Sport | 10:20 / 05.12.2017
37385
2 daqiqa o‘qiladi

Artur Taymazov: Sportchilar taqdirini umrida mashq qilmaganlar hal qilmoqda

Foto: Grigoriy Sysoyev/TASS

Olimpiya o‘yinlarida sportning erkin kurash turi bo‘yicha ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan Artur Taymazov sportchilarning taqdirini umrida biror marta mashq qilmagan kishilar hal qilayotganidan afsusda ekanini bildirdi. U bu haqda TASS agentligiga bergan intervyusida bayonot berdi

Sport hakamlik sudi (CAS) Taymazovning Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi qarori yuzasidan bergan apellyatsiyasini rad etdi. HOQ uni 2008 yilgi Olimpiya o‘yinlari oltin medalidan mahrum etgan edi. HOQ 31 mart kuni O‘zbekiston terma jamoasini himoya qilgan Taymazovni Pekin olimpiadasi oltin medalidan mahrum etishini bildirgandi. Bunga sportchining doping-namunasida taqiqlangan turinabol moddasi topilgani asos bo‘lgani aytilgandi

"Albatta, men adolat qaror topishiga umid qilgandim, ammo bunday bo‘lmadi. Mening g‘alabam haqiqiy bo‘lgan edi, menga nisbatan qanday qaror qabul qilinishi, men haqimda qanday fikr bildirishlaridan qat'i nazar muxlislarim uchun men har doim uch karra olimpiya chempioni bo‘lib qolaman. Alam qiladigani shundaki, bularning barini umrida biror marta mashq qilmaganlar hal qilmoqda. Ular hatto Olimp cho‘qqisi sari boradigan sportchi qanday sinovlardan o‘tishini tasavvur ham qila olmaydi. Ularning sport bilan qilayotganlari noinsoflikdir", - deb qayd etgan Taymazov.

Artur Taymazov erkin kurash tarixidagi eng obro‘li sportchilardan biridir. Shimoliy Osetiyaning Nogir qishlog‘ida tavallud topgan sportchi 2004, 2008, 2012 yillardagi Olimpiada g‘olibi bo‘lgan. 2000 yili Sidneyda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarining kumush medalini qo‘lga kiritgan. Taymazov 2016 yili RF Davlat dumasi deputatligiga saylangan. 

Mavzuga oid