Fan-texnika | 19:40 / 24.11.2017
15556
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung Galaxy S9: Old panelning 90 foizini ekran egallaydi

Shu hafta avvalida tarmoqda Samsung kompaniyasining bo‘lg‘usi flagmani - Galaxy S9'ning suratlari paydo bo‘ldi. Smartfon g‘ilofda bo‘lgani bois uning ikki kamerali old panelinigina ko‘zdan kechirish mumkin bo‘ldi. Hi-Tech shu haqidagi xabari bilan bo‘lishdi.

Aftidan, Samsung Galaxy S9'ga biometrik sensor o‘rnatishning konservativ variantida to‘xtagan ko‘rinadi. Kompaniya hozircha barmoq izlari skanerini ekranga o‘rnatishning uddasidan chiqa olganicha yo‘q, pastki qismida o‘yma bo‘lgan ekran haqidagi gap-so‘zlar esa o‘z tasdig‘ini topmadi. 

Ba'zi manbalarning ta'kidlashicha, smartfon hoshiyalari g‘ilofda ko‘ringandan-da ingichka. Anonim, lekin ishonchli manbalar ekran va smartfon korpusi o‘rtasidagi nisbat 90 foizdan oshishini aytishmoqda.

Foto: hi-tech.mail.ru

Bu degani Galaxy S9 va S9 + smartfonlari frontal yuzasining faqat 10 foizga yaqinigina displey hoshiyasini tashkil qilishini bildiradi, buni tasavvur qilish qiyin. Galaxy S8, S8 + va Note 8'da esa ekran va korpus nisbati - 84 foiz atrofida. Qolgan raqobatlashayotgan hoshiyasiz smartfonlar 82-85 foiz ko‘rsatkichlari bilan maqtana oladi, Xiaomi Mi MIX 2 uchun bundan-da katta raqamlar aytilayotgan bo‘lsa-da, hozircha bunga ishonish qiyin.

Shunga qaramay, Samsung yanvar oyida 90 foizli ekranga ega, barcha zarur datchiklar va frontal kamerani qolgan 10 foizga joylagan smartfonini taqdim eta olsa, 2018 yildagi yetakchilikni qo‘lga kiritadi. 

Mavzuga oid