Otdan tushsayam, egardan tushgisi kelmagan sobiq huquq posboni
B.M. joriy yilning mart oyi o‘rtalarida Chilonzor tumanida joylashgan “Olmazor” metro bekati yonidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida fuqaro N.X. bilan uchrashadi. Navbatdagi firibgarlikni rejalashtirgan «uddaburon» N.X.ni mansabdor tanishlariga ma'lum miqdorda "haq berish" evaziga ichki ishlar tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishga va'da qiladi va aldov yo‘li bilan N.X.ning 500 AQSh dollari va 200 ming so‘mini qo‘lga kiritadi, deb yozmoqda O‘zA.
Shu yilning aprel oyi o‘rtalarida esa firibgar xuddi shu umumiy ovqatlanish shoxobchasida fuqaro U.R. bilan uchrashadi. Unga ham ichki ishlar tizimiga ishga joylashtirib qo‘yishni va'da qilib, aldov yo‘li bilan U.R.ning 1 ming AQSh dollari va 300 ming so‘mini oladi.
Oradan vaqt o‘tadi. Na va'dadan, na ishdan darak bo‘ladi. Aldovlardan toqati toq bo‘lgan jabrlanuvchi N.X. voqea yuzasidan ichki ishlar idoralariga xabar beradi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Chilonzor tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida mazkur jinoiy ish ko‘rib chiqildi.
Sudlanuvchi muqaddam ichki ishlar idoralari tizimida ishlagan, hozir nafaqaga chiqqan shaxs bo‘lib chiqdi. B.M. muqaddam o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan bo‘lsa-da, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, yana qasddan firibgarlik jinoyatini sodir qilish yo‘liga o‘tgan.
Sudlanuvchi B.M.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan uzil-kesil 5 yilu 7 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mavzuga oid
12:41 / 10.11.2024
Toshkentda litsey o‘qituvchisi o‘quvchini do‘pposladi
15:30 / 22.10.2024
Toshkentda Lacetti ikki piyodani urib yubordi
21:29 / 27.09.2024
Chilonzorda “dom” qurmoqchi bo‘lgan firma mansabdorlari tergovga tortildi
16:18 / 25.09.2024