Jamiyat | 17:55 / 04.12.2017
14875
3 daqiqa o‘qiladi

Og‘u atrofida birlashgan zanjir

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Giyohvandlikka “asr vabosi”, “umr zavoli”, “taraqqiyot kushandasi” degan ta'riflar berilishi bejiz emas. Chunki u millionlab insonlar hayotiga chang solib, qanchadan-qancha oilalarni parokanda etadi va shu orqali jamiyat rivojiga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Shu bois, dunyo hamjamiyati tomonidan, jumladan, mamlakatda ham bu illatga qarshi keng qamrovli kurash olib boriladi.

Mazkur yo‘nalishda tizimli targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan giyohvand moddalarni noqonuniy tarzda yetishtiruvchi va oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilar uni iste'mol qiluvchi kishilar borligi achinarli hol. Yaqinda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvandlik vositalarini noqonuniy tarzda yetishtirib, oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Xususan, Qarshi shahridagi “Bilayn” kompaniyasi ofisi oldida fuqaro G‘anisher Aliyevning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) shubhali harakatlari e'tiborni tortdi. Bu bejiz emasligi tezda ayon bo‘ldi: uning egnidagi kurtka cho‘ntagida qog‘oz parchasiga o‘ralgan holatdagi og‘irligi 1,2 gramm giyohvandlik moddasi bor ekan, deb xabar bermoqda Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, G‘anisher mazkur giyohvandlik moddasini avvalroq Rossiya Federatsiyasida tanishgan Fozil Salimovdan 70 ming so‘m evaziga sotib olgan.

Shundan so‘ng tadbir davom ettirilib, Qarshi shahridagi “Yerqo‘rg‘on” dehqon (oziq-ovqat) bozori hududida Fozil Salimov hamda uning boshqaruvidagi “VAZ-2103” rusumli transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Mashinaning haydovchi o‘rindig‘i ostida sotish uchun mo‘ljallangan 5 dona qog‘oz parchalariga o‘ralgan, og‘irligi 6,3 gramm giyohvand modda borligi aniqlandi.

Surishtirishlarda shu narsa ayon bo‘ldiki, G‘anisher Aliyev hamda Fozil Salimovni “zahri qotil” bilan Qarshi tumani Soxtapiyoz qishlog‘ida yashovchi Normat Aminov ta'minlab kelgan. Shunga ko‘ra, N.Aminovning xonadoni ko‘zdan kechirilganida, hovlining turli joylarida 6 tup o‘simlik yashirincha parvarishlanayotgani ma'lum bo‘ldi. Bundan tashqari, uning yashash uyida hamda Qarshi shahar 5-mittituman 6-uyda vaqtincha istiqomat qilib kelgan xonadonida og‘irligi 45,4 gramm bo‘lgan quritilgan holdagi giyohvandlik moddalari noqonuniy saqlab kelingani fosh etildi.

Viloyat IIB EKB ekspert xulosalariga ko‘ra, ashyoviy dalil sifatida olingan giyohvandlik vositalari marixuana va kannabis ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Hozirda mazkur huquqbuzarlik holati bo‘yicha JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid