O‘zbekiston | 12:58 / 23.11.2017
32149
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekenergo» AJ qish mavsumida aholiga energiya yetkazib berishni qanday rejalashtirmoqda?

Foto: O‘zbekenergo

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, elektr energiyasi balansi bo‘yicha 2017 yil aholiga 12 milliard kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berish rejalashtirilgandi. O‘tgan 10 oyli davr ichida respublika bo‘ylab, 39,8 milliard kilovatt elektr energiyasi iste'molchilarga yetkazib berilgan bo‘lib, shundan 10 milliard kilovatt energiya aholi talabini qondirish uchun ajratilgan. Bu haqda «O‘zbekenergo» AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Ro‘ziqul Rayimov KUN.UZ muxbiriga xabar qilgan.

Ma'lum qilinishicha, 2017 yil dekabr oyidan to 2018 yil 1 aprel kuniga qadar 2016/17 yilgi kuz-qish mavsumida respublika bo‘ylab jami yetkazib berilgan elektr energiya hajmidan 1,377 milliard kilovatt soat ko‘proq yetkazib berish maqsad qilingan. Shulardan, qishki mavsum uchun tuzilgan rejadagi taqsimotdan 500 million kilovatt soat ko‘p elektr energiyasi aholi iste'moli uchun yetkazib berilishi kutilmoqda.

«Energosotish» filiali direktori o‘rinbosari Botir Alimovning KUN.UZ'ga ma'lum qilishicha, “qishki mavsumda energiya yetkazib berish taqsimotini shakllantirish asosan uni ishlab chiqarishga sarflanadigan yoqilg‘iga bog‘liq“.

«Bu yil asosiy e'tiborni Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatiga qaratmoqdamiz. Gap shundaki, avval, Qirg‘iziston Respublikasidan sotib olingan elektr energiyasi vodiy aholisiga yetkazib berilgan, bugungi kunda shu omil tufayli elektr energiyasini yetkazib berishda tanqislik yuz bermoqda. Shuningdek, 2017 yil 10 oy yakunidagi sarhisobga e'tibor qaratsak, tahlillar shuni ko‘rsatadiki, vodiy viloyatlarida aholi ko‘p va iste'mol sarfi ham nisbatan oshiqcha bo‘lishi tabiiy», – deydi Botir Alimov.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p elektr energiyasi Samarqand viloyati va vodiy viloyatlariga yetkazib berilgan. 2017 yilning 10 oyida Samarqand viloyati aholisiga 216 million kilovatt soat, Andijon viloyatiga 132 million kilovatt soat, Namangan viloyatiga 134 million kilovatt soat, Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi aholiga esa 125 million kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.

Mavzuga oid