Jamiyat | 15:20 / 14.12.2017
26377
6 daqiqa o‘qiladi

Ajratilgan mablag‘lar qayerga yo‘qoldi? Yunusoboddagi aholi qish sovug‘ida qoldi

Toshkent shahri, Yunusobod tumani 13 mavzedagi 23-uyda yo‘lak derazalarining romlari o‘rnatilmagani bois aholi izg‘irin sovuqdan va isitish tizimining yaxshi ishlamasligidan aziyat chekmoqda. Bu haqida Kun.uz muxbiriga 23-uydagi xonadonlarning birida yashovchi Nargiza Qosimova ma'lum qildi.

Vaziyatni o‘rganish va aholining e'tirozini tinglash maqsadida Kun.uz fotomuxbiri turar-joyga tashrif buyurdi.

«Biz bu muammoni hal qilish uchun kimga murojaat qilish kerakligini so‘raganimizda, Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari «Hammasi joyida, shart emas, hal qilamiz», deb ko‘nglimizni puch yong‘oqqa to‘ldiradi. Yozda barcha uyga yangi akfa romlari o‘rnatildi. Faqat bizning uyga romlar o‘rnatilmadi. Hozir esa qahraton qishda romdan esayotgan sovuq shamol bizning salomatligimizga o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda», deydi nafaqaxo‘r Saida Rahimova. 

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nahotki, aholi shu vaqtgacha mahalla oqsoqoli yoki uy-joy kommunal xizmatlari vakiliga murojaat qilmagan? 

«Albatta, murojaat qildik. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisining aytishicha, qolgan romlarni o‘rnatishga bankda yetarli pul qolmagan emish. Lekin atrofimizdagi hamma uyga yangi romlar qo‘yilib, aynan bizning bino qolib ketgani juda ham g‘alati holat. Ochig‘ini aytsak, biz gapiraverib charchadik. Hozir nafaqaxo‘rmiz. Kommunal xizmatlari uchun to‘lovni har oy o‘z vaqtida topshiramiz. Lekin nima uchun uyimda sovuqdan muzlab o‘tiraman-u, issiqlik uchun kommunal to‘lovni to‘lashim kerak? Nahotki, bu adolatdan bo‘lsa?», deydi 23-uyning yana bir istiqomatchisi Vera Dovenko. 

Biz mazkur masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisining xonadoniga tashrif buyurdik. Yunusobod tumani 13-mavzening JEK raisi Hojiniso Tursunova bizning murojaatimizga quyidagicha javob berdi: 

«Shartnoma asosida uylarga 108ta rom ajratilgan. Shu romlardan 54tasi o‘rnatilgan, qolgani esa o‘rnatilmadi. Sababi, qurilish uchun biriktirilgan pudratchi G‘ulom ismli yigit yo‘qolib qoldi. Keyin esa kredit olingan bankka murojaat qildim. Bank ta'sischilariga pudratchini topib berishlarini so‘rab, iltimos qildim. So‘ngra Yunusobod tumani prokuroturasiga ariza yozdim. Hozir prokuratura pudratchini va uning ta'sischisini qidirmoqda. Umid qilamanki, tez orada bu muammo o‘z yechimini topadi». 

Aholi vakillarining ta'kidlashicha, Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari uylarning romlarini yangisiga almashtirish uchun bankdan katta miqdorda mablag‘ olgan. Biroq ko‘p qavatli turar-joylarning hammasiga romlar o‘rnatilmagan. Bu esa, o‘z navbatida, 23-uyda istiqomat qiluvchi kishilarning noroziligiga sabab bo‘lgan. 

«Mana ko‘rib turganingizdek, uyda romlar yo‘q, asfalt holati esa ayanchli ko‘rinishda. Isitish tizimlari esa umuman ishlamaydi. Yerto‘lamizga tushsangiz, qo‘rqib ketasiz. Barcha narsa qo‘l uchida, ko‘zbo‘yamachilikka qilinadi. Isitish tizimi yaxshi ishlamaganidan uyimiz sovib, nabiralarim kasal bo‘lib qolishdi. Har doim shu ahvol. Katta va'dalar beriladi, lekin amalda hech narsa yo‘q. Dom bo‘yicha, hattoki bitta ham santexnik yo‘q. Santexnikni o‘zimizni pulimizga chaqiramiz. Yerto‘laga usta chaqirsak, eshiklarini ochishdan bosh tortishadi. Lekin nima uchun? Qachongacha bu ahvol davom etadi. Biz 1971 yildan beri shu yerda yashasak, Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi hali ham otdan tushsa-da, egardan tushmaydi. Balki yoshlarga o‘rin bo‘shatib berish davri kelgandir?», deydi nabiralarining sog‘lig‘i haqida qayg‘urgan Umida Xo‘jayeva. 

«Bu masalani Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari hal qilmaganidan so‘ng, portalga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Shu vaqtga qadar, ikki marta portalga xat yozdim. Lekin hech qanday javob, natija yo‘q. Biz kommunal xizmatlar uchun nega to‘lovni amalga oshiramiz? Bizning to‘lovdan uyimiz uchun hech qanday xarajatlar qilinmaydi. Shuncha mablag‘ qayerga ketadi, hayronmiz. Bizning maqsadimiz - kimnidir yomon ko‘rsatish yoki mojaro boshlash emas, o‘z mahallamizni, uyimizni ko‘rkam qilish, ko‘chalardan yurganimizda bahri dilimiz ochilishini istaymiz», deydi Nargiza Qosimova. 

Ma'lum bo‘lishicha, avvallari maxsus tekshiruv komissiyasi mahalliy aholiga kreditlar nimaga sarflangani haqida bayonot berib kelgan. Biroq fuqarolar ayni damda hech qanday revizion kommissiya ham, yig‘ilish ham tashkil etilmaganini bildirishdi.

Biz tegishli idoralarning 23-uyda yashovchi aholining murojaatiga javob berishni va mavjud muammo o‘rganib chiqilib,  eng qisqa vaqt ichida hal etilishini so‘rab qolamiz.

Mavzuga oid