik tarmoqlari) kompaniyasining Filippin davlatidagi filialida ish boshqaruvchi lavozimida mehnat qilmoqda. Kompaniya tarixidagi eng yosh rahbar bu davrgacha Latviya poytaxti Riga shahrida faoliyat yuritgan. Uning muvaffaqiyat siri hamda boshdan kechirgan tajribasini o‘rganish maqsadida Kun.uz muxbiri Muhammaddiyor bilan suhbatlashishga qaror qildi.

«Barcha qatori maktab va litseyni tamomlagach, xorijda o‘qish istagi menda kuchlilik qildi. Shunday qilib, oddiy oiladan chiqqan o‘spirin katta orzular bilan 2011 yil Riga davlat texnika universitetiga o‘z hujjatlarini topshirdi», deb so‘z boshlaydi u.

Muhammaddiyorning aytishicha, Universitet imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tishi bilan barchasi «silliq» kechmagan.

«Rigada hayotimning eng qimmatli 5 yilini o‘tkazdim va shahar haqida benihoya fikrlarni bildirishim mumkin. Avvalo, bu shahar ko‘hna va tarixiy binolarga to‘la, sayyohlarni o‘ziga ohangrabodek tortib turuvchi poytaxt sanaladi. Garchi Latviyada yashash qiymati Yevropaning boshqa davlatlarinikidan arzon bo‘lsa-da, o‘zbekistonlik talaba uchun bu katta imtiyoz bera olmaydi. Bu zaruriyat bir vaqtning o‘zida tahsil olib, shu bilan birga ishlab, pul topishga majbur qildi. Men AQShning Latviyadagi International Travel Network kompaniyasida ishga joylashdim», deydi suhbatdosh.

Muhammaddiyor kompaniya filialining Xaridlar bo‘limida sotuvchi agent sifatida 4 yil ishlab, shu davrda universitetdagi o‘qishini ham davom ettirgan.

«Quvonarlisi, bedor kechalar, tinimsiz mehnat besamar ketmadi: RTU'da tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ketma-ket ikki yil xalqaro tadbirlar musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Musofirchilikda tahsil olish, buning ustiga ishlash - kimgadir begona tushuncha emas, ammo yosh yigitning oila a'zolari va vatanidan uzoqda bo‘lishi so‘z bilan ta'riflab bo‘lmas, qiyinchiliklarni boshdan kechirishini anglatadi», deya o‘z xotiralarini eslab o‘tdi u.

Endigina 24 yoshni qarshilagan Muhammaddiyor hayotdagi shaxsiy muvaffaqiyat siri haqida so‘z ochib, «​barchasi e'tiqod va halol mehnatda»​ mujassamlashganini aytadi. 

«​Bilasizmi, kishilar ko‘p mehnat qilishi bilan katta natijadan umidvor bo‘ladi. Aslida, uning bilimi, ayniqsa qilayotgan ishiga nisbatan va atrofdagi hodisalarga e'tiqodi uning kelajakda kim bo‘lishini belgilab berishini his qilishimiz zarur. Qolaversa, halol mehnatda gap ko‘p, xalqimiz «​rozi-rizolik bilan»​ deyishi​ - professional kasbda ko‘p asqotdi», deydi u. ​

Universitetdagi ta'lim jarayoni o‘z nihoyasiga yetishi bilan Islomov o‘zi ishlab kelayotgan kompaniya filialida ish boshqaruvchi (supervisor) sifatida yangi faoliyatini boshladi. 

2016 yil Muhammaddiyor rahbariyat tomonidan «Eng yaxshi ish boshqaruvchi» deb topilgan. Oradan bir yil o‘tib, kompaniyaning Filippinda yangi ochilgan filialida ish taklif qilindi.

«​Filippinda yashayotganimga uzoq muddat bo‘lmadi, lekin ishlarni o‘z vaqtida va a'lo darajada bajarib kelayotganim uchun joriy yil hisobidan «Yilning eng yaxshi ish boshqaruvchi» nominatsiyasida kompaniya rahbariyati tomonidan taqdirlandim. 

Ish faoliyatimizda asosiy ikki narsaga urg‘u bermoqchiman: birinchidan, bugungi ish unumdorligi kecha qilganlarimdan oshishi shart. Ikkinchidan, ish unumdorligini ko‘paytirishda kompaniya falsafasi va tamoyillaridan yiroqlashib ketmasligim zarur»​, deydi Islomov.

Uning aytishicha, O‘zbekistonda aynan sayyohlik va havo yo‘llarini rivojlantirish uchun elektron chipta savdosini qayta ishlab chiqish lozim.

«​Milliy va xalqaro tajriba o‘rtasidagi farq ish falsafasi, maqsad va boshqaruv yaqqol seziladi. Ta'kidlash joizki, elektron chiptalarni xarid qilish kompaniya faoliyatiga oid oddiy element bo‘lsada, uning mijozlar uchun sifatli va qulay taqdim etilishi ko‘p masalada ijobiy burilish yasay oladi. Shuningdek, ma'muriy boshqaruv va qarorlardan ko‘ra, umumiy ish strategiyasini qabul qilish, xususiy tadbirkor va sarmoyadorlar bilan hamkorlik qilish sayyohlik tarmog‘ini rivojlantirishga omil bo‘ladi.

O‘ylaymanki, kelajakda o‘z tajribamni O‘zbekistonda amaliyotga tatbiq etish uchun imkoniyat paydo bo‘ladi»​, deb fikrini yakunladi suhbatdoshimiz.

Mavzuga oid