Light | 12:00 / 28.11.2017
19497
3 daqiqa o‘qiladi

Nik Vuychich baxtli bo‘lishning 3 uslubi haqida so‘z yuritdi

Foto: RIA "Novosti"

Yozuvchi, metsenat va kishilarni ruhlantiruvchi notiq Nik Vuychich Synergy Global Forum anjumanida ishtirok etib, o‘zini baxtli his qilishning uch usuli haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Menimcha, tushkunlikka tushgan har qanday kishi yoki o‘zini baxtli his qilishni istagan odam, o‘tirib, shukr qilishi kerak bo‘lgan 5-10 narsa haqida yozishi kerak. U bu holatdan yakka o‘zi o‘tishi kerak emasligini ham yoddan chiqarmasligi lozim, — barchamiz ba'zan kim bilandir dardlashgimiz keladi. Va yana, yordam so‘rash mumkinligini ham unutmaslik kerak. Yordam so‘rashdan qo‘rqish kerak emas. Bu ikkinchi usuli", — degan Vuychich jurnalistlarga. 

Kishi o‘zini baxtli his qilishning uchinchi yo‘li, Vuychich nazdida yordamga muhtoj kishiga ko‘mak berishdir.

"Ba'zida bizda yordamga zarurat paydo bo‘ladi. Bu vaqtda qalbni tinchlantirishning eng yaxshi usuli bu boshqa ehtiyojmandga yordam berishdir. Sen saratondan xastalangan bolalar davolanayotgan shifoxonaga borib ularning biroz bo‘lsa-da xursand bo‘lishiga imkon berishing mumkin. Sen o‘zingga bo‘lgan e'tiborni boshqalarga qaratar ekansan, hayotdagi yangi maqsadni ko‘ra boshlaysan. Hayotingda mazmun-maqsad bo‘lsa, davolana olasan", — deb qo‘shimcha qilgan. 

Synergy Global Forum biznes forumi 27-28 noyabr kunlari Moskvada bo‘lib o‘tmoqda. U o‘z toifasida jahondagi eng yirik anjumanga aylanishi kutilmoqda. Unda 19,5 ming kishi qatnashishi kutilmoqda. 

Vuychich noyob irsiy kasallik - tetraameliya bilan dunyoga kelgan bo‘lib, uning ikki qo‘li va oyog‘i yo‘q. Shunga qaramay, bu unga yurishni o‘rganishga, sport bilan shug‘ullanishga, kompyuterda ishlashni o‘rganishiga, mashhur ruhlantiruvchi notiq, yozuvchi va metsenat bo‘lishiga to‘siq bo‘la olmadi. 

U butun dunyo bo‘ylab ma'ruzalar qiladi, teleshoularda ishtirok etadi va kitoblar yozadi. 

Mavzuga oid