O‘zbekiston | 10:45 / 01.12.2017
17112
3 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatchilarni ovqatlantirish autsorsingga topshiriladi

Foto: O‘zA

Vazirlar Mahkamasining 24.11.2017 yildagi 942-son O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi qo‘shinlaridagi harbiy xizmatchilarni ovqatlantirish sifatini tubdan yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori e'lon qilindi.

Norma.uz’ning xabar berishicha, hujjat bilan autsorsing sharoitida Mudofaa vazirligi bo‘linmalari shaxsiy tarkibini ovqatlantirishni tashkillashtirish ko‘zda tutiladi. Ya'ni ushbu maqsadlarda umumiy ovqatlanish korxonalari (autsorserlar) shartnoma asosida jalb etiladi. Autsorsing - shartnoma asosida tashqi manbalardan, ya'ni autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi korxonalar xizmatidan foydalanishdir.
 
O‘z navbatida, mazkur tizim safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonlarida, harbiy ta'lim va davolash muassasalarida joriy etiladi.

Autsorserlarni saralash

Autsorsing bo‘yicha shartnomalarni tuzish uchun talabgorlarni aniqlash jarayonida umumiy ovqatlanish sohasida katta tajribaga ega bo‘lgan va o‘z tashabbusi bilan oshxonalar holatini yaxshilashga tayyor bo‘lgan korxonalar afzal ko‘riladi. Shuningdek, tegishli moliyaviy, moddiy-texnik hamda logistik bazaning mavjudligi inobatga olinadi.

Autsorserlar xizmatiga haq to‘lash

Autsorserlar xizmati uchun to‘lovni Mudofaa vazirligi bir nafar harbiy xizmatchi uchun oziq-ovqat mahsulotlariga amaldagi o‘rtacha bozor narxlari bo‘yicha ovqatlanish normasidan kelib chiqqan holda belgilaydi. Ushbu narxlarning cheklangan darajasini Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari taqdim etadi.  
 
Autsorserlar xizmati uchun ustama 20%dan oshmasligi va ularning barcha xarajatlarini (soliqlar, xodimlarning ish haqi, transport xizmatlari va boshqalar) o‘z ichiga olishi kerak. Ijara shartnomasi asosida beriladigan ishlab chiqarish binolari, asbob-uskunalar va oshxona mebellaridan foydalanganlik uchun to‘lovlar “nul” stavka bo‘yicha belgilanadi. Ovqat tayyorlash jarayonida foydalaniladigan kommunal xizmatlar qiymati Mudofaa vazirligining byudjyetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Harbiy xizmatchilarni ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish

Harbiy qismlar joylashgan joylarga chiqib, ovqatlantirishning sifati, narx belgilanishi bo‘yicha talablarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish viloyatlar va poytaxt hokimlari zimmasiga yuklatildi. Shuningdek, hokimlar autsorserlarga oziq-ovqat mahsulotlarini bevosita fermer xo‘jaliklaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida xarid qilishlarida ko‘mak beradi.

Mudofaa vazirligi bo‘linmalarining shaxsiy tarkibini ovqatlantirishni tashkil etish bo‘yicha autsorsing xizmatlarini ko‘rsatish tartibi 1.04.2018 yilgacha ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. 

Hujjat 28.11.2017 yildan kuchga kirdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid