Jahon | 12:20 / 30.11.2017
6945
3 daqiqa o‘qiladi

Olmaotadagi eng asosiy ko‘chaga ham Nazarboyev nomi berildi

Foto: Tengrinews

Olmaotadagi Furmanov ko‘chasi Nursulton Nazarboyev nomidagi shohko‘chaga aylantirildi, deb xabar bermoqda qozoq OAV.

Xabar qilinishicha, Olmaota shahar maslahatining VI-chaqirig‘i sessiyasi davomida megapolis aholisining ko‘plab takliflari hisobga olingan holda, shahar onomastik komissiyasi va Qozog‘iston Respublikasi hukumati huzuridagi Respublika onomastik komissiyasi bilan muvofiqlashgan tarzda Olmaota shahrining eng asosiy ko‘chalaridan biriga Qozog‘iston Respublikasi prezidenti – Nursulton Abishevich Nazarboyev nomini berish haqida qaror qabul qilingan.

Olmaota hokimi Baurjon Baybekning sessiya davomida ta'kidlashicha, onomastik komissiyaga 112 ta takrorlanuvchi ko‘chalarni qayta nomlash to‘g‘risida taklif kiritilganidan so‘ng ziyolilar, nodavlat notijorat tashkilotlar, shaharliklar va yoshlardan mustaqil Qozog‘iston asoschisi bo‘lgan Nazarboyev nomini megapolisdagi eng asosiy ko‘chalardan biri – Furmanov ko‘chasiga berish haqida ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.

"Joriy yilda biz Ostonaning 20 yilligini nishonlamoqdamiz. Agarda eslasak, tarixning o‘zi Yo‘lboshining poytaxtni ko‘chirish haqidagi qarori naqadar uzoqni ko‘ra bilish va to‘g‘ri ekanini isbotlab berdi. Hamda nafaqat Yevroosiyo markazida yangi zamonaviy shaharni yaratish nuqtai nazaridan, balki Olmaotaning rivojlanishi bo‘yicha ham u mamlakatning ishbilarmonlik markazi sifatida kuchli turtki oldi. Bu qaror prezidentning iqtisodiy islohotlari bilan birga xususiy tashabbusni, tadbirkorlik ruhiyati rivojlanishini rag‘batlantirdi. Bugungi kunda Olmaota – bu mintaqaviy o‘ziga tortuvchi kuch, Markaziy Osiyodagi eng yirik megapolis", - degan Baurjon Baybek.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning nomi birinchi marta o‘n yil muqaddam Iordaniya poytaxti Ammanga va Checheniston Respublikasi poytaxti Grozniy shahridagi ko‘chalarga berilgan. Bundan tashqari, Qozog‘iston birinchi prezidenti bilan atalgan ko‘chalar Turkiyaning bir necha shahrida bor. Tatariston poytaxti – Qozon shahridagi magistral ko‘cha ham Nursulton Nazarboyev nomi bilan yuritiladi.

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Qo‘stanayda mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuvda o‘zining “vorisini" uchratgani xabar berilgandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid