O‘zbekiston | 17:10 / 20.12.2017
23728
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston O‘zbekistonga elektr energiyasi eksport qiladimi? 

Foto: Asia-Plus

Tojikiston qo‘shni O‘zbekistonga elektr energiyasi eksporti uchun texnik imkoniyatlarga ega. Bu haqda Tojikiston parlamentining quyi palatasi deputatlariga mamlakat energetika va suv resurslari vaziri Usmonali Usmonzoda xabar berdi.

Deputatlar parlament quyi palatasining chorshanba kungi navbatdagi sessiyasida mamlakat Energetika vazirligi rahbaridan respublikaning Markaziy Osiyo mintaqasi yagona elektr energetika tizimiga qo‘shilishi bo‘yicha savol bilan murojaat qilishgan.

U.Usmonzodaning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir yil davomida o‘zbekistonlik energetiklar bilan ushbu masala bo‘yicha bir necha uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. «Tojikiston bugungi kunda qo‘shni davlatga kelasi yilning yozgi davrida elektr energiyasi eksportini yo‘lga qo‘yishga texnik jihatdan tayyor. Bu mamlakatning shimoliy mintaqasi bilan birlashish imkoniyatiga tegishli. Biroq butunlay tiklash hamda Markaziy Osiyo mintaqasi yagona elektr energetika tizimiga qo‘shilish uchun bir qator ishlarni amalga oshirish lozim, jumladan qo‘shni O‘zbekiston hududida ham. Gap shundaki, qator energetika obektlari ishga tushirilganidan so‘ng, Tojikiston energetika tizimi o‘zgardi», - deya aniqlik kiritgan vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi «G‘uzor» nimstansiyasini Tojikistondagi «Regar» nimstansiyasiga ulash uchun O‘zbekiston hududida 60 kilometrlik yuqori voltli elektr uzatish tarmog‘ini tiklash ham kerak.

Tojikistonlik energetiklarning avvalroq xabar berishicha, Tojikiston elektr energetika tarmoqlarining O‘zbekiston energetika tizimi bilan ulanish imkoniyati «Barki tochik» mutaxassislari tomonidan to‘la o‘rganilgan hamda Tojikiston O‘zbekiston hududidagi nimstansiyaga «Regar» nimstansiyasidan ulanishga butunlay tayyor.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid