Daniya parlamenti a'zosi Ida Auken kelajakdagi hayotni qanday tasavvur etishi haqida esse yozdi
2030 yilga xush kelibsiz. Shahrimga, to‘g‘rirog‘i “shahrimizga” xush kelibsiz. Mening hech qanday mulkim yo‘q. Mashinam yo‘q. Uyim yo‘q. Hech qanday qurilma va kiyim-kechaklar ham yo‘q.

Bu sizga g‘alati ko‘rinishi mumkin, biroq shahrimizning jozibasi ana shunda. Siz mahsulot deb hisoblagan barcha narsalar xizmatga aylandi. Biz transport, turar-joy, oziq-ovqat va kundalik hayotda zarur bo‘lgan barcha narsalarni olish imkoniyatiga egamiz. Bu buyumlarning bari asta-sekin bepul bo‘ldi, shuning uchun ham bizda biror narsani xarid qilish zaruriyati mavjud emas.
Dastlab axborot raqamli va barcha uchun bepul bo‘ldi. Keyin esa sof energiya ham bepul bo‘ldi. Bari tezda o‘zgara boshladi. Transport narxi keskin tushib ketdi. Avtomobilga ega bo‘lishning ma'nisi qolmadi, chunki bir necha daqiqa mobaynida haydovchisiz avtoulov yoki uzoqroq sayohatlar uchun uchadigan mashinani chaqirish mumkin.
Harakatlanish ancha tartibli ko‘rinishga ega bo‘ldi, chunki jamoat transporti avtoulovga qaraganda osonroq, tezroq va qulayroq. Hozirda tirbandliklar, havoning ichki yonish dvigatellari tomonidan ifloslantirilishiga xotirjam munosabat qilganimizga ishona olmayman. Nima haqida o‘ylagan ekanmiz?
Ba'zida velosipedda do‘stlarimnikiga boraman. Menga jismoniy mashqlar, velosipedda uchish yoqadi. Bu yoqimli sayohat. Qiziq, ayrim narsalar zavq-shavq beraveradi: sayr, velosipedda uchish, taom tayyorlash, rasm chizish va o‘simliklarni yetishtirish. Bu mantiqan to‘g‘ri va madaniyatimiz tabiat bilan yaqin munosabatlardan paydo bo‘lganini yodga soladi.
«Ekologik muammolar shu darajada uzoq bo‘lib ko‘rinadiki»
Shahrimizda ijara to‘lovi mavjud emas, chunki istalgan kishi zarur bo‘lganida bo‘sh joydan foydalanishi mumkin. Men bo‘lmaganimda mehmonxonamdan ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazishda foydalanishadi.
Bir kuni o‘zim uchun taom tayyorlashga qaror qildim. Bu oddiy – kerakli oshxona qurilmasini bir necha daqiqalarda keltirishadi. Transport bepul bo‘lgani sababli uyda hech narsani saqlamay qo‘ydik. Spagetti pishirgich va tovalarni javonda saqlashning nima keragi bor, axir kerak bo‘lganida ularga buyurtma berish mumkin-ku.









