Jahon | 10:58 / 16.12.2017
3307
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada 2018 yilgi saylovlar tufayli yozgi vaqtga o‘tish keyinga qoldiriladi

Braziliya hukumati 2018 yilda yozgi vaqtga o‘tishni mamlakatda 2018 yil oktabrida o‘tadigan umumxalq saylovlari sababli keyinga qoldirishga qaror qildi. 15 dekabrda Globo telekanalining ma'lum qilishicha, mamlakat prezidenti Mishel Temer imzolagan tegishli qaror 18 dekabrda hukumatning Diario oficial rasmiy nashrida chop etiladi.

Braziliyada yozgi vaqtga o‘tish mamlakatning janubiy, janubi-sharqiy va shimoli-g‘arbiy shtatlarida amalga oshiriladi. Qolgan shtatlar soat strelkalarini yilning eng issiq fasli – yoz kelganda surmaydilar. Joriy yilda Braziliyaning 27 shtatidan 11 tasi 15 oktabrda yozgi vaqtga o‘tgandi. 2018 yilda ham soat strelkalari oktabrda surilishi kerak edi. Biroq Braziliyaning Oliy saylov sudi raisi Jilmar Mendes prezidentga yozgi vaqtga o‘tishni keyinroqqa qoldirish iltimosi bilan murojaat qilgan.

Bundan maqsad saylovlarda ovozlarni hisoblash va natijalarni e'lon qilishda ushlanishlar bo‘lmasligidan iborat. Mendesning tushuntirishicha, Braziliyada bir nechta vaqt poyasi mavjud bo‘lgani sababli g‘arbiy shtat Akrida yozgi vaqtda ovoz berish janubiy va janubiy-sharqiy shtatlarda ovoz berish byulletenlari hisoblanishi boshlanganidan keyin tugaydi. Temer bu dalillarga rozi bo‘lgan va 2018 yilda soat strelkalari 4 noyabrda bir soatga oldinga surilishi haqidagi farmonni imzolagan. 

Kishki vaqtga o‘tish avvalgidek qoladi. Braziliyada prezidentlikka, parlamentga va gubernatorlikka umumxalq saylovlari 2018 yil 7 oktabrda bo‘lib o‘tadi. Uning g‘oliblarini aniqlash uchun 28 oktabrda yana bir tur o‘tkaziladi.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid