O‘zbekiston | 12:35 / 05.12.2017
30433
3 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda O‘zbekiston aholisi ro‘yxatga olinadi

Foto: Xalqaro Press-klub

Butun dunyo mamlakatlari 2020 yili aholini ro‘yxatga olish amaliyotini o‘tkazadi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda ham bu vaqtgacha normativ hujjatlar qabul qilinsa, Davlat statistika qo‘mitasi bu ishni amalga oshirishga shay. Bu haqda Qo‘mita raisi o‘rinbosari Mahmudjon Ziyodullayev XPK sessiyasida ma'lum qildi. 

Ma'lumki, O‘zbekiston aholisi oxirgi marotaba mustaqillikdan avval, 1989 yilda ro‘yxatga olingan. Vaholanki rivojlangan davlatlarda bunday tadbir har 10 yilda tashkil qilinadi. Aholini ro‘yxatga olish tadbirining muhimligi shundaki, u o‘z ichiga ko‘p narsalarni qamrab oladi. 

“Bu orqali aholi soni, tarkibi, ta'lim darajasi, turar joy bilan taminlanganligi, sog‘liqni saqlash va bir qancha ko‘rsatkichlarga oydinlik kiritiladi. BMT taklifiga asosan 1989 yildan keyin muntazam ravishda respublika aholi soni bo‘yicha ma'lumotlar IIV va Adliya vazirligining FHDYo bo‘limlaridan tug‘ilganlik, vafot etganlik, fuqaroning ko‘chib ketganligi yoki kelganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar har oyda shakllantirib boriladi”, - dedi Ziyodullayev. 

Davlat statistika qo‘mitasi Raisining ijtimoiy statistika bo‘yicha o‘rinbosari Mahmudjon Ziyodullayev
Foto: Xalqaro Press-klub

Uning aytishicha, so‘nggi ma'lumotlarga binoan, 2017 yilning ilk 9 oyi mobaynida O‘zbekiston aholisi 32,5 million kishini tashkil etgan. Shundan 523 mingi yangi tug‘ilgan chaqaloq bo‘lsa, 116 mingdan ortiq fuqaro vafot etgan. 192 mingdan ziyod nikoh ro‘yxatdan o‘tgan, 23 ming oila ajralishga qaror qilgan. 

“Ko‘chib kelgan fuqarolar soni 120 mingni tashkil qildi, 136 mingga yaqin fuqaro bir hududdan ikkinchi hududga yoki xorijga ko‘chib ketdi. Bundan keyin, Prezident farmoyishiga asosan har 10 yilda 1 marta aholini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tadbiri yo‘lga qo‘yiladi. Hukumat tomonidan topshiriq berilgandan so‘ng bu tadbir amalga oshiriladi. Butun dunyoda 2020 yilda bu tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. O‘sha kungacha normativ hujjatlar tayyor bo‘lsa, qo‘mita bu amaliyotni o‘tkazishga har doim shay. Buning uchun qo‘mita xodimlari BMT treninglarida ishtirok etib, o‘z tajribalarini oshirmoqdalar”, - dedi Ziyodullayev Xalqaro Press-klub sessiyasida.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid