Jahon | 06:59 / 08.12.2017
7364
2 daqiqa o‘qiladi

Argentinaning sobiq prezidenti davlatga xiyonatda ayblandi

Foto: EPA/SIMELA PANTZARTZI

Argentinaning sobiq prezidenti Kristina Fernandes de Kirshnerga terakt bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar o‘z ichiga davlatga xiyonatni ham oladi. Bu haqda sudya Kladio Bonadioning qarorida aytilgan.

Hujjatga ko‘ra, sudya sobiq prezidentni “davlatga xiyonat”, 1994 yilda Buenos-Ayresda yahudiylar madaniyat markazida sodir etilgan teraktning tergov qilinishiga qarshilik ko‘rsatish kabi jinoyatlar ishtirokchisi deb hisoblagan holda hibsga olishga ko‘rsatma bergan.

Shunday ayblovlar Argentina tashqi ishlar vaziri Ektor Timerman va yana bir necha sobiq amaldorlarga qo‘yilgan. Sudyaning fikricha, Kristina de Kirshner va uning boshchiligidagi hukumat a'zolari lavozimlarida ko‘zda tutilgan vakolatlarni suiste'mol qilib, davlatning va teraktda jabrlangan odamlarning manfaatlariga putur yetkazganlar.  

Kristina de Kirshner oktabrda senator etib saylangani va parlament daxlsizligiga ega bo‘lgani sababli, sudya parlamentning oliy palatasiga sobiq prezidentni daxlsizlikdan mahrum etish bo‘yicha so‘rov yuborishini aytgan. Sudyaning fikricha, sobiq prezident hukm chiqarilguncha ozodlikda qolishi kerak emas, chunki tergovga qarshilik ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, sudya sobiq prezidentning 50 mln pesolik (2,9 mln dollarlik) aktivlariga taqiq qo‘yishga qaror qilgan.  

Sobiq prezidentni daxlsizlikdan mahrum etish uchun bu qarorni 72 o‘rinli senatning uchdan ikki qismi qo‘llab-quvvatlashi kerak. Ayni vaqtda sobiq prezident va uning yaqin safdoshlariga yuqori palatada 8 o‘rin, amaldagi hukumat tarafdorlariga 24 o‘rin tegishli. Qolgan senatorlar boshqa muxolif partiyalar vakillari hisoblanadilar.

Mavzuga oid