Fan-texnika | 19:15 / 05.12.2017
11615
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekoziqovqatholding» pilotsiz boshqariluvchi tizimlardan foydalana boshlaydi

Foto: ptero.ru

«O‘zbekoziqovqatholding» holding kompaniyasi qoshida MChJ shaklidagi, pilotsiz boshqariluvchi uchar qurilmalarni ishlatishga ixtisoslashtirilgan «Pilotsiz texnologiyalar» maxsus kompaniyasi ish boshlamoqda, deb xabar qilinmoqda kompaniya rasmiy saytida.

Kompaniya matbuot xizmatining yozishicha, o‘zbekistonlik bir guruh mutaxassislar Rossiyada «Ptero G1» pilotsiz boshqariluvchi aviatsion tizimlardan foydalanish bo‘yicha o‘quv kurslarini o‘tab qaytishgan.

O‘zbekistonga ilk «Ptero G1» pilotsiz boshqariluvchi aviatsion tizimi joriy yilning dekabr oyida yetkazilishi kutilmoqda. 

«Ptero G1» pilotsiz boshqariluvchi aviatsion tizimidan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilgan maydonlarini o‘lchash, ularning rivojlanishini monitoring qilishda foydalaniladi va bu rejaviy kartografik materiallarni o‘z vaqtida yangilab borish va o‘tkazilayotgan agrotexnik chora-tadbirlardagi nuqsonlarni o‘z vaqtida barataraf qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, «Pilotsiz texnologiyalar» MChJ faoliyati topografik ishlar, aerofotos'yomka ma'lumotlarini qayta ishlash, transport kommunikatsiyasi masalalarini yechish, suv xo‘jaligi, neftgaz sohasi, ekologiya va o‘rmonchilik xo‘jaliklari, qurilish, sanoat va energetika infratuzilmasi holatini monitoring qilish, shuningdek, pilotsiz texnika va geoaxborot tizimlaridan foydalanib, fazoviy ma'lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash texnikasini yaratishdan iborat bo‘ladi.

Mavzuga oid