Jahon | 07:38 / 02.12.2017
6155
2 daqiqa o‘qiladi

Havayida yadroviy zarbadan ogohlantiruvchi tizim sinovdan o‘tkazildi

Foto: Global Look Press

1 dekabrda AQShning Havayi shtatida Ikkinchi jahon urushidan keyin birinchi marta yadroviy zarbadan ogohlantiruvchi tizim sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda ABC telekanali xabar bermoqda.

“Yig‘layotgan sirena” deb nomlangan ogohlantirish tizimi bu yerda ko‘nikib ketilgan sunami xavfi haqidagi signaldan keyin yangragan. Mahalliy hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, Shimoliy Koreya tomondan raketa otilsa, Havayi orollari aholisida panagohlarda yashirinish uchun 20 daqiqadan kamroq vaqt bo‘ladi.

Ta'kidlanishicha, Havayi oxirgi 25 yil ichida bunday tizim sinalayotgan AQShdagi birinchi shtat bo‘ldi. Orollarda fuqarolik obektlaridan tashqari, ko‘plab harbiy obektlar, jumladan Oaxu orolida Tinch okeani qo‘mondonligi bosh bazasi joylashgan.

Sinov Shimoliy Koreya tomondan navbatdagi raketa otilishidan 3 kun o‘tib o‘tkazildi.

29 noyabrga o‘tar kechasi Shimoliy Koreya “Xvason-14” qit'alararo ballistik raketasini uchirdi. Raketa 4475 km balandlikka ko‘tarilib, 950 km masofa uchib o‘tgan.

Raketa 53 daqiqa uchib, so‘ngra Yaponiyaning Aomori prefekturasidan 250 km uzoqlikda dengizga tushgan. Janubiy Koreya, Yaponiya va AQSh harbiylarining baholashicha, bu raketa o‘z ko‘rsatkichlari bo‘yicha barcha avvalgi raketalardan ustunroqdir.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid