Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fotoreportaj: Namunali, bir-biriga mehribon bolalar tarbiyalanadigan maktabga sayohat
20 dekabr kuni Ibn Sino jamoat fondi Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti hamda Dr. Mardon Group kompaniyasi bilan hamkorlikda Yashnabod tumanidagi 52-maxsus maktab-internati tarbiyalanuvchilari uchun katta xayriya aksiyasini tashkil etdi.
Tadbirda maktab o‘quvchilari imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, bir-biridan chiroyli va qiziqarli raqslar, tomoshalarni namoyish etishdi. Qizig‘i shundaki, mazkur bayram dasturiga maktabda tahsil olayotgan har bir o‘quvchi jalb etilib, o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rgan. KUN.UZ muxbiri ham aksiyada ishtirok etib, tadbirdan maxsus fotoreportaj tayyorladi.

Ta'kidlash joizki, jismonan va aqlan zaif bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan maktab-internati o‘zining tozaligi, tartibliligi bilan hech bir namunali ta'lim muassasasidan qolishmaydi. Bu yerda o‘qituvchilar har bir tarbiyalanuvchini bir zumga ham e'tiborsiz qoldirishmaydi. Bolalarning bari o‘qish jarayoniga jalb etiladi. Darslardan so‘ng, o‘quvchilar qo‘shimcha to‘garak va mashg‘ulotlarga qolishadi. Og‘ir xastalangan 11 nafar o‘quvchi esa o‘z uyida o‘qitiladi.
Maktabda 181 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ular, shuningdek, ko‘plab fan olimpiadalari, xalqaro tanlovlar g‘olibi hamdir. Shuningdek, turli ko‘rgazmalarda ham o‘z ijodiy ishlari bilan faol ishtirok etishadi. Bunday muvaffaqiyat va natijalar ortida esa qariyb yarim asrlik mehnat mashaqqati yashiringan. Imkoniyati cheklangan bolalarning hayotda o‘z o‘rnini topib ulg‘ayishida maktab direktori Ra'no Xamraliyevaning hissasi katta.
"Jismoniy yoki ruhiy nuqson bilan dunyoga kelgan farzandlarning 90 foizidan ortig‘i ota mehrisiz, e'tiborisiz qoladi. Chunki ular bunday vaziyatga chiday olishmaydi. Onalar esa bolasining nogiron tug‘ilganini ko‘rib, ko‘z yosh to‘kib, qiynalib yashaydi. Ularni atrofdagi odamlardan berkitib, odamlarning achinib qarashidan hadiksiraydi. Biroq nima uchun? Aksincha, ayol kishi farzandini qanday bo‘lsa, shundayligicha tan olishi kerak. Shundan so‘ng, ikkinchi qism - bolalarning boshqalar kabi erkin ulg‘ayishi uchun sharoit yaratishni o‘ylash lozim. Men bolalarni mehribonlik uylarida tarbiyalanishiga mutlaqo qarshiman. Har bir farzand o‘z ota-onasini, yaqinlarining yonida bo‘lishi kerak. Biz esa qolgan bo‘sh vaqtda ularga ta'lim berib, hunar o‘rgatishga tayyormiz", deydi 44 yildan beri shu maktabda mehnat qilib kelayotgan Ra'no opa.

Mazkur aksiya davomida maktab o‘quvchilari malakali shifokorlarning bepul tibbiy ko‘rigidan o‘tishmoqda. Shuningdek, ular uchun zamonaviy ikki qavatli (double-decker bus) avtobuslarda Toshkent bo‘ylab ajoyib sayohat tashkil etish rejalashtirilgan.
"52-maxsus maktab-internati bugun menda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda bolalar bizni juda iliq, samimiy kutib olishdi. Ta'lim muassasasining ozodaligi, bolalarning bir-biriga mehribonligini ko‘rib, to‘g‘risi hayratda qoldim. Bugungi tadbirda ishtirok etib, yuqori darajadagi pozitiv ruh, xotirjamlik va shukronalikni his qildim. Biz xayriya sifatida bolalarga yangi "Polivit Yunior" vitaminini taqdim etdik. O‘ylaymizki, bu bizning so‘nggi tashrifimiz bo‘lib qolmaydi. Bu yerga yana jamoamiz bilan kelib turishga qaror qildik", deya qayd etdi Dr. Mardon Group kompaniyasi vakili Gulnora Rasulova.
Tadbirdan so‘ng bolalarga yangi yil sovg‘alari ulashildi. So‘ngra, tashkilotchilar tomonidan maktab tarbiyalanuvchilariga bayram dasturxoni yozildi.








