Futbol bo‘yicha jahon chempionati chorakfinal bosqichida qolgan ikki o‘yinda ham jamoalar asosiy vaqtda masalani hal qila olishmadi. Overtaymlarda esa Angliya Norvegiyani (1:1, 2:1), Argentina Shveytsariyani (1:1, 3:1) mag‘lub etdi. Endi turnir hal qiluvchi bosqichga o‘tdi.

Stadionlar tashqarisida ham turnirga aloqador voqealar yetarlicha bo‘lmoqda: hujumchi Haminton Kampas ijtimoiy tarmoqlardagi heytlar tufayli Kolumbiyaga qaytishga qo‘rqmoqda, Tibo Kurtua esa Belgiya milliy jamoasidagi faoliyatida tanaffus qildi.

Argentinaliklar muxlislarini qiynashda davom etmoqda

Argentina – Shveytsariya 3:1
Gollar: Makallister, 10 (1:0). Ndoy, 67 (1:1). Alvares, 112 (2:1). L. Martines, 120+1 (3:1)
Argentina: E. Martines, L. Martines, Romero (Otamendi, 106), Talyafiko (Gonsales, 78), Molina (Montiel, 85), Paredes (Lopes, 110), Fernandes (Almada, 91), Makallister, de Paul (L. Martines, 85), Alvares, Messi
Shveytsariya: Kobel, Elvedi, Akanji, Rodriges (Eray Jyemert, 90), Zakariyo (Yashari, 96), Froyler (Vargas, 115), Jaka, Rider (Muhaym, 86), Ndoy (Vidmer, 86), Sou (Amduni, 86), Embolo
Ogohlantirishlar: Almada, 97. L. Martines, 98. Lopes, 114 – Embolo, 44
Chetlatish: Embolo, 72 (ikkinchi sariq)

Jahon chempionati startiga qadar Argentina va Shveytsariya o‘yini kim favorit bo‘lishi savol tug‘dirmasdi. Ammo amalda barchasi boshqacha bo‘lib chiqdi – «Albiseleste» pley-off bosqichini shu qadar asabiy o‘tkazmoqdaki, ushbu jamoa Murat Yakinning yaxshi shakllangan jamoaga qarshi qanday harakat qilishi borasida qandaydir prognoz berib bo‘lmasdi. Faqat navbatdagi drama ro‘y berishini taxmin qilish mumkin edi.

Kutilmalarga ters o‘laroq, Lotin Amerikasi vakillari o‘yinni xotirjam boshladi va 10-daqiqadayoq burchak zarbasidan keyin Aleksis Makallister hisobni ochdi. Unga ushbu turnirning asosiy qahramonlaridan biri Lionel Messi assistentlik qildi.

Argentina qariyb bir soat mobaynida hisobdagi ustunlikni saqlab turdi va ikkinchi golni urishga ham yaqinroq keldi. Ammo Lionel Skaloni bu safar ham muxlislarini oxirgi daqiqalarga qadar hayajonda o‘tirishga majbur qildi – ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida shveysariyaliklar muvozanatni tiklashdi. Himoyachi Dan Ndoy chap qanotdan jarima maydoniga bostirib kirdi va kuchli zarbasi bilan Emiliano Martinesni ojiz qoldirdi.